Kimlar ishsiz deb e’tirof etiladi, ishsizlik nafaqasi kimlarga, qanday tartibda beriladi?

0

Pandemiya sabab ishsizlar soni ko‘paydi. Bunday sharoitda kimlar ishsiz deb e’tirof etiladi, qanday holatda ishsizlik nafaqasi to‘lanadi, degan savollar atrofida aholi orasida ko‘p muhokamalar bo‘lmoqda.

Shu sabab ishsizlik nafaqasi aynan kimlarga, qanday tartibda to‘lanishi, kimlar ishsiz deb e’tirof etilishi masalasida mutaxassisga murojaat qildik.

Xorazm viloyat adliya boshqarmasi, Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Odilbek Jumaniyozov qonunchiligimizga ko‘ra ishsizlik nafaqasining berilish tartibini tushuntirdi:

— Ma’lumki, ishsizlik nafaqasi ishdan mahrum bo‘lgan, birinchi marta ish qidirayotgan, shuningdek uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashni istagan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga to‘lanadi.

Mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab o‘n kun ichida o‘zlariga taklif qilingan maqbul keladigan ishni ikki marta rad etgan shaxslarlarga esa nafaqa to‘lanmaydi. Bunday shaxslar taklif qilingan ishni rad etgan paytdan boshlab o‘ttiz kalendar kun o‘tgandan keyingina ishsiz sifatida takroran ro‘yxatga olinish huquqiga egadirlar.

Shuningdek, ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kundan e’tiboran tayinlanadi. Bundan tashqari qaramog‘ida uchtagacha kishi bo‘lgan, o‘ttiz besh yoshga to‘lmagan ishsiz erkakka ham ishsizlik nafaqasi u haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etgan taqdirda tayinlanishi mumkin.

Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab kechi bilan o‘n birinchi kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Bu nafaqa ko‘pi bilan:

  • ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxsga o‘n ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta;
  • ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxsga esa o‘n uch kalendar hafta mobaynida to‘lanadi.

Ishsiz fuqaro ishsizlik nafaqasini olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga ishga yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun murojaat qilishi shart.

Shuningdek, ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan shaxslar uchun ishsizlik nafaqasi oldingi ish joyidagi oxirgi bir yilgi o‘rtacha ish haqiga foiz nisbatida, boshqa hollarda ishsizlik nafaqasi qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga foiz nisbatida belgilanadi.

Qaramog‘ida o‘n olti yoshga to‘lmagan bolalari va boshqa kishilar bo‘lgan ishsiz shaxslarga nafaqa miqdori o‘n foizga oshiriladi.

Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan taqdirda, ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga oldingi ish joyidagi o‘rtacha ish haqining ellik foizi miqdorida, ammo qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz bo‘lmagan va nafaqani hisoblash paytida O‘zbekiston Respublikasida tarkib topgan o‘rtacha ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda ishsizlik nafaqasi to‘lash, ilgari ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan va ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga mahalliy mehnat organi tomonidan kasbga tayyorlash yoki ishga joylashish imkoniyati berilmagan taqdirda, ularga qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida 26,5 foizi miqdorida nafaqa to‘lash kafolatlangan.

Uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan ishsiz shaxslarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan 35,2 foizigacha bo‘lgan miqdorda to‘lanadi.

Ishsizlik nafaqasini to‘lashning belgilangan muddati o‘tishi munosabati bilan ishsizlik nafaqasini olish huquqidan mahrum bo‘lgan ishsiz fuqarolarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan yoki mahalliy budjetlardan ajratiladigan moddiy yordam ko‘rsatilishi mumkin.