MuhimDunyoni mehr qutqaradi

Dunyoni mehr qutqaradi

YAQINDA ish yuzasidan bir holatga duch keldim. Bu holdan yuragim junbushga kelib, qattiq ranjidim. Hayotga bo‘lgan qarashlarim biroz xira tortgandek bo‘ldi. “Eh”, deya ko‘ksimni timdalagan ozorli savollardan titroqqa tushib, qalbim tug‘yonga keldi.

…Iqtidorli maktab o‘quvchisi haqida eshitgandim. Uni izlab ta’lim dargohiga bordik. Bizni qarshi olgan o‘rta yoshli muallima opa maqsadimizni eshitib,  ko‘p kuttirmasdan qizchani ergashtirib keldi.

Ozoda bilan suhbatimiz uzoq davom etdi. Bu qizchaning o‘ziga xos fikru tafakkuri ko‘p kitob mutolaa qilganligini anglatib turardi. Qolaversa, mittigina yoqimtoy qizchaning bilimdonligi kishini hayratga soladi. U so‘zini yakunlar ekan:

— She’r o‘qib bersam, maylimi? — dedi hadik ohangida.

Ozoda yozgan she’rini yurak-yurakdan berilib o‘qiy boshladi. Mazmuni shunday edi: “Dada, keling, Sizni juda sog‘indim. Endi sira xarxasha qilmayman, Siz uchun ovqat pishiraman, uylarni tozalayman, ko‘ylagingizni dazmol qilaman. Dada, keling Sizni juda sog‘indim!”.

…“Oh”lar qarog‘idan toshdi. Bu she’rni tinglaganlarning aksari ko‘ziga yosh oldi. Ozoda bilan xayrlashib, muallima opadan u haqda so‘rab-surishtirdik. Otasi qazo qilgandir-da, degan mulohazaga borgandik. Alhazar! U, otasiz tirik yetim ekan. Gulday qizchani bir ayolning noz-karashmalariga almashtiribdi. Yopiray!

Achinarlisi, Ozoda kabi ota-onasi bor tirik yetimlar oramizda ozmunchami? U singari ota yoki ona mehriga zor, mitti qalbidagi sog‘inch to‘la armonlarni to‘kib solishga intizor bolalar minglab topilmaydi­mi? Ularni shu ko‘yga solgan illatlarning oldini olishni iloji yo‘qmikin? Oilada va boshqa tarbiya maskanlarida hayot, vaqt, farzand, ota-ona,  aka-uka, opa-singil, qondoshlik qadrini anglashga, balki barchani birdek o‘rgatish zarurdir? Agar aksini qilsa qay holga tushishiga hayotiy ibratlar, video lavhalar yordamida uqtirilib, ongu shuurimizga singdirib borish lozimdir. Mehribonlik, muruvvat va nogironlik uylariga yetaklab borib, shukronalik bilan hayot kechirishga da’vat etish, ehtimol, juda muhimdir.

Rahima MIRZATILLAYEVA,

uy bekasi,Toshkent shahridan

— 10 nafar bolani o‘z qaramog‘imga olganman. Ayrimlar ota yoki ona, degan nomga isnod keltirib, qalbining bir parchasidan voz kechayotgan bir paytda birovning bolasini olishdek qiyin, mas’uliyatli ish bo‘lmasa kerak. Uch xonali uyda shuncha bola bilan yashashni o‘zi bo‘lmadi. Biroq “Bolalarga birinchi galda mehr ko‘rsatsak bo‘ldi, qolgani ikkinchi darajali”. Yashirmayman, hali tug‘ilmagan bolasini menga asrab olishni taklif qilganlar ham uchragan. Rozi bo‘lib, ma’lum vaqtdan keyin kelsa, bolasini berishimni aytardim. Axir, bola o‘z onasi bilan bo‘lganiga hech narsa yetmaydi-ku! Uch nafar bolani onalariga qaytarib berganman.

Xudoga shukr, o‘g‘illarimni uylantirdim, qizlarimni uzatdim. 14 nafar nabiram bor. Ikki nafar qizim ham bo‘yi yetmoqda. Yaxshi joy chiqsa, ularni ham egasiga topshirsam deyman…

Mehr yaratgan mo‘jiza

Ishonch hamisha inson hayotini yuksaltiradi, uni balo-qazolardan asraydi. Bu fikrimizga Rafael Tobarning “Mo‘‘jizaning bahosi” nomli qisqa hikoyasi misol bo‘la oladi.

Olti yoshli qizaloq Tessining ukasi og‘ir kasal bo‘lib qoldi. Tessi otasining oyisiga umidsizlik bilan “Uni faqat mo‘‘jiza qutqara oladi”, deganini eshitdi-yu, dorixona tomonga qarab yugurdi. Peshtaxta yoniga yaqinlashdi va arang nafasini rostlab:

— Men… mo‘‘jiza sotib olmoqchiman, — dedi u dorixonachiga.

— Kechirasiz, tushunmadim? — so‘radi dorixonachi.

— Ukam og‘ir kasal. Uni faqat mo‘‘jiza qutqarishi mumkin ekan.

Bir burchakda turgan odam qizaloqqa yaqinlashdi.

— Sizga qanaqa mo‘‘jiza kerak, bo‘talog‘im, — deb so‘radi u.

— Men…bil..mayman, — hiqilladi qizcha.

— U holda, sizga qanday mo‘‘jiza kerakligini bilish uchun ukangizni ko‘rishim kerak, — dedi bashang kiyingan notanish odam.

Ostonada mashhur jarrohni ko‘rgan ota-ona quvonchdan yig‘lab yubordi. Onasining “Qiziq, bu mo‘‘jizaning bahosi qancha turarkan?” deganini eshitgan Tessi jilmaydi. Axir, u bu mo‘‘jizani qancha turishini aniq  bilardi-da. Bor-yo‘g‘i bir yarim dollaru ellik tsent va jajji qizaloqning samimiy ishonchi!

Mehr tarozisi qachon ixtiro qilinadi?

Aslida, mo‘‘jizalar faqat ertaklarda emas, hayotda ham ro‘y beradi. Biroq hayot, degan ulkan tegirmon toshi ostida ­ezilib qolmaslik uchun shunchalar qattiq harakat qilamizki, mehr, degan tuyg‘u borligini, senga uni taqdim etadigan insonlarning yoningdaligi va u Yaratganning ulug‘ in’omi ekanini esimizdan chiqarib qo‘yamiz.

…Aka talabalik davrida singlisining tug‘ilgan kunlarida qo‘lidan kelganicha sovg‘a-salomlar ulashib turar ekan.  Oila qurgach, tashvish ketidan tashvishlar ulanib, goho hol so‘rash ham nasiyaga qolgan kezlar bo‘lgan. Ammo bordi-keldilar uzilmagan. Hammasi vaqt yetishmasligi vajidan o‘lda-jo‘lda bo‘lib turgan-da. To‘y bahona borishib, yaxshi kayfiyatda tantanani o‘tkazib qaytishayotsa, xotin erini turtib gap boshlabdi. Oradan o‘ttiz yil o‘tgan voqealarni yodga solibdi.

— Singlingizni ko‘rdingizmi?

— Ha, ko‘rdim, — deganday bosh qimirlatdi aka.

— Uning ro‘moliga e’tibor qildingizmi? Ro‘moli…

…Jahli chiqqan aka “singlingizning ro‘molidan olib bering”, deydi deb o‘ylab keskin va sovuq ohangda:

— Nima qipti ro‘moliga? Senga nima? — deb g‘o‘ldirab mashinaning yon oynasidan atrofga razm sola boshlabdi.

 Xotin esa avvalgi kayfiyatda davom etibdi.

— U siz sovg‘a qilgan ro‘molni o‘rab olgan ekan. Akam ko‘rib xursand bo‘lsinlar, deb.

  — A? Qachon? Qanaqa ro‘mol? Nimalar deyapsan, — debdi jahl va xayrat aralash ohangda.

— Bir paytlar tug‘ilgan kunida sovg‘a qilgan ekansiz-ku?!

Birdan akaning chehrasi ma’yus tortib, olisda qolgan xotiralari esiga tushibdi. Oxirgi marta sovg‘a berganiga ham o‘ttiz yildan oshibdi-ku. Xayolini chaqin urgandek tebranib, og‘riqli “uh” tortibdi. “Bo‘lishi mumkin emas!”.

— Ha, shunday. Asrab olib qo‘ygan ekan. Akamdan esdalik, deb.

 Bu gap akaning boshiga gurziday urilibdi. Joniga olov purkagan bu gap-so‘z uni giribonidan xippa bo‘g‘ib, to manziliga yeta-etguncha tilsiz qoldirib,  karaxt  qilgan ekan.

Endi o‘ylab ko‘ring. Axir, singil akadan bir narsa umidida emas, balki mehr istamaganmidi?…

Mana shunday kishi bilmas onlarda ko‘ngillar sinib, parchalanib, to‘kilib boraveradi. Kimdir mehrga, kimdir bir og‘iz shirin so‘zga gado bo‘lib o‘taveradi. Yanada achinarlisi, o‘tkinchi dunyo hoyu-havaslariga mahliyo bo‘lib, kimdir qondosh-jigarlari bilan mol-mulk talashgan, mayda gap-so‘zlarni, deb yoqa yirtishgan, g‘azabini tiyolmay qo‘li qonga botib borayapti. Ayting-chi, bu tanbehlarni kim inkor eta oladi. Axir, kunda va kunora ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlar orqali shov-shuvga sabab bo‘layotgan ayrim qotilliklar qondoshlar tomonidan sodir etilayotganing guvohi bo‘layapmiz-ku!

Mehrsizlik insonni fojiaga yetaklaydi

Deylik, o‘tgan 2018 yil mart oyida Farg‘onada aka eski “Neksiya” rusumli avtomashinasi ustida talashib, o‘z ukasini pichoqlab o‘ldirgan edi. Samarqandning Payshanba shahrida esa uka ­otasidan meros qolgan uy ustida talashib, akasi va yangasini o‘ldirgani haqida xabar tarqaldi. 2017 yilning avgustida Farg‘onada 51 yoshli ota mashina ustida talashib, 27 yoshli o‘z o‘g‘lini yoqib yuborgan. 2018 yil 14 oktyabr kuni Denov tumanidagi 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi, voyaga yetmagan B.B.I o‘g‘li otasi B.I.N.ning tanbehlaridan jahli chiqib, hojatxonaga yashirib qo‘ygan pichoqni olib, uni ko‘krak, qorin va son qismlariga zarb bilan urgan. Oqibatda, B.I.N. kasalxonaga olib borilayotgan vaqtda vafot etgan. 2019 yil 9 aprel kuni qiz o‘z otasini pichoqlab o‘ldirgan. Bu mudhish voqea Nukus shahri Qizketgan elatida yashovchi oilada ro‘y bergan. Qizning o‘z otasini qasddan o‘ldirishiga nima sabab bo‘lganligi haqida tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Va hokazo…

Bu, albatta, shunchaki ma’lumotlar emas, balki insonning og‘ir kechmishi, hayotining qadrsizligi va mudhish fojiasi emasmi?

Afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari or­qali xabar qilinayotgan bunday ko‘plab fojialarning yuz berayotgani biz tilga olayotgan mehr-oqibat tuyg‘ularining yo‘qolib borayotganida, deyish mumkin.

To‘g‘ri, bir-biriga oqibat ko‘rsatayotgan ota-bola, aka-uka, opa­singillar ko‘p. Biroq arzimas yer uchun bir-biriga qo‘l ko‘tarayotgan, yuzko‘rmas bo‘layotganlar ham anchagina. Ahli ayolini hurmat qilib, ko‘rsatgan mehriga munosib javob qaytarayotganlar bisyor. Farzandining ertangi kunini o‘ylab, unga yaxshi tarbiya beradigan, kasbu hunarga yo‘naltirayotganlar barchaga ibrat. Biroq o‘tkinchi hoyu-havas, ko‘ngilxushlik, deya oilasidan yuz o‘girayotgan, yelkasiga yuklatilgan mas’uliyatdan bo‘yin tovlayotganlar ham yo‘q emas.

Biroq oz bo‘lsa-da, ayrim odamlar bag‘rida ardoqlagan tuyg‘u — molu dunyoga o‘chlik bor ekan, bu illat ilohiy rishtalarning uzilishiga, ildiziga bolta urilishiga sabab bo‘lib, inson ko‘zini ko‘r qilib, qalbdagi mehr bulog‘ining yopilishiga turtki bo‘ladi. Shu bois ota-ona vafotidan so‘ng boylik talashib qarindoshlik rishtalarini uzayotganlar qancha? Yoyinki, farzandining baxtini o‘ylash o‘rniga zebu sarpolar, deb o‘z jigarbandini bebaxt qilgan ota-onalar-chi? Bir paytlar qilgan bevafoligi, oqibatsizligi tufayli endilikda farzandining diydoriga, chehrasiga muhtoj bo‘lib, uni ko‘rolmay kafanga o‘ralgan ota-onalar qancha? Yuqoridagi misollarning barchasi negizida, ildizida mehr-oqibat turibdi. Biz istardik-ki, ilohiy qudrat egasi tomonidan bog‘langan mehr-oqibat rishtalari abadul-abad uzilmasin. Ha, ishoning, dunyoni mehr qutqaradi.

Gulsum ShODIYEVA,

“Inson va qonun” muxbiri

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img