YangiliklarMahalliyFuqarolar o‘z o‘zini boshqarish organlari vakolatlarini bilasizmi?

Fuqarolar o‘z o‘zini boshqarish organlari vakolatlarini bilasizmi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 18-fevraldagi Yangihayot tumanidagi Do‘stlik mahallasidagi uchrashuvda “Mahalla — davlatning zamini! Mahalla obod bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi”, — deya ta’kidlagan edi.

Haqiqatda mahalla Vatan ichra kichik Vatandir. Uning obodligi, goʻzalligi va koʻrkamligi uchun jon koyitish har bir kishining muqaddas burchi hisoblanadi. Maʼlumki, asrlar davomida oʻzbek xalqining maʼnaviy-axloqiy urf-odatlari va qoidalari, jamoatchilik fikri hamda oʻziga xos dunyoqarashi mahallada shakllanib kelgan. Yosh avlod tarbiyasi, oila yuritish sanʼati, qoʻshnichilik xislatlari mana shu madaniyat, odatlar va anʼanalar asosida olib borilgan. Binobarin, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlanib, ezgu qadriyatlarimiz sayqallanib, jamiyat rivojiga salmoqli hissasini qoʻshib kelgan. Xususan, Konstitutsiyamizning 105-moddasida uning huquqiy maqomi belgilab berilganligi natijasida tegishli huquqiy-meʼyoriy hamda tashkiliy poydevor yaratildi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi arafasida O‘z o‘zini boshqarish organlari vakolatlari haqida ham to‘xtalish ayni muddao hisoblanadi.  Davlatimiz rahbarining Yunusobod tumanidagi “Yangibog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida faollar bilan uchrashuvda “Mahalla raisi – Prezidentning quyi bo‘g‘indagi ustuni” degan ta’kidida chuqur ma’no va ulkan ma’suliyat bor.

O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 22-apreldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonuni asosida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, ularni 4 ta asosiy yo‘nalishga ajratish mumkin:

Birinchi yo‘nalish – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi faoliyati bilan bog‘liq tashkiliy masalalar bo‘yicha vakolalatlar;

Ikkinchi yo‘nalish – fuqarolarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, maslahatlar berish, ma’naviy qadriyatlarni asrash masalalari bo‘yicha vakolatlar;

Uchinchi yo‘nalish – davlat organlari bilan fuqarolar yig‘ini faoliyatiga oid masalalarda hamkorlik qilish, ko‘maklashish masalalari bo‘yicha vakolatlar;

To‘rtinchi yo‘nalish – davlat organlari, tashkilotlar va boshqa muassasalar ustidan faol va ochiq jamoatchilik nazoratini olib borilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha vakolatlar hisoblanadi.

Tashkiliy masalalar bo‘yicha vakolatlariga fuqarolar yig‘ini fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini), uning o‘rinbosarlarini (fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarini) va maslahatchilarini, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarning hamda taftish komissiyasining raislarini va a’zolarini saylashi, fuqarolar yig‘ini kengashi va fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilashini ko‘rsata olamiz.

Mahalla – xalqimizning vijdoni bo‘lib, 7 yoshdan 70 yoshgacha barcha fuqarolarning kundalik hayotida maslahatchi, ko‘makchiga aylanishi uchun qonunchilikda qator vakolatlar bilan ta’minlangan. Jumladan, mahalla fuqarolar yig‘ini to‘ylar va boshqa marosimlarni o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar berish, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish va voyaga yetmagan bolalari bo‘lgan muhtoj oilalarga, ikki yoshga to‘lmagan bolalari bor ishlamaydigan onalarga, shuningdek budjet tashkilotlarida ishlaydigan onalarga hamda ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nafaqalar tayinlash to‘g‘risidagi masalalarni fuqarolar yig‘ini hududi bo‘yicha nazarda tutilgan xarajatlardan kelib chiqqan holda hal etishi, tegishli hudud doirasida joylashgan (yashayotgan) tadbirkorlik faoliyati subyektlari, shu jumladan oilaviy tadbirkorlik subyektlari tomonidan kreditlar olinishida belgilangan tartibda kafil bo‘lishi mumkin.

Davlat organlari bilan hamkorlik yo‘nalishida ham mahalla chetda qarab turmaydi. Jumladan, yosh avlodni tarbiyalash masalalari yuzasidan ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksa fuqarolarga patronaj yordami ko‘rsatilishiga ko‘maklashadi, tegishli hududda yashovchi fuqarolar bandligini ta’minlashga, shu jumladan kasanachilikni va oilaviy tadbirkorlikni tashkil etishga ko‘maklashadi, aholidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar o‘z vaqtida tushishiga ko‘maklashadi va boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Jamoatchilik nazorati deganda biz har chorakda fuqarolar yig‘ini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining fuqarolar yig‘inlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini, ichki ishlar organlari tayanch punktlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarining hisobotlarini, ududdagi ta’lim muassasalari rahbarlarining hisobotlarini, tegishincha oilaviy poliklinikalarning, qishloq vrachlik punktlari rahbarlarining axborotlarini eshitishini, saylov komissiyalariga kuzatuvchilar yuborishi kabi o‘nlab vakolatlarni misol qila olamiz.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, “Mahalla xalq bilan davlat oʻrtasidagi koʻprik boʻlishi kerak. Odamlarning quvonchu tashvishidan doimo xabardor boʻlish mahallaning asosiy vazifasidir”. Ushbu vakolatlarni har bir fuqaro bilishi esa, ushbu maqsadlarga erishishga xizmat qilishi shubhasiz.

X.Botirov,
 TDYU o‘qituvchisi

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img