YangiliklarHuquqChavandozlar maktablari tashkil qilindi

Chavandozlar maktablari tashkil qilindi

“Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5212-son, 05.08.2021 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ot sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari (Chavandozlar maktablari) va ularning tuman (shahar) seksiyalari tashkil qilindi.

Chavandozlar maktablari Milliy gvardiya tizimiga kiradi hamda maktabdan tashqari sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Mazkur maktablar ot sporti (uchkurash, to‘siqlardan sakrash va ot yo‘rttirish), zamonaviy beshkurash, polo hamda uloq-ko‘pkariga ixtisoslashtiriladi.

Ular o‘z faoliyatini 2022 yil 1 martdan boshlaydi, shuningdek, razryadli va unvonli sportchilar tayyorlash tizimi joriy etiladi.

Chavandozlar maktablarining tuman (shahar) seksiyalari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilinadi.

Buning uchun xususiy sherikka (investorga):

    • milliy valyutada ajratilgan kreditlarning 10 milliard so‘mdan oshmagan qismi bo‘yicha kredit foizi stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi;
    • xorijiy valyutadagi kreditlarning 10 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismi 3 yil mobaynida kompensatsiya qilinadi.

Chavandozlar maktablari direktori Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan lavozimga tayinlanadi.

2022 yil 1 martdan Chavandozlar maktablari faoliyati samaradorligi bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinadi hamda uning natijalariga qarab xodimlar har yili BHMning 10 baravarigacha (2 mln 450 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

2022 yildan boshlab har yili “Eng yaxshi chavandoz”, “Eng yaxshi trener” tanlovlari tashkil etilib, g‘oliblar BHMning 10 baravaridan 30 baravarigacha (2 mln 450 ming so‘mdan 7 mln 350 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Qaror bilan shuningdek, Chavandozlar maktablarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Ippoterapiya markazlari tashkil qilinadi.

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img