TahlilIntellektual mulk huquqiga doir ta’limda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashning ayrim masalalari

Intellektual mulk huquqiga doir ta’limda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashning ayrim masalalari

Bugungi kunda intellektual mulk sohasini rivojlantirish, intellektual mulkning mamlakat iqtisodiyotiga o‘rnini oshirish, intellektual mulk ob’ektlarini tijoratlashtirish masalalari, muallif va huquq egalarining manfaatlarini himoya qilishga muhim e’tibor berilmoqda.

Intellektual mulk sohasini rivojlantirish mamlakatimizning jahon integratsiyasidagi asosiy omil ekanligidan inobatga olib, intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida joriy yilning 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, qarorda:

intellektual mulk sohasiga oid fanlarni kadrlar tayyorlash tizimiga, jumladan respublika ta’lim tashkilotlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlarida bosqichma-bosqich joriy etish;

intellektual mulk sohasiga oid fanlarni kadrlar tayyorlash tizimiga joriy etishning birinchi bosqichida, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarida, xususan, ishlab chiqarish va texnik, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi ta’lim yo‘nalishlarida ilg‘or xorijiy tajriba asosida hamda yosh avlod orasida ijodkorlarning mehnatiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirishga qaratilgan intellektual mulk fanlari joriy etiladi va ular bo‘yicha o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda sohada faoliyat olib boruvchi amaliyotchilar ishtirok etishi ta’minlanishi aniq belgilab berildi.

Shuni aytib o‘tish lozimki Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi o‘rinlarda – universitet) tomonidan birinchilardan bo‘lib, intellektual mulk sohasida kadrlarni tayyorlash va mazkur yo‘nalishdagi fanlarni oliy yuridik ta’lim tizimiga kiritish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018 yilning noyabr oyida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va Intellektual mulk agentligi bilan hamkorlikda universitetda Intellektual mulk huquqi kafedrasi tashkil etildi. Mazkur kafedra tomonidan ta’lim jarayoniga “Intellektual mulk huquqi”, “Xalqaro intellektual mulk huquqi”, “Patent huquqi”, “Intellektual mulk sohasida shartnomalar tizimi”, “Intellektual mulk sohasidagi nizolarni hal etish”, “Kiber huquq” kabi fanlar joriy etildi.

O‘tgan vaqt davomida universitet tomonidan nazariy bilimlarni amaliyot bilan bevosita bog‘lagan holda egallashga katta e’tibor qaratildi. Mazkur vazifani samarali amalga oshirish maqsadida 2020 yilda universitetning O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida Amaliy huquqshunoslik kafedrasi tashkil etildi. Amaliy huquqshunoslik kafedrasining asosiy vazifalari ma’ruza, seminar va sayyor dars mashg‘ulotlarini olib borish, talabalar amaliyoti va stajirovkasini tashkil etish hamda o‘quv va ilmiy tadbirlarni amalga oshirish hisoblanadi. Hozirda Amaliy huquqshunoslik kafedrasi quyidagi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini olib bormoqda:

birinchidan, intellektual mulk huquqi sohasida yuqori darajada kasbiy pedagogik mahoratga, huquqiy va siyosiy madaniyatga ega professor-o‘qituvchilarni tayyorlashga ko‘maklashish, amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan milliy va xorijiy mutaxassislarni ta’lim jarayoniga keng jalb etish;

ikkinchidan, intellektual mulk huquqi sohasida talabalarning mustaqil tayyorgarligini chuqurlashtirishni hisobga olgan holda nazariy mashg‘ulotlarni yanada maqbullashtirish hisobiga amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish, ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, yuristda tahliliy fikrlash va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan o‘quv rejasini, dastur va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqishga ko‘maklashish;

uchinchidan, talabalar, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarga intellektual mulk sohasidagi global axborot-huquqiy resurslaridan va ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, amaliyot, stajirovka o‘tish uchun sharoit yaratish;

to‘rtinchidan, intellektual mulk huquqiga doir o‘quv, ilmiy va boshqa adabiyotlarni tayyorlashga ko‘maklashish;

beshinchidan, ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, grant loyihalari va turli tanlovlarda ishtirok etish, qo‘shma tadqiqotlar tashkil etish va o‘tkazish uchun ishchi guruhlarni tuzish;

oltinchidan, fuqarolarning intellektual mulkka bo‘lgan hurmatini oshirish hamda ularning bu sohadagi huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot materiallari (ommabop risola, flayer, axborot materiallari, audio, video mahsulotlar va sh.k.) yaratish;

ettinchidan, intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqot faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish;

sakkizinchidan, talabalar orasida turli tanlovlar va stipendiyalarni e’lon qilish;

to‘qqizinchidan, talabalar va mustaqil tadqiqotchilar tomonidan mustaqil ravishda intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga doir talabnomalar topshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish.

Bundan tashqari, 2019/2020 yildan boshlab intellektual mulk sohasida yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida universitetda “Intellektual mulk va axborot texnologiyalari huquqi” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlarni tayyorlash ham yo‘lga quyilib, Amaliy huquqshunoslik kafedrasining bevosita ishtirokida magistrlarni tayyorlash jarayoniga huquqni qo‘llash amaliyotida vujudga kelayotgan muammolarni tahlil qilish va ular bo‘yicha yechimlar berish bilan bog‘liq pedagogik usullar va texnologiyalar joriy etildi.

Amaliy huquqshunoslik kafedrasi tashkil etilgan vaqtdan boshlab talabalar va izlanuvchilar ishtirokida qator tadbirlar, xususan joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi ishtirokida tovar belgilarini onlayn ruyxatdan o‘tkazish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazilib, unda my.ima.uz platformasining dastlabki taqdimoti, respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Kontrafaktsiz oy» oyligining mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida talabalar ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk huquqlarining rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi. Shu bilan birga 26-30 aprel kunlari Xalqaro intellektual mulk kuniga bag‘ishlab xalqaro konferensiya, viktorina va olimpiada kabi tadbirlarni o‘z ichiga olgan “IP TSUL Week” tashkil etildi. Mazkur tadbirlar talabalarning intellektual mulk huquqi bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan bir qatorda, ularning mazkur sohaga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqini yanada ortishiga sabab bo‘ldi.

Umuman olganda tashkil etigan Amaliy huquqshunoslik kafedrasi fuqarolarning intellektual mulkka bo‘lgan hurmatini oshirish hamda ularning bu sohadagi huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ishtirok etishga, intellektual mulk sohasidagi ta’lim, ilmiy-amaliy va boshqa tadbirlarni tashkil etishga, tajriba va bilimlar bilan o‘zaro almashish, xususan malaka oshirish va stajirovkalarni tashkil etish, seminar-trening, konferensiya, biznes-forumlar va boshqa tadbirlarni amalga oshirish, intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqot faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish, yuridik kadrlar, jumladan patent vakillarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda kasbiy rivojlantirishda ishtirok etishga katta hissa qo‘shadi. Shuni ta’kidlash lozimki, Intellektual mulk huquqi kafedrasi professor-o‘qituvchilari universitetda yaratilayotgan intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoniga o‘z maslahatlari bilan huquqiy va amaliy yordamini berib kelmoqda.

Shu bilan birga, kelgusida Intellektual mulk agentligi bilan hamkorlikda Butunjahon intellektual mulk akademiyasining onlayn kurslarini bosqichma-bosqich tarzda o‘zbek tili platformasida joriy etish, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari hamda sudyalarni ham ushbu yo‘nalishdagi huquqiy bilimlarini oshirib borish rejalashtirilgan. Albatta, ushbu rejalashtirilgan ishlardan asosiy maqsad muallif va patent egalarining huquq hamda manfaatlarini himoya qilish hamda intellektual mulk ob’ektlarini amaliyotda keng joriy etishdan iborat.

Shoxjaxon XO‘JAYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti Intellektual
mulk huquqi kafedrasi mudiri, PhD

Abdumumin YuLDAShOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti Intellektual
mulk huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD

 

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img