ЯнгиликларМаҳаллийFranshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi belgilandi!

Franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi belgilandi!

Fuqarolik kodeksining 862-moddasida kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomasi tushunchasiga alohida ta’rif berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, bir taraf (kompleks litsenziar) ikkinchi tarafga (kompleks litsenziatga) haq evaziga litsenziarning firma nomidan hamda qo‘riqlanadigan tijorat axborotidan, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan mutlaq huquqlarga kiruvchi boshqa ob’ektlardan (tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va ixtirolar hamda boshqalardan) litsenziatning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqini o‘z ichiga oladigan mutlaq huquqlar kompleksini (litsenziya kompleksi) berish majburiyatini oladi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-iyundagi 346-son qaror bilan Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra, franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish DXM yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi.

Bunda, davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun BHMning uchdan bir qismi miqdorida yig‘im undiriladi.

Yig‘im to‘langanligi axborot kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.

Shuningdek, quyidagi hollarda yig‘im to‘lanmaydi:

– sud hujjati asosida franshizing shartnomasiga o‘zgartirish
va qo‘shimchalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda;

– ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha hujjatlar qaytadan ko‘rib chiqilganda.

Reglamentga muvofiq, quyidagi hollarda franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘ladi.

– kompleks mutlaq huquqlarning muvofiq bo‘lmagan huquq egalari (huquqdan foydalanuvchilar) tomonidan murojaat qilinganda;

– xujjatlar to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganda yoki qasddan sohta hujjatlar yoki ma’lumotlar taqdim etilganda;

– taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilik hujjatlari talablariga nomuvofiqligi;

– faoliyatning tegishli turini amalga oshirish huquqini beruvchi zarur ruxsatnomalar (litsenziyalar)ning mavjud emasligi, agar bunday ruxsatnoma (litsenziya) O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq talab etilsa.

Ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, ariza beruvchi 3 oyda kamchiliklarni bartaraf qilib yig‘im to‘lamasdan, qayta murojaat qilishi mumkin.

Jo’rabek Abdulazizov,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img