TahlilKitobsizlik olami...

Kitobsizlik olami…

DINIY haqiqatlar ham, ilmiy haqiqatlar ham kitobni inkor eta olmaydi. Kitob — buyuk mo‘‘jiza. U Yaratganning bandasiga bergan eng buyuk in’omi. Ilohiy bir rishta odam bolasini kitobga taqdir iplari bilan chambarchas bog‘lab qo‘ygani rost. Ammo… ammo odam bolasi kitobni o‘zi inkor etsa-chi?! Kitobsiz yashashga o‘rgansa-chi?!

Kitobsizlik shunday bir fojiaki, u insonni bilib-bildirmay to‘g‘ri yo‘ldan ozdiradi. Xato ishlarga undaydi. Bir gapimni inkor eta olarmidingiz? Agar Yaratgan yuborgan to‘rt kitobga odam bolasi to‘la amal qila olganida Yer yuzi qanday obod bo‘lardi? Yo‘q, odam bolalari kitobning mo‘‘jizaligini unutdi.

Fanda insonning paydo bo‘lishi ilmiy dalillar bilan o‘rganilsa, diniy qarashlarda Odamning yaralishi buyuk bir tarix! Odam bolasiga kitob degan mo‘‘jiza nega berildi ekan? Hech shu haqda o‘ylab ko‘rganmisiz? Hamma narsani bekamu ko‘st yaratgan zot o‘qishni bilmagan payg‘ambariga nega kitob berdi? Demak, odam bolasini kitobgina to‘g‘ri yo‘lga boshlay olar ekanda? Kitobgina unga do‘st bo‘la olar ekanda.

Bir o‘ylab ko‘ring, kitobdan kechganlarning ahvoli ne kechayapti?! O‘qib uqmaganlarning abgorligini ko‘zingiz ko‘rib, qulog‘ingiz eshitib turgani rost-ku!

Men bir narsaga hayron qolaman, ongli inson agar kitob ko‘rgan, o‘qigan-bilgan, uqqan bo‘lsa, birovning haqiga xiyonat qila oladimi? Odamning odam sotganini nima deb baholash mumkin?! Odamning odam so‘yganini-chi? Odamni odam nimtalab, muzxonaga tiqqanini, kafansiz ko‘mganini-chi?! Odamni odam qiynoqqa solgani, besh kunlik mol-dunyoni deb o‘zi to‘qqiz oy vujudida ko‘targan norasidasini begonaga sotgan onani-chi?! U ham odam bolasi-ku, to‘g‘rimi?!

Men barcha muammolarni kitobsizlikka yo‘ysam, xat-savodi borlar meni koyimas, deb o‘ylayman. Agar kitob ko‘rgan, o‘qigan-bilgan bola oqpadar bo‘ldi, deyishsa, men ishonmasdim. Lekin shunday bo‘layapti-ku, o‘qib-uqmayaptimikan, bugunning odamlari?! O‘zi o‘qiyaptimikan?! Ko‘zi ochiq tursa, odamzot hamma narsani ko‘rar ekan-da! Ochiq ko‘zni tuproqdan oldin ilm nuri bilan to‘ldirishni esa, hammamiz ham o‘ylamayapmiz.

Dunyoda Adabiyot degan mo‘‘jiza bor. Bugungi tezkor, shiddatkor, ur-sur zamonda uni ham chayqov bozoriga aylantirmoqchi bo‘lganlar topiladi. Ammo… yillarning o‘zi sarani saraga, puchakni puchakka ajratadi. Katta Adabiyot odamlari bo‘lgan ziyoli qatlam hamma zamonlarda ham komil insonni orzulab, bor umrini ijodga bag‘ishlagani rost. Hamma zamonlarda ham Adabiyotning muxlislari, muhiblari, chin do‘stlari bo‘lgan. Bugun ham bor, ertaga ham Adabiyot o‘lmaydi. Kitob ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Shaxsan men bunga Yaratganning borligiga ishongandek buyuk iymon bilan ishonaman!

Otang o‘tirgan uyning tomiga chiqma, deb bolasini tarbiyat qilgan shu xalqning yana bir gapi bor: “Gap kelganda otangni ayama!”. Quyida yozmishlarim ba’zilarga og‘ir botar, ba’zilarning vijdonini uyg‘otar, ba’zilarni kechalari uxlolmas darajada iymonga qaytarar-qaytarolmas, bilmadim, lekin aytmasam, dilim kuyar armonlarim bor mening ham.

Ko‘p bo‘lmadi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindim. Muallifligimda uchta kitob nashrdan chiqqan bo‘lsa, ozmi-ko‘pmi noshirlikda o‘n yildan ortiq ishlab, qancha kitob mualliflari bilan suhbatdosh bo‘lish baxtini his qildim. Bugun kitobsevarlar pulsevarlarga, pulsevarlar nafssevarlarga, nafssevarlar esa… yana allaqanday sevarlarga aylanganidan dilim kuyadi, xolos.

Shunday bir g‘ala-g‘ovur mahalda, qator-qator aroq do‘konlari bor shaharu tumanlarda kitob do‘konlari sanoqli ekanidan kuyunib yozayap­man. Shaxsan bir kitobxon sifatida bugungi kitob targ‘ibotidan zarracha qoniqmayman. Nega bugun bosh og‘rig‘ini tuzatadigan dorining reklamasi shuncha kuchli-da, qalb og‘rig‘ini tuzatuvchi kitobning targ‘iboti “nol”?! Ko‘cha tili bilan aytganda, bugun kitobning qadri yo‘q. Chin kitobxonlar meni kechirsin, lekin shundayligi bor gap.

Chinoz degan bir yurtda ulg‘ayib, yigirma yilcha tuman gazetasida ishlashimga to‘g‘ri keldi. Qancha-qancha kitobsevarlarni ko‘rdim, qancha-qancha obro‘sevarlarni… o‘zim bilaman. Bir narsani tushundimki, kitobni sevib qolish uchun yosh ham, vaqt ham, puldor bo‘lishu pulsizlik ham ahamiyatsiz ekan! Kitobga mehr boshqa bir ehtiyoj bilan odamning shuurida paydo bo‘lar ekanki, uni hech bir mezon bilan o‘lchay olmaysiz. Bir kitob uchun qora qozoniga go‘sht tushmasa ham rozi odamlarni ko‘rdim, bir kitob uchun o‘g‘ri nom olganlarni ham ko‘rdim. Ikkisiga ham havasim keldi. Harqalay birovning hamyoniga qo‘l solgandan ko‘ra kitob o‘g‘irlaganni oqlasa bo‘lar, balki. Bolalardek beg‘ubor bir orzu qilaman, qani endi hamma kitoblarni o‘g‘irlab ketishsa… qani endi o‘g‘irlab ketishga arzigulik kitoblarimiz ko‘p bo‘lsa… qani endi boshqa narsa haqidamas, kitob o‘qiganimiz haqida suhbatlashsak… g‘iybat o‘rniga hikmatdan gaplashsak… Qani endi son-sanoqsiz dorixonalargamas, kutubxonalarga shoshib, allaqayerimiz og‘rigani uchun doritalabmas, qalbimiz og‘rig‘i uchun kitobtalab bo‘lsak!

Qani endi hamma otalarimiz ham ro‘zg‘orlik qilganida yangi kitob bilan uyga qaytishsa… Qani endi gap-gashtakda diydorlashgan onalarimiz uyga kitob bilan qaytishsa, balki shunda oilaviy ajrimlaru sudma-sud yugur-yugur, chop-choplar, qama-qamalar, yoz-yozlar, firibgarliklar, otasini tanimagan tirik yetimlaru muruvvat va saxovat uylari bo‘lmasdi bu olamda. Tarbiyasi butun, ilmida mustahkam, nafsiga chidamli, taqvosi bor, chin ilmi bor oilalar ham yo‘q emas. Ramazonda qancha-qancha ko‘zlar kitobga mahliyo. Qancha-qancha oilalarda Ramazoni sharifning fayzi bilan din tarixi o‘rganilmoqda. Diniymi, dunyoviymi, u kitob! Xoh diniy, xoh dunyoviy bo‘lsin, har bir kitob dil malhami. Hech bir kitob hech qachon odam bolasini yovuzlikka, xiyonatga, aldovga o‘rgatmaydi. Agar u chindan ham kitob bo‘lsa!

Gulbahor ORTIQXO‘JAYEVA,
“Inson va qonun” muxbiri

 

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img