YangiliklarMahalliyIntellektual mulk sohasidagi ta’lim metodikasi va huquqiy targ‘ibotning muhim jihatlari

Intellektual mulk sohasidagi ta’lim metodikasi va huquqiy targ‘ibotning muhim jihatlari

Mazkur sohada bo‘layotgan har bir yangilik ommaviy axborot vositalarining eng oldi qatorlarida turibdi. Bu esa o‘z-o‘zidan intellektual mulk bilan bog‘liq jarayonlarning jadallashayotganiga hamda unga nibatan huquq egalari va mualliflarda mulkiy huquqlarni anglashlik bilan bog‘liq qarashlarning uyg‘onayotganligi bilan ifodalanadi. So‘zsiz bugungi kunda intellektual mulk sohasini rivojlantirish, intellektual mulkning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi o‘rnini yaratish va oshirish, intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish masalalari, muallif va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini yetarli darajada muhofaza va himoya qilishga muhim e’tibor berilmoqda.
Fikrimizcha, ushbu sohadagi islohotlar, xususan, mualliflar huquqlarini himoya qilish, tijoratlashtirish, tadbirkorlarning o‘zining “brend”iga egalik qilishi bilan bog‘liq masalalar, avvalo, intellektual mulk yo‘nalishidagi ta’lim va targ`ibotga daxldor. Shuni ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi kafolatlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyada mustahkamlangan mazkur modda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 27-moddasi bilan o‘zaro hamohangdir. Unga ko‘ra, har bir inson jamiyatning madaniy hayotida erkin ishtirok etishga, san’atdan bahramand bo‘lishga, ilmiy taraqqiyotda ishtirok etish va uning samaralaridan foydalanish huquqiga ega. Shuni ta’kidlash kerakki, intellektual mulkni rag‘batlantirishga doir normalar ko‘plab rivojlangan mamlakatlarning bosh qomusidan o‘rin olgan. Xususan, AQSH Konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakat Kongressi ilm-fani rivojlantirish hamda mualliflar va ixtirochilarga ularning ijodiy mahsulotlariga nisbatan mutlaq huquqlarni belgilash bilan bog‘liq vakolatga ega. Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga ko‘ra, har bir shaxsga adabiy, badiiy, ilmiy, texnik va ijodiyotning boshqa turlari hamda ta’lim berish kafolatlanishi hamda intellektual mulk qonun bilan himoya qilinishi belgilangan. To‘g‘ri, ijodiy faoliyat har bir shaxsda turli darajada bo‘lishi mumkin, u katta qiymatga ega bo‘lishi yoki faqat uning muallifinigina qanoatlashtirishidan qat’i nazar u mulk sifatida himoya qilinishi kerak.
O‘zbekistonda har bir jabhada bo‘lgani kabi intellektual mulk yo‘nalishida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020 yil 12 oktabrda intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bir qator masalalar qatori tadbirkorlar uchun intellektual mulkni yaratish va himoya qilish bo‘yicha o‘quv-kurslar tashkillashtirish, tadbirkorlar mahsulotlarini brendga aylantirish dasturi va elektron maydonchasini ishlab chiqish kabi muhim vazifalar amalga oshirilishi lozimligi aytib o‘tildi. Mazkur uchrashuvda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan joriy yilning
28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4965-son qarori qabul qilindi. Mazkur qarordan intellektual mulk ob’ektlari ekspertizasini tashkil etishning tezkor usullarini qo‘llash, tadbirkorlik sub’ektlari va ixtirochilar uchun zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda tashkiliy ishlarni amalga oshirish, shuningdek, intellektual mulk ob’ektlarini tijoratlashtirish, sohada ta’lim bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirish kabi muhim masalalar o‘rin olgan.
Qayd etish lozimki, yuqoridagi vazifalarni bajarish uchun faqatgina qonunchilik bazasini takomillashtirishning o‘zini yetarli deb bo‘lmaydi. Muallif va huquq egalarining ijodiy faoliyati natijalaridan foydalanilganlik uchun haq olishga bo‘lgan intilishlarini oshirish maqsadida ta’lim va huquqiy targ‘ibot masalalari muhim ahamiyat kasb etadi. E’tiborli jihati, yuqoridagi qaror bilan quyidagilar:
– intellektual mulk sohasiga oid fanlarni kadrlar tayyorlash tizimiga, jumladan respublika ta’lim tashkilotlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlarida bosqichma-bosqich joriy etish;
– intellektual mulk sohasiga oid fanlarni kadrlar tayyorlash tizimiga joriy etishning birinchi bosqichida, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarida, xususan, ishlab chiqarish va texnik, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi ta’lim yo‘nalishlarida ilg‘or xorijiy tajriba asosida hamda yosh avlod orasida ijodkorlarning mehnatiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirishga qaratilgan intellektual mulk fanlari joriy etiladi va ular bo‘yicha o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda sohada faoliyat olib boruvchi amaliyotchilar ishtirok etishi ta’minlanish;
– oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
– oliy ta’lim tizimida “Patentshunoslik” (bakalavr) yo‘nalishini tashkil etish hamda Intellektual mulk agentligi, Fanlar akademiyasi, oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari uchun bugungi kunda o‘ta zarur bo‘lgan intellektual mulk sohasidagi kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
– oliy ta’lim muassasalari va tarmoq tadqiqot institutlarida yaratiladigan ilmiy ishlanmalarni patentlash va tijoratlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish;
– hududlarda sohaviy “fan – ta’lim – ishlab chiqarish” integratsiyalashuvini ixtirochilar, innovatorlar, biznes-jamoalar, ta’lim va ilm yoshlariga maxsus axborotlar bazasi, boshqa axborot resurslardan foydalanishni o‘rgatuvchi konferensiyalar, ta’lim seminarlari, trening va davra suhbatlarini o‘tkazish xizmatlarini ko‘rsatuvchi axborot maydonchalari yaratilishida Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari rolini oshirish kabi masalalar aniq belgilab berildi.
Respublikamizda Toshkent davlat yuridik universiteti eng birinchi bo‘lib, intellektual mulk sohasida kadrlarni tayyorlash va mazkur yo‘nalishdagi fanlarni oliy yuridik ta’lim tizimiga kiritish bo‘yicha muhim ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, 2018 yilda Butunjahon intellektual mulk tashkilotining bevosita hamkorligida universitetda Intellektual mulk huquqi kafedrasi hamda 2019/2020 o‘quv yilidan esa magistratura mutaxassisligi yo‘lga qo‘yildi. Bakalavr bosqichi talabalari uchun “Intellektual mulk huquqi” o‘quv fanidan, magistratura bosqichi talabalari uchun esa “Xalqaro intellektual mulk huquqi”, “Patent huquqi”, “Intellektual mulk sohasida shartnomalar tizimi”, “Intellektual mulk sohasidagi nizolarni hal etish” va “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar” o‘quv dasturlari bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi.
Bakalavr ta’lim bosqichi talabasi “Intellektual mulk huquqi” o‘quv kursini tugatganda, intellektual mulk tushunchasi, uning iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarda tutgan o‘rni, mulkiy huquqlar va ularning tasnifi, uning iqtisodiy daromad manbasi ekanligi, huquqiy muhofaza va himoya masalalari, shuningdek undan noqonuniy foydalanilganlik uchun javobgarlik jihatlari bo‘yicha bilimlarga ega bo‘ladi.
“Intellektual mulk huquqi” o‘quv dasturi quyidagicha tizimlashtirilgan holda olib boriladi:
– intellektual mulk huquqining umumiy qoidalari;
– intellektual mulk tizimi va uning boshqa sohalar bilan aloqadorligi;
– intellektual mulkning huquqiy muhofazasi;
– intellektual mulkning iqtisodiy ahamiyati;
– intellektual mulk himoyasi va uni ta’minlash choralari;
– intellektual mulk sohasidagi shartnomalar;
– intellektual mulkning xalqaro-huquqiy muhofazasi;
– intellektual mulkni tijoratlashtirish va baholash asoslari.
Intellektual mulkning yuqoridagi tarmoqlari bo‘yicha bazaviy bilimga ega bo‘lgan talaba, davlat organi yoki xalq xo‘jaligining turli sohalarida intellektual mulk siyosatiga doir faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin. Magistratura bosqichida esa mazkur yo‘nalish mutaxassisligi talabalar quyidagi yo‘nalishlardan kelib chiqib maxsus chuqurlashtirilgan bilim va malakaga ega bo‘ladi:
– mualliflik huquqi va turdosh huquqlar;
– patent huquqi;
– patent huquqi sub’ektlarining huquq va majburiyatlari;
– sanoat mulki ob’ektlariga nisbatan patent qidiruvini amalga oshirish layoqati;
– sanoat mulki ob’ektlari, tovar (xizmat ko‘rsatish) belgisi, seleksiya yutug‘i, EHM uchun dastur va ma’lumotlar bazasiga talabnoma to‘ldirish va topshirish qobiliyati;
– intellektual mulk sohasida litsenziya shartnomasi va huquqlarni o‘tkazishga doir shartnomalarni yuritish bo‘yicha bilimlar;
– intellektual mulkning noan’anaviy turlari.
Taʼkidlash kerakki, intellektual mulk yoʼnalishi mamlakatimiz uchun endi rivojlanib kelayotgan yurisprudensiyaning muhim va tor yoʼnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli ham bugungi kunda talabalarni bu yo‘nalishdagi amaliy bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida dars mashg‘ulotlariga patent vakillari, sohadagi vakolatli organlar mutaxassis va ekspertlarini jalb qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, ushbu sohadagi nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida Amaliy huquqshunoslik kafedrasi tashkil etilgan. Yuqoridagi aytilganidek ushbu soha bevosita amaliyot bilan bog‘liq bo‘lib, magistratura bosqichi talabasi intellektual mulk bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadi. Bu esa o‘z-o‘zidan mazkur soha vakili sifatida faoliyat yuritish imkonini beradi. Shu sababdan ham bugungi kunda mazkur soha magistratura bitiruvchisiga patent vakili maqomini berish taklifi ilgari surilmoqda. Sababi, patent vakili deganda nafaqat intellektual mulk ob’ektlariga talabnoma topshiruvchi shaxs tushunilishi kerak, balki soha bo‘yicha nazariy bilimlarga ega bo‘lishi lozim. Aynan patent vakili instituti davlat va tadbirkorlar, ixtirochilar o‘rtasida ko‘prik hamda aholining bu yo‘nalishdagi bilimlarini oshiruvchi sifatida qaralishi kerak.
Intellektual mulkka doir ta’limning rivojlanib borishi quvonarli hol, xususan, joriy yil O‘zbekiston milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakultetida yurisprudensiya sohasida 60421100 – Patentshunoslik yo‘nalishi tashkil etildi. Bu esa o‘z-o‘zidan kelgusida ijobiy natijalarni beradi. Kelgusida OTMlararo kafedralar faoliyatini ham yo‘lga qo‘yilishi maqsadga muvofiq sanaladi. Sababi intellektual mulkda nafaqat yuridik bilimlar balki texnik, iqtisodiy bilimlarga ham ega bo‘lishlik ham talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi, bir qator OTMlarda faoliyat yuritayotgan Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari bilan hamkorlikda aholi o‘rtasida keng tushuntirish va targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq sanaladi. Yuqoridagilarga ko‘ra, ta’lim yo‘nalishiga doir quyidagi takliflar ilgari surilmoqda:
I. Intellektual mulk huquqi yo‘nalishi o‘zining xususiyati va yo‘nalishlaridan kelib chiqib quyidagi 3 ta tarmoqqa (guruh) bo‘linadi:
– patent (sanoat mulki) huquqi yo‘nalishi (ixtiro, foydali modellar, sanoat namunalari (dizayn);
– mualliflik huquqi va turdosh huquqlar ob’ektlari (adabiy, badiiy, san’at asarlari, ijrolar, eshittirish va ko‘rsatuv beruvchi tashkilotlar huquqi);
– individuallashtirish vositalari (tovar belgisi, firma nomi, domen nomi).
Ushbu yo‘nalishlardan kelib chiqib malaka oshirish va qayta tayyorlash bilan bog‘liq kurslarni tashkil etilishi maqsadga muvofiq. Sababi ushbu uchta yo‘nalish o‘zining auditoriyasi va amaliyotdagi faoliyati nuqtai nazaradan keskin farq qiladi. Xususan, patent huquqi – Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari, sanoat koxonalari (NKMK, OKMK kabi), aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi olim va mutaxassislar uchun, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar – shoir, yozuvchi va turdagi ijodkorlar (Bastakorlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi, radio, televideniya (davlat, xususiy), IT parklar, kutubxonalar kabi) uchun, individuallashtirish vositalari esa barcha turdagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun ahamiyatli sanaladi. Fikrimizcha, ushbu yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha tegishli kurslarni tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
II. Amaldagi patent vakillari hamda patent vakiligiga nomzodlar uchun maxsus malaka oshirish va tayyorlov o‘quv kurslarini tashkil qilish. Ilgari Intellektual mulk agentligi qoshidagi IP Center O‘quv markazida 120 soatga mo‘ljallangan (1 oylik) o‘quv kurslari mavjud edi. Bunda yuqoridagi barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan holda o‘quv kurslarini tashkil etish lozim.
III. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida tijoratlashtirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, oliy ta’lim vazirligi va ta’lim inspeksiyasi tomonidan ta’lim muassasalari tomonidan yaratilgan intellektual mulk ob’ektlarini tijoratlashtirish bo‘yicha maxsus reytinglar yuritiladi, KPI tizimga ham alohida ball bo‘yicha kiritilgan. Shu bilan birga, xususiy tartibda maxsus venchur fondlar, innovatsion va raqamli markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu maqsadda “Intellektual mulk asoslari” rukni ostida maxsus o‘quv kurslarini tashkil etilishi maqsadga muvofiq va o‘ylashimcha qamrov doirasi ham oshishi mumkin.
Mazkur takliflardan asosiy maqsad muallif va patent egalarining huquq hamda manfaatlarini himoya qilish hamda intellektual mulk ob’ektlarini amaliyotga tijoratlashtiriga keng joriy etishdan iborat.

Abdumumin Yuldashov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Intellektual mulk huquqi kafedrasi
dotsenti v.b., yu.f.f.d.

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img