TahlilBizga nima bo‘lyapti, odamlar?

Bizga nima bo‘lyapti, odamlar?

QADIMDAN el-yurtning qandayligiga uning bozoriga-yu, mozoriga qarab baho bergan ajdodlarimiz. Biz — jurnalistlar ham qayerga bormaylik, yozishga mavzu topiladi. Uzoqqa bormaylik, poytaxtimizning odamlar gavjum ko‘chalari qiyofasini bir ko‘z oldimizga keltiraylik. Inson sifatida ko‘chalarimizdagi ozodalikdan ko‘nglimiz to‘ladimi?..

Dunyoda insondan oqil, insondan beshafqati bo‘lmasa kerak. Kimligimiz, oilada, hayotda qanday tarbiya ko‘rganimiz tabiatga, yon-atrofga munosabatimizdan ko‘rinadi. Oqil odam bolasining qadami yetgan joy borki, obod. Bir qarich yer bo‘lsa ham, erta bahordan gul ekadi, nihol ekadi. Chekka qishloqning chekka bir hududidagi darvozasi yo‘q, pastqamgina hovlichadan ham gulu rayhon isi keladi.

Poytaxtda obodonlashtirish bo‘limi xodimi bo‘lib ishlaydigan bir hamqishlog‘im shahar haqida gapirarkan, hayratini yashirmaydi:

— Shaharning odamlari qiziq-da, ayrimlar kun tikkaga kelganda o‘rnidan qo‘zg‘aladi. Ertalabdan ko‘p do‘konlar yopiq. Odamlar yarim kechasigacha ko‘chada. Mayli, har kimning o‘z hayoti o‘ziga. Meni o‘ylantiradigani odamlarning erinchoqligi, kechirasiz-ku, farosatsizligi! Esi joyida odam pista chaqib, po‘chog‘ini ko‘chaga otadimi?! Yaxshiyamki, yozning kunida hamma salqin suv ichadigan idishlar oldingiday shishadan emas, bo‘lmasa ko‘chalar shisha zavodi bo‘p ketardi.

Hamqishlog‘im ko‘p gapirmaydi. Kunning issig‘ida bugun peshona teri bilan tozalagan ko‘chalari, ertasi kuni ishga kelsa, yana o‘sha hol chiqindi to‘la “dasturxon” bo‘lib tursa, nima qilsin?! Ishmi, ishim deb qishning sovug‘ida ham qor kurab, ko‘cha supurib qo‘li qabargan bu ayol gapirsa, bolasiga tarbiya bergan onaday kuyunib gapiradi. Biz ularning mehnatini qadrlamaslikni qachon o‘rgandik?!

Bekatda avtobus kutamiz. Ko‘cha supurayotgan ayolning borligini ham sezmay, xotirjam pista chaqadi kimdir. Qaynoq yozning kelishi-ku, ozodalik tarafdorlari uchun ishning qaynagani! Nariroqda “KFS”ning bir martalik idishlari, qog‘oz qutilari ko‘chada sochilib yotibdi. Onamiz tengi ayolning yetti bukilib ko‘cha tozalashi ham biz — diydasi qattiqlarga odatiy hol bo‘lib qolgan.

Shahardagi devor darmiyon qo‘shnimiz ko‘cha bo‘yidagi toshloqqina bir parcha yerga erta bahorda gul-rayhon ekkandi. Ko‘klamning yomg‘irli kunlarida yashnab qoldi shu bir parcha yer gulzorga aylanib. Birovning mehnatiga birov achinadigan paytmi hozir, narigi qo‘shnimiz bo‘ynidan ip tortilgan itini sayrga olib chiqib, gulzorni payhon qiladi… Toshloqqina bir parcha gulzorga har kuni ikki chelak suv sepishga erinmaydi ko‘ngli keng qo‘shnimiz. O‘zi ko‘nglida gul-nihol ekish zavqi bor odamlar boshqacha, boladay beg‘ubor bo‘lishadi. Ha mayli, tilsiz jonivorda nima ayb, egasini esi bo‘lmasa, deydi yuragini keng qilib. Quyoshli kunlarda gulzoriga ikki chelak suv sepib turishdan esa, sira erinmaydi. Bunga, albatta, vaqt topadi.

Odamning yuragida o‘ti bo‘lmasa, o‘zida xohish bo‘lmasa, qancha gapirmang, bilganidan qolmaydi. Bu qaysarlikdan emas, beparvolikdan, dangasalikdan, loqaydlikdan!

Poytaxtimizda shunday chiroyli hovli-joylar borki, savlatini ko‘rib, havasingiz keladi. Uyni chirog‘ini yoqib o‘tiradigan bir odami yo‘q shunday hovlilar borki, ko‘chasiga qor-yomg‘irdan boshqa suv tegmaydi, hovlisi xali supurgi ko‘rmagan… Ko‘p qavatli uyda yashab ham, yuragida zavqi so‘nmaganlar esa, bir parchagina yer bo‘lsayam anjirmi, anormi eksam, atirgullarimning atri derazamdan uyimgacha kirsa, deydi. Basavlat beton uylarning yuziga tabassumday chiroyli bo‘lib yarashib turgan tabiiy guldastalar o‘tgan-ketganning havasini keltiradi.

Yuqoridagi kabi manzaralarga har kuni guvohmiz. Lekin beparvomiz, beparvo! Shunday beparvoliklarni ko‘rganda bo‘g‘zimni kuydirib, olovday lovullab bir so‘z keladi. Ustoz Abdulla Orifning otashin so‘zlari: “Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon?!”.

Xulosa o‘rnida nima ham derdik. Xalqimizning mehmondo‘stligi haqida ko‘p gapiramiz, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarga boqib o‘ylab qolaman… maqtanadigan nimamiz qoldi o‘zi?! “Qizil kitob”ga kirgan tilsiz hayvonga tajovuz qilayotgan, gektar-gektar ekinzor ustiga tap tortmay tuproq tortayotgan, xalq dardini aytganni yoqasidan olgan amaldoru Navoiydek dahoning qarshisida bilimsizligidan zarracha uyalmay, mag‘rur turib, uning yuziga tupurayotgan “manqurt” (boshqacha so‘z kamlik qiladi bundaylarga baho berishga!), qo‘lida zamonaviy telefon tutib, ko‘chada ko‘rganini ommaga aytayotgan, telegramchi, feysbukchi, “tik-tok”chi bo‘lib qolgan ham o‘zimiz, o‘zimiz!

O‘zbekning bolasi

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img