YangiliklarMahalliyYangi O‘zbekiston: norma ijodkorligining raqamli transformatsiyasi

Yangi O‘zbekiston: norma ijodkorligining raqamli transformatsiyasi

So‘nggi yillarda, mamlakatimizda jamiyat hayotining har bir sohasiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimining jadal raqamli rivojlanishini ta’minlash, shu jumladan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” Strategiyasi qabul qilindi.

 Ushbu yo‘nalishda norma ijodkorligi sohasiga ham zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, mazkur faoliyatni amalga oshiruvchi vakolatli organlar va mansabdor shaxslar uchun bir muncha qulayliklar yaratilib, ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarning oldi olindi.

Bu boradagi munosabatlarning huquqiy asosi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan “norma ijodkorligiga jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish” norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Norma ijodkorligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan konseptual islohotlar mohiyatini quyidagicha ifodalash mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz). “Aholining interaktiv davlat hizmatlaridan foydalanish imkonoyatini yaratish uchun 2013-yil 1-iyulda Yagona davlat interaktiv hizmatlari portali (www.my.gov.uz) ishga tushirildi, 2015-yil 17-martdan esa O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz)  foydalanishga topshirildi. Mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimini alohida portal ko‘rinishida ishga tushirish edi, mazkur tizim 2015-yil
1-yanvardan ishga tushgan bo‘lib dastlab Yagona davlat interaktiv hizmatlari portalining alohida bo‘limida aholi e’tiboriga havola etildi.  O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-dekabrdagi 328-son qaroriga asosan ishlab chiqilgan bo‘lib, Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimining birinchi talqinidir”.

“Portalning maqsadi:

  • muammoni, uni tartibga solishning maqsadi va mavjud echimini tahlil qilish orqali normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan (vujudga kelgan) ijobiy va salbiy oqibatlarni aniqlash;
  • ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasida va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korruptsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, tadbirkorlik subektlari uchun ortiqcha ma’muriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan yoki joriy etishga sharoit yaratadigan qoidalarni aniqlash;
  • tadbirkorlik subektlarida asossiz xarajatlar paydo bo‘lishiga olib keluvchi qoidalarni aniqlash.

Portalda davlat organlari tomonidan ishlab chiqilgan tadbirkorlik faoliyatiga aloqador qonun hujjatlarining loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar joylashtirilib, ro‘yhatdan o‘tgan barcha foydalanuvchilar mazkur hujjalar borasida o‘z takliflarini berish imkoniyati yaratilgan. Keltirilgan takliflar qonun hujjati loyihasi va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni joylashtirgan davlat organ tomonidan o‘rganib chiqilib qabul qilinadi yoki asoslantirilgan rad javobi beriladi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son qarori bilan 2018-yil 1-maydan boshlab barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan “regulation.gov.uz” portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi belgilandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil
27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoniga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash loyihani ishlab chiqqan idora va tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)dan foydalangan holda amalga oshirilishi belgilandi.

Ayni vaqtda mazkur portalda “ochiq platforma” (open platform)ni ishga tushirilgan bo‘lib, mazkur platforma orqali “jamoatchilik, biznes hamjamiyati, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik, shu jumladan qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarini amalga oshirish doirasida qayta aloqa mexanizmlarini joriy etish va qonunchilik hujjatlarining huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sirini baholashda “kraudsorsing” imkoniyatlaridan foydalanish, shu jumladan onlayn so‘rovnomalar o‘tkazish amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Jamoatchilik normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)da joylashtirilgan loyihalarni cheklist to‘ldirish orqali korrupsiyaviy omillarni aniqlash nuqtai nazaridan baholashi mumkin”.

Mazkur portalga uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish vazifasi Adliya vazirligiga topshirilgan.

Ma’lumot uchun: Hozirgi vaqtga qadar, regulation.gov.uz orqali jami 736 ta Qonun, 302 ta Prezident Farmoni va 849 ta qarori,Hukumatning 3005 ta qarori, vazirlik, davlat qo‘mita va idoralarning 1908 ta buyruq va qarorlari, 5358 ta Hokim qarorlari muhokamadan o‘tkazilgan.

 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning Yagona elektron tizimi (project.gov.uz). “2019-yil 1-yanvardan boshlab Internet jahon axborot tarmog‘ida pilot loyihasi sifatida mazkur yagona elektron tizim sinov tariqasida ishga tushirildi. Yagona elektron tizimni uzluksiz ishlashini ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish (viza qo‘yish) jarayonining zaruriy shaffofligini ta’minlash hamda tezlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-apreldagi 284-son qarori qabul qilindi.

“Yagona elektron tizim orqali norma ijodkorligiga oid quyidagi vazifalarni amalga oshirish mumkin:

‒ normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ko‘rib chiqish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda kelishish (viza qo‘yish) uchun, shu jumladan ularning keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasini o‘tkazish uchun bir vaqtning o‘zida va tezkor jo‘natish imkoniyatini yaratish;

‒ amalga oshirilgan harakatlarni avtomat tarzda rasmiylashtirish, taqdim etish va qabul qilish sanalarini qayd etish orqali normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish va kelishish (viza qo‘yish) jarayonining shaffofligini ta’minlash;

‒ elektron raqamli imzoning haqiqiyligini, shu jumladan vizalarning haqiqiyligi va ularning dolzarbligini tasdiqlash;

‒ normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish va kelishish (viza qo‘yish) jarayonida amalga oshirilgan harakatlar, manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha takliflari va e’tirozlari to‘g‘risida axborotni to‘plash va saqlash;

‒ normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayoni hamda kelishish Yagona elektron tizim orqali amalga oshirilgan manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari to‘g‘risidagi axborotni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining yagona elektron bazasini yuritish, shuningdek, axborot-tahliliy va statistik ma’lumotlarni shakllantirishda yagona elektron bazadan foydalanish;

‒ normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish hamda manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishish (viza qo‘yish) jarayonini real vaqt rejimida boshqarish, monitoring va nazorat qilish;

‒ normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish hamda manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishish (viza qo‘yish) jarayonida vaqtni va mehnat resurslarini sezilarli tejash”.

Ayni vaqtda, manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqilgan va kelishilgan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining hujjatlari loyihalari kelishish (viza qo‘yish) hamda keyinchalik qabul qilish uchun Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga faqat Yagona elektron tizim orqali elektron ko‘rinishda kiritilmoqda.

Ma’lumot uchun: 2021-yil davomida 3901 ta normativ-huquqiy hujjatlar project.gov.uz orqali o‘tkazilgan.

 

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimi(e-qaror.gov.uz). Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan “fuqarolar va tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli qarorlar qabul qilish jarayonining shaffofligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 218-son qaroriga muvofiq, “E-qaror” tizimi ishga tushirildi.

2021-yil yanvar — may oylarida Qashqadaryo viloyatida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron — “E-qaror” tizimini aprobatsiya qilish yuzasidan huquqiy eksperiment o‘tkazildi.

Qashqadaryo viloyatida “E-qaror” elektron tizimini joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan eksperiment natijasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlarini qabul qilish (chiqarish) muddatlari qisqarganligi, ularni ishlab chiqishda inson omili va aralashuvi kamayganligi, shuningdek, qarorlar va farmoyishlar bilan aholi doimiy ravishda tanishish hamda hududiy adliya organlari ularni monitoring etib borish imkoniyati yaratilganligi aniqlandi.

2021-yil 1-iyuldan boshlab huquqiy eksperiment natijalari asosida “E-qaror” elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etildi.

Hududiy davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan:

‒ qarorlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonlari tizimi orqali to‘liq amalga oshirilishi bo‘yicha tezkor tashkiliy va texnik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda;

‒ qarorlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, maxsus raqamlash va avtomatik tarzda e’lon qilish jarayonida tizimdan majburiy foydalanish hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarga qat’iy rioya qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qarorlarni faqat tizim orqali qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish va avtomatik tarzda e’lon qilish jarayonining doimiy monitoringini olib borilib, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining tizimdan samarali foydalanishlarini ta’minlash, shuningdek, undan foydalanish masalasiga metodik rahbarlik qilinmoqda”.

Ma’lumot uchun: Hozirgi vaqtga qadar, jami 133 542 ta mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlari, shundan 76 883 ta hokim qarori, 25 350 ta kengash qarori  “E-qaror” elektron tizimi orqali o‘tkazilgan.

 

Fuqarolarning jamoaviy tashabbuslarini elektron taqdim qilish (“Mening fikrim” veb-portali). O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 -yil 22-yanvardagi PF–5308-son Qarori bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 34-bandida “Mening fikrim” maxsus veb-portali orqali O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat qilish tartibini joriy etish belgilandi. Mazkur veb-portal mamlakatimizda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining ochiqligi, qabul qilinayotgan qonunlarning hayotiy va samarali bo‘lishini ta’minlash maqsadida yaratildi.

Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish Konsepsiyasida “fuqarolarning jamoaviy tashabbuslarini elektron taqdim qilish («Mening fikrim» veb-portali) tizimini tashabbusni taqdim qilish uchun ovozlar sonini xorijiy mamlakatlar tajribasiga muvofiq qayta ko‘rib chiqqan, huquq normalarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga nisbatan fuqarolik tashabbuslarini davlat organlari tomonidan qabul qilish va ko‘rib chiqish tartib-taomillarini aniqlashtirgan va ularni ko‘rib chiqishga vakolatli organlar doirasini kengaytirgan holda yanada takomillashtirish”  ustvor vazifalardan biri etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 2-fevralda qabul qilingan 2310-III/KQ-503-III-sonli Qo‘shma qarori 30-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari va Vazirlar Mahkamasiga yo‘llangan murojaat kamida o‘n mingta qo‘llab-quvvatlovchi ovozni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari nomiga yo‘llangan murojaat kamida besh mingta qo‘llab-quvvatlovchi ovozni, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari nomiga yo‘llangan murojaat kamida mingta qo‘llab-quvvatlovchi ovozni to‘plashi kerakligi belgilandi”.

Ma’lumki, tadqiqot ishlari natijalari bo‘yicha talab etiladigan asosiy mezonlardan biri tadqiq natijasida aniqlangan tizimli muammolarni yechimiga qaratilgan, sohaga oid huquqni qo‘llash amaliyoti va tegishli qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishdir.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish hamda ushbu faoliyatni raqamlashtirish bo‘yicha takliflarni quyidagi yo‘nalishlar kesimida tahlil qilgan holda ifodalaymiz.

  1. Tadbirkorlik faoliyatiga oid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini “real-vaqt rejimidagi internet konfrensiyasi” orqali mutasaddi idoralar va tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida muhokamadan o‘tkazish tizimini joriy qilish.

Mazkur taklifning ishlab chiqilishi asosi sifatida qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi PF-5505-son Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish Konsepsiyasida fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, tadbirkorlik sub’ektlari va ilm-fan vakillarini jalb etish ishlarini samarali tashkil etish orqali norma ijodkorligi jarayoniga jamoatchilik muhokamalarining ta’sir darajasini oshirish belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining 2019-yil 26-martdagi
2419-III/KQ-523-III-sonli Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish”ning Yagona uslubiyoti
47-bandida “qonun loyihasini ishlab chiquvchi uni tayyorlashda tadbirkorlik sub’ektlarining takliflarini umulashtirishi va foydalanishi” ifodalangan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga oid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish bo‘yicha vakolatli idoralar doirasining cheklangan (masalan, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 09.04.2012-yilgi 83-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Uslubiy ko‘rsatmalarning 89-bandiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta’sir qiluvchi masalalarga oid loyihalar faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan majburiy tartibda kelishiladi). Vaholanki, qonunchilikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishi belgilangan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatiga oid qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan aynan tadbirkorlik sub’ektlari va investorlar uchun ularning taklif va tavsiyalarini o‘rganish bo‘yicha yagona tizim mavjud emas.

Qayd etilgan tahlillardan kelib chiqib, tadbirkorlik faoliyatiga oid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini  adliya organlari tomonidan tashkil etiladigan “real-vaqt rejimidagi internet konfrensiyasi” orqali mutasaddi idoralar va tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida muhokamadan o‘tkazish tizimini ishlab chiqish taklif etiladi.

Mazkur tizimining ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilishi natijasida quyidagi natijalarga erishiladi:

— norma ijodkorligi ustidan samarali jamoatchilik nazorati institutini ta’minlash maqsadida, “ommaviyli”, “oshkoralik”, “tortishuvchanlik”, “qonuniylik” tamoyillari asosida tadbirkorlik sub’ektlari va investorlarning muhokama konfrensiyasida ishtirok etishlari va o‘z fikr-mulohazalarini bildirishlari, normativ-huquqiy hujjatlarni “tor doira” manfaatlariga xizmat qilishini, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonini murakkablashtirishni, “tadbirkorlik sub’ektlari uchun asossiz xarajatlar, ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlarni joriy qilish” oldi-olinadi;

— tadbirkorlar huquqlari himoya qilish va qonuniy manfaatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, sohaga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha mukammmal tahlil tizimi yo‘lga qo‘yiladi, ya’ni loyihani kelishish bo‘yicha sub’ektlar doirasi kengaytiriladi, shu jumladan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlik huquqlari himoya qiluvchi boshqa davlat va nodavlat tashkilotlari” tomonidan loyihalar tahlili amalga oshiriladi;

— normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokamadan o‘tkazish va soha vakillarini soddalashtirilgan tartibda ishtirok etishlari mumkin bo‘lgan, tadbirkorlik sub’ektlarining fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olish yoxud rad etishga asoslangan “shaffof” tizim yaratiladi.

  1. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini internet
    va ijtimoiy tarmoqlarda tashkil etiladigan “l-discussion.uz” nomli onlayn-forumi orqali jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish tizimini joriy qilish.

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni 23-moddasiga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi manfaatdor davlat organlarining, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, o‘zga tashkilotlarning vakillari, olimlar, mutaxassislar va fuqarolar ishtirokida o‘tkaziladi.

Ma’lumki, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish bo‘yicha “regulation.gov.uz” muhokama portali ishlab chiqilgan bo‘lib,  mazkur portalga joylashtirilgan qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan jamoatchilik tomonidan taklif va fikr-mulohazalar bildirilishi mumkin.

Biroq mazkur muhokama portalining o‘ziga xos kamchiliklari mavjud, xususan portaldan ro‘yxatdan o‘tishning murakkabligi va jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarning inobatga olinganligi yoki rad etilishi asoslarining mavjud emasligi jamoatchilikning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasida faol ishtirok etishlari va fuqarolik pozitsiyalarini bildirishlarida to‘siq bo‘lmoqda.

Qayd etilganlardan kelib chiqib, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini adliya organlari nazorati ostidagi “l-discussion.uz” onlayn-forumi orqali jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi taklif etiladi.

Mazkur onlayn-forum quyidagilarga asosan ishlab chiqiladi:

— fuqarolar, bloger va OAV vakillari, mutaxassislar, davlat va nodavlat idoralari vakillarining soddalashtirilgan shakllarga o‘zlari haqidagi asosiy ma’lumotlarni qisqa vaqt ichida kiritish orqali “bir martalik” ro‘yxatdan o‘tish tizimi asosida forumda ishtirok etishadi;

 — onlayn-forumda ommabop va maxsus takliflarni bildirish bo‘yicha mo‘ljalangan hamda fuqarolar, bloger va OAV vakillari, olim va mutaxassislar, davlat va nodavlat idoralari vakillari  alohida ishtirok etishlari uchun “profillashgan bo‘lim”lar mavjud bo‘ladi;

—  onlayn-forum adliya organlari tomonidan muntazam nazorat qilinib, forumdan o‘tmagan va fikr-mulohazalar hamda takliflar ochiq qolgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaydi;

— onlayn-forum normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha bildirilgan har bir taklif va fikr-mulohazalar yuzasidan loyiha ishlab chiquvchisining rasmiy munosabati joylashtiriladigan shaffof tizimga asoslanadi;

—  onlayn-forumda muhokama etilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi yuzasidan bildirilgan takliflar va ularga nisbatan loyiha muallifining munosabati muhokama yakuniga qadar oshkora ravishda e’lon qilib boriladi va muhokama yakunida tegishli hujjat rasmiylashtirilib loyihaga ilova qilingan holda adliya organlariga taqdim etiladi.

Onlayn-forumning joriy etilishi orqali quyidagi natijalarga erishiladi:

— normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jamoatchilikning noroziliklari oldi olinadi;

— normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining onlayn-forum orqali jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilishi ntijasida, ularning xalqchilligi, adolatliligi, qonuniyligi, oshkoraligi ta’minlanib, loyihalardagi jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlariga putur yetkazuvchi qoidalar bartaraf etiladi;

— sifatli va istiqbolli hamda xalq manfaatlarini o‘zida ifodalovchi qonun hujjatlari yaratilishi ta’minlanadi.

  1. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishni rejalashtirishda AKTdan foydalanish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi
PF-5997-son Farmoniga 2-ilova bilan tasdiqlangan Yo‘l xaritaning
4-bandida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda faoliyatning innovatsion usullarini norma ijodkorligi jarayoniga joriy etish orqali normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini yanada takomillashtirish belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish bo‘yicha dasturlarini tayyorlash va qabul qilish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2011-yil 5- avgustdagi 227-son qarorining 2-bandi g) kichik bandiga va 4-bandiga muvofiq, qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining takliflari asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihalarini ishlab chiqish va manfaatdor idoralararo kelishishning yagona tizimi mavjud emas.

 Shuni hisobga olgan holda, “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida “Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasi” bo‘limi tashkil etilishi maqsadga muvofiq.

Mazkur bo‘limga qonun “loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasida, qonunlar loyihalari quyidagi guruhlar bo‘yicha joylashtiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarida nazarda tutilgan qonunlar loyihalari;

mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olingan holda manfaatdor tashkilotlarning tashabbuslari va takliflari asosida ishlab chiqilgan qonunlar loyihalari”.

Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarining loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan” project.gov.uz orqali manfaatdor va boshqa tashkilotlar bilan oldindan kelishiladi.

Kelishilgan qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarining loyihalari bo‘yicha boshqa tartib-taomillar Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-avgustdagi 227-son qarori asosida amalga oshiriladi.

  1. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiquvchi yagona avtomatik dasturni yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi
PF-5997-son Farmoni bilan tasdiqlangan Yo‘l xaritaning 4-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida, yuridik texnika qoidalariga asosan ishlab chiqilgan yagona qoliplar (shablonlar) asosida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiquvchi dasturni yaratish orqali “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning Yagona elektron tizimini” yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq.

Mazkur Dastur Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning Yagona elektron tizimi bazasiga joylashtirilib, norma ijodkorligi sub’ektlari uchun ushbu Dastur quyidagi qulayliklarni yaratadi:

– loyihani ishlab chiqish bilan bog‘liq texnik ish hajmining qisqaradi va sarflanadigan vaqtning tejaladi;

–  loyihaning huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda vaqtning qisqaradi;

–  qog‘oz va boshqa hujjatlarning qisqaradi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, norma ijodkorligi faoliyatining raqamli transformatsiyasi o‘z navbatida ushbu faoliyatni amalga oshiruvchi davlat idoralari va mansabdor shaxslarga, shuningdek jamoatchilik vakillariga qulaylik yaratib, jarayonni ixchamlashtirish bilan birga, sohadagi ish hajmini bir muncha qisqarishiga xizmat qiladi.

Azizjon Xujanazarov,

Toshkent davlat yuridik universiteti

katta o‘qituvchisi, yu.f.f.d (PhD).

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img