YangiliklarMahalliyDavlat tili toʻgʻrisidagi qonun: xorijda qanday?

Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun: xorijda qanday?

Dunyo xalqlari va millatlarining madaniy oʻzagi va asosiy muloqot manbai bu ularning milliy tili hisoblanadi. Shunday ekan har bir tilning saqlanishi hamda yosh avlodga yetkazilishi, xalq taraqqiyoti va uning kelajagini belgilaydi. Birgina til koʻplab xalqlarni oʻzaro birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat, anʼana va madaniyatlarini saqlaydi, uni avloddan avlodga o‘tishini taʼminlaydi.

1989-yil 21-oktyabrda  “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Bu Qonun xalqimizning mustaqillik uchun qoʻyilgan dastlabki qadami boʻldi. Ushbu Qonunning 1-moddasi va Bosh Qomusimizning 4-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tili” ekanligi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlanishi ham belgilab qoʻyilgan.

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim siljishlardan biri boʻlib, ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Shuningdek, davlat oʻzbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini taʼminlabgina qolmay, Oʻzbekiston hududida istiqomat qiluvchi va mamlakatimizga xorijdan kirib kelayotgan barcha millat va elatlarning tillarini hurmat qilinishini taʼminladi.

2020-yil 10-aprelda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinishi quvonarli hol boʻldi. Ushbu qonun bilan har yili 21-oktyabr “Oʻzbek tili bayrami kuni” etib nishonlash belgilandi. Endilikda har yili 21-oktyabr butun mamlakatimiz boʻylab katta bayram sifatida nishonlanadi. Bu esa ona tilimizni qay darajada ardoqlashimizni va hurmat qilishimizni bildiradi.

Til shaxs va jamiyat salohiyati hamda madaniyati saviyasining oʻziga xos belgisidir. Bundan 30 yil muqaddam oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi chindan ham ulugʻ va tarixiy voqea boʻlgan edi. Maʼrifatparvar adib Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak – millatning ruhini yoʻqotmakdur” degan hikmatli soʻzlari yurtning istiqboli tilda ekanligini chiroyli isbotlaydi. Darhaqiqat, tilidan ayrilgan xalqning maʼnaviy Vatani boʻlmasligi muqarrar. Millatning yuzi, yurtning istiqboli tilda, unga boʻlgan hurmatida oʻz aksini topadi. Toʻgʻri, oʻzbek tili qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. Ona tilimiz chindan ham rasmiy til boʻldi, jonli jarayon sifatida qaddini tiklay olishi uchun, rivojlanishi uchun hukumatimiz tomonidan qator chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lugʻat boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning oʻzbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qoʻllanishini taʼminlash dolzarb vazifa boʻlib turibdi. Yana bir muhim vazifa fundamental tadqiqotlar, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilini toʻlaqonli qoʻllash bilan bogʻliq” deb taʼkidlab oʻtgan edi.

2020-yil aprel oyida Adliya vazirligi tomonidan davlat tilida ish yuritishni toʻla taʼminlash maqsadida mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligidan barcha xabardor. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 42-moddasi “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy maosh miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi” jumlasi bilan toʻldirildi.

Davlat tiliga boʻlgan e’tibor va uning ahamiyatlilik darajasini xorijiy davlatlar qonunchiligi misolida quyidagi tartibda kuzatish mumkin:

ROSSIYA

“Davlat tili toʻgʻrisida”gi Rossiya Federal qonuniga koʻra, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot davlat tili (rus tili)da ish yuritishi, tashkilotni nomlashda ham davlat tilidan foydalanishi belgilangan. Rossiyada 190 dan ortiq millat va elatlar yashaydi. Qonunni buzish tegishli javobgarlikka sabab boʻladi.

 GERMANIYA

“Maʼmuriy amaliyotlar toʻgʻrisida“gi qonunga koʻra, maʼmuriy amaliyotlar uchun rasmiy til sifatida nemis tili belgilangan. Agar masʼul idoraga nemis tilidan boshqa tilda murojaat qilinsa, organ darhol uning nemis tiliga tarjimasini talab qilishi kerak. Nemis tilidan boshqa tilda murojaatlar koʻrib chiqilmaydi.

 

IRLANDIYA

Davlat tili sifatida irland va ingliz tili qabul qilingan. Davlat organlarida davlat tillari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinayotganini tekshirish boʻyicha alohida organ mavjud. Agar davlat organi ushbu tashkilotga hujjatlarni taqdim qilmasa, ular bilan hamkorlik qilmasa, ushbu organ mansabdor shaxsi uchun 2000 yevrogacha jarima yoki 6 oy qamoq jazosi belgilangan. Bu tekshiruvlar natijasida til toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgani aniqlansa, davlat organi mansabdor shaxsi javobgarlikka tortilishi mumkin.

 FRANSIYA

Konstitutsiyada faqat fransuz tili davlat tili deb belgilangan. Tubon qonuniga koʻra, davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib boriladi, terminlarning fransuzcha muqobili turganda, inglizchasi yoki boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanadi. Fransiya aholisining 51 foizi fransuz tilidan boshqa tilda gaplashadi. Qonun talablariga rioya qilmaganlik jismoniy shaxsga 700 yevro, yuridik shaxsga 3750 yevro jarima solinishiga sabab boʻladi, boshqa tilda peshlavhasi yoki yorligʻi yozilgan mulk musodara qilinishi ham mumkin.

 GRUZIYA

“Davlat tili toʻgʻrisida“gi qonunga koʻra, davlat korxona va tashkilotlarida faqat gruzin tilida ish yuritiladi, zarurat tugʻilsa, hujjatlar boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin, ammo bu tarjimalar rasmiy hujjat hisoblanmaydi.

 OZARBAYJON

Konstitutsiyaga koʻra, davlat tili ozarbayjon tili hisoblanadi. “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, tashkilotlarda ish yuritish davlat tilida olib boriladi. Qonun talabiga rioya qilmaslik tegishli javobgarlikka sabab boʻladi.

TURKIYA

Barcha yozishmalar, yozuv va hisob-kitoblar hech qanday istisnolarsiz turk tilida olib borilishi talab etiladi. Ushbu talabga rioya qilmaganlik maʼmuriy jarimaga tortilishga sabab boʻladi. Turk yuridik shaxslari oʻrtasida tuzilgan turk tilida boʻlmagan shartnomalar bekor qilinadi.

 QATAR

2019-yilda qabul qilingan yangi qonunga koʻra, Qatarda barcha davlat organlari va rasmiy hujjatlarda arab tilidan majburiy foydalaniladi. Qonun talablariga amal qilmaganlik uchun 50 000 qatar riali (14 000 AQSH dollari atrofida) miqdorida jarima belgilangan.

Rustam Umarov,
Davlat xizmatlari agentligi Xalqaro hamkorlik boʻlimi
 bosh maslahatchisi

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img