Hojiyevning muammosi uch yil deganda hal bo‘ldi…

0

Buxoro shahrida yashovchi fuqaro Salim Hojiyevning o‘ziga tegishli bo‘lgan savdo do‘koni 2017 yilda buzilganligi, unga hozirga qadar kompensatsiya  to‘lovi amalga oshirilmaganligi bayon qilinib, bu borada amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab qilgan murojaati  shahar adliya bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Haqiqatan ham, Buxoro shahar Yer va bino inshootlar davlat kadastr xizmati tomonidan 2008 yil 14 iyulda berilgan guvohnomaga asosan,   shahardagi Xo‘ja Nurobod ko‘chasida joylashgan savdo do‘koni fuqaro Salim Hojiyevga xususiy mulk sifatida tegishli bo‘lib, shahar hokimining 2008 yil 23 iyundagi 841-sonli qarori hamda shahar Yer va bino inshootlar davlat kadastr xizmatining 2008 yil 17 iyuldagi guvohnomasiga asosan, ushbu yer uchastkasi doimiy foydalanish huquqi bilan  unga biriktirilgan.

Shuningdek, shahar hokimining 2017 yil 23 iyundagi Buxoro shahrining tarixiy qismida (“Shahriston” bozori hududida) “Hunarmandlar shaharchasi va usti yopiq bozor” qurishga ruxsat berish to‘g‘risida”gi 888-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan loyihaga binoan  mazkur bozor qurilishiga ruxsat berilgan.

Ushbu qarorning 4-bandiga ko‘ra, “Hunarmandlar shaharchasi va usti yopiq bozor” qurish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha shahar shtabiga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishi munosabati bilan uy-joy egalariga yetkazilgan zararlarni qoplash hamda turar va noturar joy egalariga teng ravishda yer maydonlari ajratish bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlariga to‘liq rioya etilishni ta’minlash topshirilgan.

Biroq oradan salkam 3 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro Salim Hojiyevga tegishli bo‘lgan savdo do‘koni buzilishi munosabati bilan unga kompensatsiya to‘lash yoki yer maydoni ajratish choralari ko‘rilmagan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 45-bandiga muvofiq, kompensatsiya:

      • pul mablag‘larini mulkdorning tegishli bank (depozit) hisob raqamiga o‘tkazish yo‘li bilan;
      • noturarjoy ob’ekti egallab turgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan taqdirda – tomonlarning kelishuviga ko‘ra mulkdorga o‘sha yoki boshqa tumanda yoki shaharda joylashgan maydoni avvalgi noturar joy ob’ektining umumiy maydonidan kichik bo‘lmagan noturar joy ob’ekti mulk qilib berilishi;
      • noturarjoy ob’ekti egallab turgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan taqdirda — tomonlarning kelishuviga ko‘ra mulkdorga o‘sha yoki boshqa tumanda (shaharda) joylashgan maydoni avvalgi noturar joy ob’ektining umumiy maydonidan kichik bo‘lmagan noturar joy ob’ekti mulk qilib beriladi.

Noturarjoy ob’ekti olib qo‘yilgan yer uchastkasida qurilayotgan ob’ektdan berilgan taqdirda mulkdorga ushbu noturar joy ob’ekti topshirilgunga qadar, tashabbuskor hisobidan ijaraga vaqtinchalik noturar joy ob’ekti beriladi:

      • yakka tartibdagi (shu jumladan, qurilishi tugallanmagan lekin belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan) uy-joy bilan band bo‘lgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan taqdirda — tomonlarning kelishuviga ko‘ra mulkdoriga o‘sha yoki boshqa tumanda (shaharda) joylashgan yer va uy-joy maydoni avvalgisidan kichik bo‘lmagan, sharoitlari kam bo‘lmagan darajadagi yakka tartibdagi uy-joy mulk qilib beriladi;
      • egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqida tegishli bo‘lgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan taqdirda – ushbu huquq egasiga maydoni avvalgisiga teng bo‘lgan boshqa yer uchastkasi berilishi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur muammo shahar adliya bo‘limi tomonidan Buxoro shahar Ma’muriy sudiga  kiritilgan da’vo arizasi  natijasida ijobiy hal etilib, Buxoro shahar hokimligi zimmasiga  fuqaro Salim Hojiyevga olib qo‘yilgan yer   maydoniga teng miqdorda yer ajratish majburiyati  yuklandi.

Abdurahimxo‘ja BAFAYEV,
Buxoro shahar adliya  bo‘limi boshlig‘i