Abdulhakim Salohiddinov: “Suv dunyoda muqobili bo‘lmagan yagona resurs”

0

O‘zbekiston suv tanqisligi bo‘yicha dunyodagi 164 mamlakat ro‘yxatida 25-o‘rinni egallamoqda. Mazkur statistik ma’lumotni  joriy yilda Jahon resurslari instituti (WRI) ma’lum qilgan edi. WRI tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekiston suv tanqisligi yuqori bo‘lgan 27 mamlakat ro‘yxatida. Ular orasida Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Armaniston, Turkiya, Italiya va boshqa davlatlar bor. Mamlakatimiz esa reytingning 8-qatoridan joy olgan. Bugungi kunda respublikadagi mavjud muammoning yechimi nimada ko‘rinadi? Toshkent   irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalashgan muhandislar institutining  xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Abdulhakim Salohiddinov bilan shu haqda suhbatlashdik.

— Germaniya hamkorlik tashkilotining tashabbusi bilan Yevropa davlatlarining suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha ilg‘or tajribalarini o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha Germaniya safarida bo‘lib qaytibsiz.  O‘zbekiston uchun ushbu muammo qay darajada dolzarb va uni hal etish bo‘yicha bugun nima ishlar amalga oshirilmoqda?

— Bugungi kunda O‘zbekistonda suv xo‘jaligini rivojlantirishda katta islohotlar amalga oshirilayapti. Xalqaro hamjamiyatda suvni boshqarish bo‘yicha amaliy tajribani o‘rganish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan qator dasturlarni amalga oshirmoqda. Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) respublikamizda Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” Dasturini amalga oshirib  kelmoqda. Ushbu dastur Yevropa Ittifoqi (YeI) va O‘zbekiston o‘rtasidagi 2014-2020 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda.  Ushbu loyihaning 3 ta komponenti bor. Birinchisi GIZ tomonidan amalga oshirilib, suv xo‘jaligini va resurslarini mukammal boshqarishning milliy doiraviy konsepsiyasini yaratishga qaratilgan. Shu bilan birga ushbu komponent doirasida umumiy qiymati 7 million yevroga teng suv va energiya resurslarini tejovchi asbob-uskunalar va zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridi ham ko‘zda tutilgan. Bizning Germaniyaga tashrifimiz birinchi komponent doirasida amalga oshdi.  Institutimizning 5 nafar va Prezident akademiyasidan 2 nafar mutaxassis Kobless universitetida tashkil etilgan seminarda qatnashdik. Reyn daryosi suv resurslarini boshqarish havzaviy tashkiloti mutaxassislari ishtirokida treningda aynan suv muammolari, ularni havzaviy boshqarish bo‘yicha masalalar muhokama qilinib, tajriba almashildi.

— Qishloq xo‘jaligida bugun 90  foiz suvdan foydalaniladi. Aynan uning sarfini kamaytirish borasida o‘rganilgan Yevropa tajribasining qaysi jihatlarini mamlakatimizda qo‘llasa bo‘ladi?

— Suv dunyoda muqobili bo‘lmagan yagona resursdir. Boshqa deyarli hamma narsa, ya’ni gaz, elektr manbalari, yoqilg‘i va boshqalarning muqobili mavjud. Ular tugasa, o‘rniga muqobilidan foydalanish mumkin. Suv bu umumfoydalanuvchi resurs. Millionlab iste’molchilar bir vaqtning o‘zida suvdan turli maqsadlarda, ya’ni ichimlik suvi, elektr ishlab chiqarish, sug‘orish, sanoatda, iqtisodiyotda, sog‘lomlashtirish manbai, ekologik muhitni asrovchi manba sifatida foydalanishadi. Har bir suvdan foydalanuvchi unga o‘zining ehtiyoji nuqtai nazaridan yondashadi. Suv resurslaridan alohida foydalanuvchi yoki havzaviy boshqarish sifatida qarash mumkin. Aynan suvga havza jihatidan qarash juda muhimdir. Barcha suv iste’molchilarning fikrlarini inobatga olib, qarorni birgalikda qabul qilish lozim. Bu keyinchalik undan foydalanishga har bir iste’molchi tomonidan unga ehtiyotkorona yondashuvni keltirib chiqaradi. Germaniyada Reyn daryosini boshqarish bo‘yicha havzaviy tashkiloti 1950 yilda Germaniya, Fransiya, Lyuksemburg, Niderlandiya va Shveysariya tomonidan hamkorlikda tuzilgan va bizdan ancha ilgarilab ketilgan. Havzaviy manfaat tushunchasi mavjud bo‘lib, u barqarorlikni saqlashga xizmat qiladi. Bu narsa bizda ham bor. Ammo bizda suv resurslarning cheklanganligini, suvga nisbatan talabning yuqoriligi inobatga olinsa uni boshqarish yanada murakkablashadi.

Yevropada suvning tozaligini, daryolarning ekologik holatini yaxshilash borasidagi ishlar birinchi o‘rinda turadi. 1950 yillarda Reyn daryosi Yevropaning eng ifloslangan daryolar ro‘yxatidan joy olgan edi. Keyinchalik havzaviy boshqaruv talablari amalga kirgach, u eng toza daryolardan biriga aylandi. Bizning sharoitimizda  suvga bo‘lgan talablarimizni qondirishda 3 ta yo‘l bor. Birinchisi — suvdan foydalanishni takomillashtirish. Ikkinchisi — ichki suv resurslarni topish va  uchinchisi —suv resurslarini boshqarishni yaxshilash.

Qishloq xo‘jaligida suvning sarfi yuqoriligini inobatga oladigan bo‘lsak, suv tejovchi texnologiyalarning bir qancha turlari qo‘llanilayotir. Bular egatga plyonka to‘shab sug‘orish, o‘qariqlar o‘rniga egiluvchan plyonkali quvurlardan foydalanish, tuproq ostidan sug‘orish texnologiyasini qo‘llash, dalaga suv berish miqdori 25–30 foizgacha kamayadi, egat olinmaydi. Yomg‘irlatib sug‘orish (bunda asosan bir yillik ekinlar sug‘oriladi) va tomchilatib sug‘orish.

Ushbu suv tejovchi texnologiyalar ichida tomchilatib sug‘orish alohida ahamiyatga ega. Hattoki Prezidentimizning qaroriga asosan mazkur texnologiyalarni qo‘llagan fermerlarga har bir gektarga 8 million so‘m subsidiyalar ham berilmoqda. Ammo suvdan foydalanish bizda yuqori darajada emas. Yana bir masala suvni ifloslantirmay, tabiiy sifatini saqlash. Oqava suvlardan foydalanish. Masalan, sanoatda sovutishda, hayotda xo‘jalik maqsadlarda ikkilamchi suvdan foydalanishni ko‘paytirish, kanallardan oquvchi suvlarning yo‘qotilishini kamaytirish lozim. Asosiy muammomiz ko‘p suv yo‘qotamiz. Suv odamlar tomonidan salqinlanish uchun, tomorqasini sug‘orishga sarflanadi, lotokning singan joyidan oqib yotadi va hokazo.

— Shularni bartaraf etishga, havzaviy boshqarishni takomillashtirishga nima xalaqit berayapti?

— Albatta, hech narsa.  Suv muammosi aholi sonining o‘sishi bilan bog‘liq. Agarda mustaqillikni endi qo‘lga kiritgan yillarda O‘zbekiston aholisi 20 million nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozir 34 milliondan oshdi. Suv iste’moliga bo‘lgan talab o‘sdi, ammo resurs ko‘paymadi. Eng yomoni hanuz xalqimizda suv ko‘p, u tugamaydi, degan tushuncha mavjud. Ammo bunday emas. Aholiga buni tushuntirish lozim. Ajdodlarimiz qadimdan suvni muqaddas sanashgan. Ammo bugungi kunda suvga qadriyat sifatida qarash deyarli yo‘qoldi. Buni zudlik bilan tiklash lozim.  O‘sha paytdagi boshqaruv texnologiyalari hozirgi kunda samara bermayapti. Hozir suv iste’molini har bir bo‘g‘inida tejash zarur. Sanoatda suvni o‘rniga foydalanish mumkin bo‘lgan suyuqliklardan foydalanish, qishloq xo‘jaligida tejovchi texnologiyalarni to‘liq joriy etish, maishiy hayotda ikkilamchi suvdan keng foylalanish davr talabidir.

Muammoning yana bir tomoni suvni havzaviy boshqarishga munosabatni o‘zgartirish, jamoatchilik ishtirokini yo‘lga qo‘yish lozim. Mavjud vaziyatdan chiqishda jamoatchilik xabardorligini oshirish lozim. Bizda ilmiy darajada suv balansini rejalashtirish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Barcha suv iste’molchilari nafaqat iste’mol qilish, balki boshqaruvda ham ishtirok etishi muhim.  Hozirda suv iste’molchilari uyushmalari tuzilgan. Ammo unda oddiy aholining ishtiroki kam. Demak, barchani suvni boshqarishdagi ishtirokini bosqichma-bosqich ta’minlash zarur.

Transchegaraviy daryolarni boshqarish qanday amalga oshiriladi?

— 200 dan ortiq davlat transchegaraviy daryolardan foydalanadi. Birgina Reyn daryosini boshqarishda 19 ta davlat qatnashadi. Yiliga bir marta suv xo‘jaligi vazirlar ishtirokida Kengash o‘tkazilib, taraflar eshitiladi. Yevropada Suv direktivasi qabul qilinib, unga barcha mamlakatlar a’zo. Bu boshqaruv jarayonlarini yengillashtiradi. Markaziy Osiyoning suv tanqisligi sharoitida xalqaro suv qonunchiligiga asosan suvni boshqarish lozim.

Masalan, O‘zbekiston BMTning transchegaraviy suv resurslari konvensiyasiga qo‘shilgan. Ammo suvning boshida turgan qo‘shni davlatlar qo‘shilmagan. Hozirda Amudaryo va Sirdaryo suv havzalarini boshqarish bo‘yicha konsepsiya loyihasi ishlab chiqildi. Mamlakatimizning rahbari sa’y-harakati bilan shu kungacha dolzarb bo‘lgan suv muammosi biroz yumshadi. Hozirda asosiy vazifa qo‘shni davlatlar bilan suvdan foydalanish bo‘yicha shartnomalarni imzolash zarur. Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi (DSXMK)   faoliyat olib bormoqda. Uning asosiy vazifasi Amu va Sirdaryolarni samarali boshqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Keyingi yillarda yuqori davlatlar suv inshootlarini qurish natijasida quyi davlatlarda suv yetishmovchiligi muammolari yuzaga keldi. Ammo hozirda DSXMK mavjud masalalarni iloji boricha ijobiy hal qilib kelmoqda.  Chunki suv bo‘yicha muammolar hamkorlikda yechilmas ekan, Markaziy Osiyoda barqarorlik bo‘lmaydi.

Jurnalist Nargis QOSIMOVA  suhbatlashdi.