ЯнгиликларҲуқуқKam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash bilan bogʻliq qanday...

Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash bilan bogʻliq qanday muhim oʻzgartirishlar kiritildi?

Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash bilan bogʻliq quyidagi asosiy oʻzgartirishlar kiritildi:

·    amalda boʻlgan kam taʼminlangan oilalarga 14 yoshgacha bolalari uchun nafaqa va 2 yoshgacha bolani parvarish qilish nafaqasi oʻrniga yagona bolalar nafaqasi joriy etildi.

·    bolalar yoshi meʼyori 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi.

·    toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytirildi.

·    nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanishi joriy etildi. Bunda:

·    3 yoshgacha bitta farzandi uchun – 325 ming soʻm;

·    3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bitta farzandi uchun – 250 ming soʻm;

·    ikkinchi farzandi uchun qoʻshimcha – 150 ming soʻm;

·    uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qoʻshimcha –100 ming soʻmdan;

·     farzandi boʻlmagan yoki farzandlari 18 yoshdan katta boʻlgan kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanishi joriy etildi.

·        moddiy yordamning miqdori – 380 ming soʻmni tashkil etadi.

Avvalgi tartib bilan solishtiriladigan boʻlsa, 4 nafar farzandi bor oila 384 ming soʻm miqdorida 14 yoshgacha nafaqa olib kelgan boʻlsa, ushbu oila ham endilikda 600 ming soʻm miqdorida nafaqa olish imkoniyatiga ega boʻldi.

2021-yi 1-sentyabrdan – oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad miqdori 393.8 ming soʻmdan 440 ming soʻmga oshirildi.

2022-yildan boshlab – oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan oshmaganda oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etilishi belgilab qoʻyildi.

Murojaat qilish tartibi: Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga taqdim etiladi.

Arizalar quyidagi hollarda rad etiladi:

·        oilaning har bir aʼzosiga belgilangan meʼyor (440 ming soʻm)dan yuqori daromadi mavjud boʻlganda;

·        2 va undan ortiq koʻchmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud boʻlganda;

·        oila aʼzolarining oʻz nomiga rasmiylashtirilgan yoki bosh ishonchnoma asosida foydalanayotgan ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan texnik holati soz boʻlgan yengil avtotransport vositasi boʻlganda;

·        ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz boʻlgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;

·        2 yoki undan ortiq texnik holati soz boʻlgan avtotransport vositasi mavjud boʻlganda;

·        ariza beruvchi va oila aʼzolarining tijorat banklaridagi depozit hisob raqamlarida ariza bergan oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiqroq miqdorda mablagʻlar mavjud boʻlganda;

·    ariza beruvchi va oila aʼzolarining mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiqroq miqdorlarda qimmatli qogʻozlar mavjud boʻlganda;

·    Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Mudofaa sanoati qoʻmitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlari xizmatchilari va xodimlari yoki ularning oila aʼzolari, shuningdek, pensionerlari tomonidan arizalar taqdim etilganda;

·    Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalar va ularning oila aʼzolari pensiya taʼminoti shartlari, meʼyorlari hamda tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga asosan pensiyalar bilan taʼminlanganda;

·    Oilada mehnat organlari tomonidan tayinlangan ishsizlik nafaqasini olayotgan aʼzolari mavjud boʻlganda;

·    oilada oxirgi 12 oy davomida ish qidirayotgan aʼzosi mehnat organlarining ishga doir taklifini ikki yoki undan ortiq marotaba rad etganda;

·    daromadning rasmiy manbalariga ega boʻlmagan va oxirgi 6 oy maboynida ish izlab mehnat organlariga hisobda turmagan, oʻzini-oʻzi band qilgan shaxslar roʻyxatiga kiritilmagan yoki haq toʻlanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan oilaning mehnatga layoqatli aʼzosi mavjud boʻlganda nafaqalar tayinlash rad etiladi.

Ushbu qoida quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:

·    “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobda turgan shaxslarga;

·    bola uch yoshga toʻlguniga qadar parvarish qilayotgan onalarga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga);

·    taʼlim muassasalarida oʻqiyotganlarga (taʼlimning kechki va sirtqi shakllari bundan mustasno);

·    ishlamaydigan pensionerlarga, davlat pensiyasi tayinlash uchun zarur ish stajiga ega boʻlmagan shaxslarga va mehnatga layoqatsizlik yuzasidan nafaqa oluvchi fuqarolarga, OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga, I yoki II guruh va bolalikdan nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha shaxslarga;

·    amalda tomorqa yer va/yoki dehqon xoʻjaligini yuritish bilan band boʻlgan oila aʼzolariga;

·    18 yoshgacha bolalikdan nogironligi boʻlgan, shu jumladan, OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarning onalariga (onasi boʻlmagan holda otasiga), oila aʼzosi hisoblangan I guruh nogironligi boʻlgan shaxsni yoki oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan keksalarni parvarish qilayotganlarga;

·    chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila aʼzolariga;

·    sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi boʻyicha jazoni ijro etish muassasalarida boʻlganligi munosabati bilan oilada boʻlmagan aʼzolariga;

·    oilaning chaqiriq boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan aʼzolariga;

·    bolasini yolgʻiz tarbiyalayotgan yolgʻiz onalar (otalar)ga hamda nikohi bekor qilingan ayollarga;

·    rasmiy daromad manbalariga ega boʻlmagan va oxirgi bir yil mobaynida “Temir daftar” roʻyxatida boʻlgan oilalarga;

·    toʻrt va undan ortiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan farzandi mavjud boʻlgan oilaning mehnatga layoqatli har bir aʼzosiga nisbatan.

Nafaqani tayinlash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror inson omilisiz “Yagona reestr” tomonidan avtomatik ravishda qabul qilinadi.

Bunda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va Pensiya jamgʻarmasi xodimlari nafaqa tayinlash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqiga ega emas.

Nafaqani tayinlash yoki rad etish qarori haqida arizachiga SMS xabar orqali maʼlum qilinadi.

Shuni alohida takidlash joizki, 2021-yil 1-sentyabrga qadar tayinlangan ijtimoiy nafaqa va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam avtomatik tarzda, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatishning yangi tartibiga asosan nafaqa miqdori oshishi nazarda tutilgan fuqarolardan qoʻshimcha ariza va hujjatlar talab etmagan holda, kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasiga oʻtkazilishi belgilab qoʻyildi.

Aytib oʻtish zarurki, mazkur oʻzgarishlar amaldagi kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tizimi kamchiliklarini bartaraf etish va ijtimoiy adolatli tizimni yaratishga koʻmaklashadi.

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img