TahlilKoronavirus bilan kurashish odamlarga nimani o‘rgatdi?

Koronavirus bilan kurashish odamlarga nimani o‘rgatdi?

Muammoli vaziyatlar inson ruhiyatiga, ma’naviy va jismoniy quvvatiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi, ammo umid va ishonch yana olg‘a qadam bosishga, qiyinchiliklarni yengishga undaydi. Qalbingizda shukronalikka joy bo‘shating. Shunda muammolar ta’sirini, albatta, ijobiy tomonga o‘zgartira olasiz.

Bugun dunyoga tahdid solayotgan muammo — koronavirus bilan kurashish bizga nimani o‘rgatdi? Tan olish kerak, u har qanday holatda tadbirli va tartibli bo‘lishimiz lozimligini ko‘rsatdi.

Bejizga “Tadbir bandadan, taqdir esa yaratgandan” deyishmagan. Virus bilan kurashish o‘z-o‘zimizni nazorat qilib yashashga majbur qildi. Biz shu choqqacha ham shunday edikmi? Yurish-turishimizga, harakatlanishimizga, boshqalar bilan munosabatlarimizga, atrof-muhit tozaligiga va hakozalarga shunday e’tiborli edikmi? Yo‘q, albatta. Avvalgi holatimizni bir eslaylik-a, oilamiz yoki mehnat jamoamizda, hatto, kimdir gripp yoki shunga o‘xshash kasallikka chalingan bo‘lsa-da yonimizda bemalol yo‘talib ham, aksirib ham yuraverardi. Bunga e’tibor ham qilmasdik, hatto bir-birlarimizga ham yuqtirib olardik. Qanchalik tadbirsiz, qanchalik tartibsiz va qanchalar e’tiborsiz bo‘lgan ekanmiz, afsus.

Virus bilan kurashish bizni poklikka, tozalikka o‘rgatdi

Albatta, muqaddas dinimiz — islom dini poklik, tozalik dinidir, poklik imondandir, deb ta’lim beradi. Shuning uchun farzandlarimizni bolalikdan poklikka, ozodalikka o‘rgatishimiz kerakligini yaxshi bilamiz. Lekin xayotda biz qanchalik bunga rioya qildik? Shu o‘rinda virus poklikni butun dunyoga o‘rgatdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sog‘lik yaratgan tomonidan bizga berilgan qanchalik ulkan boylik ekanligini ko‘rsatdi

Shu o‘rinda yaqinda ijtimoiy tarmoqlardagi keltirilgan bir ma’lumot esimga tushdi. Italiya kasalxonalarining biridan tuzalib chiqqan 93 yoshli keksa kishi industrial sun’iy nafas berish jihozining badalini talab qilishganida u yig‘lay boshlabdi. Doktor hisob varag‘i tufayli yig‘lamasligini tavsiya qiladi.

Keksa kishi esa shunday deydi:

To‘lashim lozim bo‘lgan pul tufayli yig‘lamayapman. Bu to‘lovlarning hammasini to‘lashga kuchim, imkonim bor. Meni yig‘lashga majbur qilgan narsa 93 yildan buyon Tangrining havosidan hech qiyinchiliksiz nafas olmoqdaman va buning badali (haqi)ni hech to‘lamadim.

Vaholanki, birgina nafas beruvchi jihoz uchun bugun har kuniga 500 yevro to‘lab turibman. Tangridan qanchalar qarzdorman, bilasizmi? Bu ne’mat uchun bir bor bo‘lsa ham tashakkur aytmabman, shukr qilmabman!

Haqiqatan ham inson har kuni o‘rtacha yigirma to‘rt ming marotaba nafas olayotgani va yana shu miqdorda nafas chiqarayotganini bir tasavvur qilsak, yaratganni bizga in’om etgan bu boyligini to‘liq idrok eta olamiz. Hatto uxlaganimizda ham nafas olishdan to‘xtamaymiz va hech kim “voy nafas olishdan charchadim”, ham demaydi. Aynan, bu ne’matning qadrini, qiymatini o‘rgatmadimi virus bilan kurashish bizga? Umrimizni, uning har bir daqiqasini, har bir nafasimizni qadrlashni o‘rgatmadimi? Inson sifatida umr davomida o‘zimizga, xalqimizga, yurtimizga, qolaversa, butun insonlarga naf berib yashashimiz kerakligiga o‘rgatmadimi? Oilada, mehnat jamoasida hamkasblar bilan, jamiyatda insonlar bilan o‘zaro munosabatimizni tubdan o‘zgartirishga va yaxshilashga o‘rgatmadimi bizni?

Yuragimizda sog‘inch hissini uyg‘otmadimi?

Yaqin do‘stlar va insonlar bilan ko‘rishib bir davrada suhbatlar qurishni, qarindoshlarimiznikiga mehmonga borishni, qariyalarimiz yoki kasallarimiz holidan xabar olishga borishni, ishimizga emin-erkin borib hamkasblar bilan birgalikda faoliyat yuritishimizni, birgalikda xayrli tadbirlarda yoki ibodatlarda ishtirok etishimizni sog‘intirmadimi va bu orqali ularning qadrini bizga bildirmadimi? Hozirchi, hozirgi karantin davrida nafaqat o‘zimiz do‘stlarimiz yoki tanishlarimizni, hattoki o‘z farzandlarimiz yoki nevaralarimizni ham bag‘rimizga olib erkalashdan va hatto ular bilan yaqinroq masofada bo‘lishdan ham tiyilib turibmiz.

Boriga, qanoat qilish, shukr qilishni o‘rgatdi

Yaqinda ham u yoki bu holimizdan nolib, har bir qilinayotgan ishlardan kamchilik va nuqson axtarib yashamayotganmidik? O‘zimizni yashash tarzimiz uchun kimnidir ayblab kelardik? To‘g‘rimi?

Eng yomoni, ayrimlarni bu xislat hanuz tark etolmayapti.

Bugun o‘z kasbi orqasidan oila tebratayotgan insonlarning ishlari yurishmay, oddiy qilib aytganda, tirikchiligi pandemiya sabab to‘xtab qolgan davr. Davlatimizning bu borada olib borayotgan siyosatida eng avvalo kam ta’minlanganlar, jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga yordam ko‘rsatish, ularni karantinda joriy etilgan tartib-qoidalar bois yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar va noqulayliklardan asrash kabi muhim jihatlar birinchi o‘ringa qo‘yilganini ko‘rishimiz mumkin. Hukumatimiz va ko‘pgina hamyurtlarimizning olijanob amallari sabab homiylik yordamlari tashkil etilmoqda. Muhtoj oilalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini ham ko‘pga teng taqsimlanishiga e’tibor qaratilmoqda. Bugungi shu kunda ham ijtimoiy yordamning “miqdorini o‘lchayotgan” ba’zi bir yurtdoshlarimizga qarab nahotki biz shunaqa xalq bo‘lsak, ocharchilik va urush davrlarida bir mayizni qirqqa bo‘lib yegan otalarimiz, o‘z bolasi qatori yetimlarni boshini silagan onalarimizning sabr va matonati endi o‘tmishda qoldimi degan savol paydo bo‘ladi.

Bugun aksariyat davlatlarda ushbu kasallikka chalingan bemorlar tuzalishi uchun o‘z hisobidan katta mablag‘ sarflashlariga to‘g‘ri kelayotgan bir paytda bizning yurtda bemorlar mutlaqo tekin, davlatimiz g‘amxo‘rligi ostida, jahon standartlariga to‘la javob beradigan davo muolajalarini olishmoqda. Shuni o‘zi insonparvarlik oliy darajada qadr topgan yurtda yashayotganligimizga shukronalar keltirishimizga yetmaydimi?

Eshbek Maxammadiev,
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img