Dubayga qizlarni sotish bilan shug‘ullangan ayolga hukm o‘qildi

0

1984 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan Nargiza Mamatova (ism, shariflar o‘zgartirildi) 25 yoshidanoq Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga “serqatnov” bo‘lib qoldi. Buning boisini oradan 6 yil o‘tgach, bilgan ham bilmagan ham bildi. N.Mamatova huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining “odamlardan foydalanish uchun ularni yollash” va “qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish” moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, qamoqqa olindi. Tergov va surishtiruv jarayonlari mobaynida N.Mamatovaning barcha kirdikorlari fosh etildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudining 2014 yil 2 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, N.Mamatova 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Oliy Majlis Senatining “Amnistiya to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan tayinlangan jazodan ozod qilindi. Lekin N.Mamatova bu insonparvarlikning qadriga yetmadi. Yana Dubayga borib-kelib yurdi.

2018 yilning may oyida Dubayda ham tinch yurmay  hibsxonaga tushdi. Hibsxonada Dubayga pul topish maqsadida kelib, hujjatlarida kamchilik bo‘lganligi sababli “yopib qo‘yilgan” jizzaxlik N.Shokirova bilan tanishib qoladi. N.Mamatova shu juvon ham bir kuni menga kerak bo‘lib qolar deb, uning Jizzaxdagi uy manzilini xotirasiga “mixlaydi”. N.Mamatova Buxoroda “ishi” yurishmay qoldimi, 2019 yilning mart oyida qizlarni Dubayga olib ketish, ulardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun moddiy manfaatdorlik ko‘rishni rejalashtirib, Dubay hibsxonasida tanishib qolgan jizzaxlik N.Shokirovanikiga qarab yo‘lga chiqdi. Xotirasi pand bermay N.Shokirovaning uyini osonlik bilan topib bordi. N.Shokirova eng og‘ir kunlarida bir burda nonni bo‘lib yegan buxorolik “dugona”sini ko‘z yoshlari bilan kutib oldi. Mehmondorchilikdan so‘ng buxorolik “dugona” jizzaxlik dugonasiga qizlarni fohishalik qilish uchun Dubay shahriga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelayotganligini, agar shunday qizlarni topib bersa, unga har bir qiz uchun 1000 AQSh dollaridan pul berishi haqida shipshitadi. O‘sha vaqtda N.Shokirovaning uyiga dugonalari Nodira va Sabinalar kelib qolib, buxorolik “dunyo ko‘rgan” xonimning Dubay haqidagi ertaknamo so‘zlariga og‘izlari lang ochildi. N.Mamatova Dubayga tez-tez borib kelishini, u yerga qizlarni yuborishini, yo‘l haqi va boshqa harajatlarni ham o‘zi to‘lashini, u yerda oyiga 5000-6000 AQSh dollarini o‘ynab kulib topish mumkinligi haqida og‘iz ko‘pirtirdi. Ikkala juvon ham Nargizaning cho‘pchaklariga ishonib, Dubayga “ish”ga borishga rozi bo‘ldilar. Lekin Nodiraning pasporti yo‘qligi sababli u Dubayga borishdan mosuvo bo‘ldi. Ayol Sabinaning pasportini rasmga tushirib, Dubaydagi tanishiga yuborib, uning qo‘ng‘irog‘ini kutishini aytdi. Pul uchun hech narsadan tap tortmaydigan odamfurush bu ayol N.Shokirovaga ham uni hali yosh va go‘zalligini, agar Dubayga yana borsa, barcha harajatlarni o‘zi ko‘tarishi, bir-ikki oy “ishlab”, qarzlardan qutilgach, oyiga 5000-6000 AQSh dollari topishini aytib, unga ham har doimgi “ertagini” o‘qidi. Lekin Dubayga bir marta borib, “og‘zi kuygan” jizzaxlik juvon aslida u yerda fohishalik qilgan qizlarning qo‘liga umuman pul berilmasligi, ularning topgan pullari u yerga qizlarni jo‘natganlar bilan qizlarni saqlab, ulardan foydalanib kelgan shaxslar o‘rtasida o‘zaro bo‘lib olinishini, chunki o‘zi ham bu holatlarni Dubayda boshidan kechirib, qanchalik qiynalganlari sabab yaxshi bilardi.

Bu chig‘iriqlardan o‘tgan N.Shokirova Dubayga otlanayotgan dugonasiga boshidan o‘tganlarni so‘zlab bergach, Sabina Dubayga borish fikridan qaytib, buxorolik odamfurush ayolning harakatlari odam savdosi ekanligini tushunib yetib, kelgusida boshqa qizlarning ham aldanib qolishining oldini olish maqsadida ikkovlashib, IIBga ariza bilan murojaat qiladi. Nargiza Mamatova Sabinani Toshkent xalqaro aeroportidan Dubayga jo‘natayotgan vaqtida Jizzax viloyati IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

JIB Jizzax shahar sudi hay’ati sudlanuvchi N.Mamatovaning Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismining “b” bandi bilan aybli deb topib, uning qilmishidan chin ko‘nglidan pushaymonligini, jabrlanuvchilarning davosi yo‘qligini, ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini, hozirgi kunda homilador ekanligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, tungi vaqtda, ya’ni kech soat 22.00dan ertalab soat 06.00 ga qadar yashash joyidan chiqishini cheklash sharti bilan 3 (uch) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Mahkuma N.Mamatova uch yildan so‘ng yana Dubayga bora oladimi, yo‘qmi, buni bilmaymiz-u, lekin jazoni o‘tash davrida rossiyalik qo‘shiqchi Zemfiraning “Gudbay, Dubay” deb aytiladigan mashhur qo‘shig‘ini tez-tez tinglab tursa kerak-ov!

Shuhrat SUYAROV,
jurnalist

Аввалги мақолаKarantin qoidalari uy hayvonlariga taalluqli-mi?
Кейинги мақолаMalayziyaga kelayotgan fuqarolar o‘z hisobidan 37 AQSh dollar kunlik to‘lov to‘lab, 14 kun karantinda bo‘lishi shart