Fayzulla  QILIChEV: “Buxoroning so‘nggi amiri — Said  Olimxon avlodidanman…”

0

27 yil avvalgi suhbat

FAYZULLA Qilichev respublikamiz huquq olamida o‘ziga xos maktab yaratgan inson sifatida ko‘pchilikning yuragida yashaydi.  Fayzulla aka bilan 1993 yillarda Bosh prokuraturada mas’ul lavozimlarda ishlayotgan  kezlarida Navoiy viloyatiga qilgan xizmat safari chog‘ida viloyatimiz  prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Baxtiyor Jamolov tufayli ko‘hna tarixning yangi sahifasi haqida suhbatlashishga muyassar bo‘lganman.

Bu suhbat 17 yil avval chop etilgan edi.  Ana shu tarixning ko‘pchilik bilmaydigan sahifalari haqida Sizni ham xabardor qilgimiz keldi.

Fayzulla aka, amir Said Olimxon avlodidan ekanligingizni shuncha yillar o‘tib, qanday, qayerdan bilib qoldingiz?

— Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxonning otasi Said Abdulahadxonning akasi Said Akramxon xonadonida o‘g‘il dunyoga kelganda amir xabar keltirgan choparga belidagi qilichini yechib berib, “Mana mendan  tuhfa bo‘lsin”, degan ekan. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning kindigi ana shu amir qilichi bilan kesilganligi sababli uning ismi ham  Qilichxon bo‘lib ketgan.  Ana shu Qilichxon mening otam.

Bir vaqtlar bobom Said Akramxon Buxoro taxtiga o‘tirishi kerak bo‘lgan, ammo ovga chiqib xastalangan vaqtida Aleksandr vafotidan so‘ng Aleksandr IIga toj kiydirish marosimiga borolmay qolganligi sababli Amir Muzaffarxon o‘g‘illaridan biri Said Abdulahadxonni yuborishga majbur bo‘lgan. Hujjatlarda Ahadxonning ismi o‘tgach,  taxtga o‘tirish Said Akramxonga, ya’ni, mening bobomga nasib etmagan.

Bobom Amirning siyosiy ishlarini boshqargan ishonchli siyosatdon bo‘lgan ekanlar.

Amir u kishiga G‘uzor hokimligini topshirgan va Shahrisabz, Kitob, Sharqiy Turkistonni boshqaruv vakolati berilgan.

Bobom Said Akramxon Pokistonda 96 yoshida vafot etganlar.

Tariximizni va ota-bobolarim avlodini o‘rganayotib, turli taxminu dalillarga duch keldim. Va nihoyat istiqlolimiz sharofati bilan  o‘zbekistonliklar uchun ham chet el darvozalari ochildi. Turli taxminlar  bilan ota-bobolarimiz to‘g‘risidagi quloqqa chalingan gaplar asosida bobom Said Akramxonning otini yozib, bedarak ketgan shunday odamlarni bilish-bilmasliklarini so‘rab xatlar yo‘lladim. Bir kuni yarim tunda 1992 yilning noyabri edi, telefonimiz jiringlab qoldi. Turkiyadan, Istanbuldan ekan. “Siz Said Fayzullaxonmisiz”, deb so‘rab qoldi uzoqdagi ovoz. “Ha, menman”, dedim. “Biz Sizning qarindoshingizmiz, Siz bizning amakimiz ekansiz, men Said Abdukabirman, Said amir Olimxonning o‘g‘illari bo‘laman”, dedi. Shundan so‘ng hamma qarindoshlarimning daragi topildi. Yaqinda chet eldagi qarindoshlarimni ko‘rib qaytdim. Amir Olimxonning o‘g‘illaridan Prezidentimizga tabrik maktubi  olib keldim. Bu tabrik xati respublika gazetalarida e’lon qilindi.

Otam rahmatlik ingliz, fransuz tillarini juda yaxshi bilardilar.

— Otangiz amir avlodidan ekanliklarini bilarmidilar?

— Otam hayotdan juda erta ketdilar. 54 yoshlarida avtohalokat tufayli olamdan o‘tdilar. Asl ismlari Mirrahmon ekanligini, amir avlodidan ekanliklarini yashirganlar. Hatto, bizga ham aytmagan. Zamonning zayliga qaraganlar, bolalarimga hukumatdan jabr yetmasin, deb hech  kim bilmagani ma’qul degan, bo‘lsalar ajab emas.

Onam ham uncha-muncha narsadan bexabar bo‘lganlar. Otamni so‘nggi yo‘lga kuzatayotganimizda “tirikligida o‘z ismini hech kim aytmadi, hech bo‘lmasa, oxirgi marta o‘z otini aytinglar”, deb yig‘lagandilar.

Biz oilada 12 aka-ukalarmiz. 6 o‘g‘il, 6  qiz.

— Iltimos, endi amir Olimxonning farzandlari, ya’ni chet eldagi qarindoshlaringiz to‘g‘risida ham  gapirib bersangiz?

Amir Olimxonning 12 o‘g‘li, 9 qizi hozir tirik. (1993 yildagi ma’lumot). Ular Turkiyada, Pokistonda, Eronda, Germaniyada, Amerikada sog‘-salomat yashayapti. Ingliz tili, urdu va turk tillarini yaxshi bilishadi. Deyarli hammasi shoir, hammasining qo‘li gul. Hatto, sakson yoshli o‘g‘li ham zardo‘zlik bilan shug‘ullanadi. Tikkan kashtalarining bejirimligi, nafisligi to‘g‘risida gapirsam ishonmaysiz. Buxoro zardo‘zlarining ishini ko‘rib, ular ba’zan xafa bo‘lisharkan tabiiy emas, deb.

Bir o‘g‘li — Said Kabir Olimxon o‘g‘li stomatolog shifokor. Azimiy taxallusi bilan she’rlar ham yozadi, bir nechta kitoblari chiqqan. Turkiyada yashaydi. Bundan tashqari, ajoyib hunarmand ham, bo‘sh vaqtida turli narsalar yasab sotadi, o‘zining 5-10 ta shaxsiy do‘koni ham bor.

Azimiyning o‘g‘li esa turli xil kiyimlar tikadigan usta. 30-35 daqiqada xohlagan bichimda sumkami, palto, kurtkami, xullas, xohlagan narsangizni tikib berishi mumkin. Har kuni 3 million lira daromad oladi. Turkiya gazetalaridan birida yaqinda u bilan suhbat e’lon qilingan ekan. Jurnalistning “Buncha pulni nima qilasan, kuniga 3 million lira hazilakam gap emas-ku?”, degan savoliga u “Pulni boylik uchun yig‘ayotganim yo‘q, bobomning yurtiga — O‘zbekistonga arzirli sovg‘a olib borish uchun to‘playapman”, deb javob bergan ekan. O‘qib g‘ururlandim.

Amir Olimxonning eng kenja qizi Shukriya ham Yashin taxallusida she’rlar yozadi. Hozir  Amerikada yashaydi. Amerika teleradioeshittirishlar kompaniyasida sharq tillari bo‘yicha suxandon. Ellik ikki yoshda. O‘g‘il, qizi bor. O‘g‘lining ismi Aziz. Istanbulga meni ko‘rgani kelishdi. Ular bilan dildan suhbatlashdim. Bu suhbatlar, bu diydorlashuv tafsilotlari qog‘ozlarga sig‘maydi.

Amir Olimxonning ikki ayoli hozir Turkiyada yashaydi. Men chet el safarim davomida yuzlab xonadonlarda bo‘ldim, juda ko‘p qarindoshlarimni ko‘rdim. Juda ko‘p  ajoyib esdalik suratlar oldim. Bularni qanchalik ta’riflasam baribir  kamlik qiladi.

— Fayzulla aka! Yillar o‘taveradi, umrlar yakun topib, yangi umrlar boshlanaveradi. Tarix eskiradi, ammo hech qachon o‘chib ketmaydi. Uni yo‘qotish, butunlay o‘chirib tashlash qiyin. Ammo uni buzib talqin qilish, buzib ko‘rsatish oson. Oqni qora, qorani oq, deyishdan qo‘rqmaydigan qancha zamonlar o‘tdi boshimizdan. Chunki bizning amir Olimxon to‘g‘risidagi tasavvurimiz xuddi mana bu satrlar kabi haqsiz ekanligini inkor qila olmaymiz:

Buxoro shavkatin sargardon tashlab,
Afg‘onda qartayib ko‘r bo‘lgan amir.
O‘g‘illarin chorlab: “ Jayhun bo‘yiga
Meni bir eltinglar…” dedi muntazir.

Hijratda yurgan Buxoro so‘nggi amirining Vatanni sog‘inib qilgan iltijolari “Ergashtirib kelsa zora to‘lqinlar  yurtimdan biron-bir narsaning sasin…” degan nolalari ham shafqat uyg‘otmasdi yuragimizda.

Shoirning  yana yetmaganiga:

“Saltanat tizginin shamolga tashlab,
Qochgan zotning yurtdan ne ta’masi bor?!”

degan ta’nalari xuddiki o‘qday. U bir shoirning emas,  barchamizning dilimizdagi  iddaolar edi…

Siz Amir avlodining bir  vakili, uning qondoshi sifatida nima deysiz bu  ta’nalarga?

— Bizning tariximiz sahifalari juda uzoq yillar teskari o‘qildi. Toju taxt, xonlar, xonliklar, saltanat to‘g‘risida gapirishdan oldin, ular bizga qoldirgan go‘zal tarixiy obidalar, har bir g‘ishti mo‘‘jiza, go‘zallik namunasi, san’at asari sanalmish muazzam binolar haqida bir o‘ylaylik. Ular yurtni vayron emas, obod qilish haqida o‘ylagan deyishga nima bizga xalaqit beradi? Ishonchmi?

Bittagina misol keltiray. Amir Olimxonning uch o‘g‘lini — Said Sultonmurod, Said Rahimxon, Shohmurod Olimovlarni qo‘lga olgan Sovet  hukumati amirdan butun mol-mulkini bersa o‘g‘illarini unga qaytarib berishini aytganda, amir:

“Bu boyliklar xalq baxt-saodati uchun, ular xalqniki, qanday qilib sizlarga berishim mumkin”, deb javob bergan ekan. Shunday qilib amirning uch o‘g‘li otasi qo‘liga o‘ta olmay istilochilar qo‘lida qolib ketgan ekan.  O‘shanda amir jondan aziz farzandlarini qutqarib qolsa, garovga olingan jigargo‘shalarini ozod qilsa, o‘z bag‘riga olsa bo‘lardi-ku. Ammo u yurtiga, xalqiga xiyonat qilmadi.

Yoki amir Olimxonning vasiyatnomasida barcha boyliklarini “Ozod Buxoroning fuqarosi bo‘lgan avlodlarimga qoldiraman”, deb yozilgan. Demak, shunday ekan, amir Olimxonning yurtdan ta’masi emas, umidi, yurtga mehri, muhabbati, so‘ngsiz sadoqati, sog‘inchi bo‘lgan… Yo‘qsa, butun boyligini faqat ona yurti tuprog‘ida yashayotgan avlodlariga qoldirarmidi?

— Otangizning kindigi kesilgan o‘sha qilich hozir qayerda?

— Buxoro amiri otam tug‘ilganda tuhfa qilgan o‘sha qilich Sankt-Peterburgda Ermitajda saqlanayapti. Uni dastlab Fayzulla Xo‘jayevga sovg‘a qilishgan, keyinchalik esa Frunzega.

— Mabodo, shu qilichni olsangiz nima qilgan bo‘lardingiz?

— O‘zbekistonimizdagi muzeyga topshirgan bo‘lardim, albatta.

Endi amirning boyliklari haqida ham bir-ikki og‘iz gapirib bersangiz.

— Amirning xazinasi behisob bo‘lgan. Bitta gavhar tojining toshigina 27 milliard AQSh dollari bo‘lganligini aytadigan bo‘lsak, boshqasini sanashga hojat ham yo‘q. Jenevada, Parijda, Londonda, Pokistondagi banklarda oltin boyliklari bor…

Amir Olimxonning O‘zbekistonda qoldirgan izlari hozir qay ahvolda?

Buxorodagi qator tarixiy joylar Amirning qadamlarini eslatishi shubhasiz. Sitorai Moxi Xosa buvimning nomlariga qo‘yilgan ekan.  Bu joy oilaviy muqaddas joy bo‘lgan deyishadi. Har kim o‘ziga o‘zi xizmat  qiladigan bu joyda faqat shaxsiy sovg‘alar saqlangan ekan. Ishga taalluqli biror narsani bu yerda uchratmas ekansiz.

Navoiy viloyatidagi Karmanada amir yashagan uy bor. Xoncharvoq deyiladigan bu joy katta san’at va mahorat bilan qurilganligi shundoq ko‘rinib turibdi. Afsuski, shunday katta mehnat evaziga bunyod etilgan  kompleks bino hozir achinarli ahvolda, qarovsiz odamning rahmini keltiradigan darajada xarobaga aylangan. Uni chiroyli qilib ta’mirlab, muzey qilish mumkin edi… Afsus…

Bu ham mayli, Karmanada Qosim Shayx xonaqosi yonida amir Abdulahadxonning qabri bor. Bobom Said Akramxonning akalari ya’ni amir Olimxonning otalari yotgan bu qabrni ziyorat qilishga borib ko‘p afsus chekdim. Qabrning nihoyatda nochor ahvoldaligidan dilim og‘ridi (Bu qabrning bugungi ahvoli to‘g‘risida alohida maqolada o‘qiysiz). Bu dunyoda hammamiz ham mehmonmiz. Bu dunyoga kimlar kelib ketmagan. Izimizda esa tarix bo‘lib nimalar qoladi. Aniqrog‘i, faqat yaxshilik, ezgu ish umrbod qoladi, degan oddiy haqiqatni anglash gohida shunchalar qiyinki… Bu yerda o‘lmas tarixning va avlodlarning ruhi borligini unutishga hech kimning haqqi yo‘q. Ruhlarni shod etish esa tiriklarning zimmasidagi qarz bo‘lib qolaveradi.

***

Bizning tasavvurimizda Buxoroning so‘nggi amiri, uning avlodlari haqida haramlar, zindonlar, huquqsiz, bebahra, to‘zg‘igan avlodlar dushmani sifatida yod qolgan, dod  va faryodlar qolgan. Xonni faqat yovuzlik, shafqat chegarasini bilmagan toshbag‘ir, taxti oliyda faqat aysh surgan, xalqni ezgan qonxo‘r bir kimsa sifatida la’natlashga odatlanganmiz. Tarix sahifalarining tili yo‘q. Haqni ham, nohaqni ham birday o‘z qatida saqlayveradi, sig‘diraveradi, singdiraveradi. Yillar esa hayotning suronli ko‘chalarini goh tunga, goh oq tonglarga berib, o‘zi barchani imtihon qilaveradi…

Xayriyatki, yurtimiz istiqlolga erishdi. Ozodlik ufqlarining yuziga endi hech kim parda torta olmaydi. Tarixda shu go‘zal yurtni obod aylash uchun bog‘lar, ulug‘ sajdagohlar barpo etgan amir avlodlarining iztiroblarini, yurtu Vatan, ellarini sog‘inib, haqiqatga zor bo‘lib o‘tganlar dardini bugun tushunish balkim shunchalik oson emasdir.

Ammo Buxoroni inqilobchiman, deb istilochilar boylik uchun talaganda, yurtni vayron, xalqni xonavayron qilganlarida amirning boshidan kechirgan alamlarini anglash  unchalik qiyin emas…

Biz Said Olimxon izlari, quvonchu g‘amlari o‘tgan yurtda yashar ekanmiz davron gardishi aylanib, uning nomi yaxshilik bilan yodga olinishini istaymiz…

Jurnalist Marusa HOSILOVA suhbatlashdi.