YangiliklarHuquqKoronavirus va iqtisodiyot: qay tomonga ketmoqdamiz?

Koronavirus va iqtisodiyot: qay tomonga ketmoqdamiz?

2020 yilning mart oyining o‘rtalarida mamlakatimizda koronavirus virusini yuqtirgan birinchi bemor aniqlandi. Bu salbiy hodisa esa hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasi bilan kurash choralari belgilanishiga sabab bo‘ldi. Bugungi kunda jahon miqyosida koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda, shu jumladan, insonlarning harakatlanishiga cheklovlar kiritish va korxonalar faoliyatini to‘xtatish orqali misli ko‘rilmagan choralar ko‘rilmoqda.

Bu esa eng yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlarda ishlab chiqarish va iste’mol hajmlarining keskin qisqarishi, global ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalarining izdan chiqishi, dunyo moliya bozorlarida xomashyo tovarlari narxining pasayishi va kon’yunkturaning yomonlashuvini keltirib chiqardi.
Global iqtisodiyot tizimining bir qismi bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham mazkur omillar ta’sir qilmoqda, bu esa o‘z navbatida ushbu holatning salbiy ta’sirlarini yumshatish bo‘yicha samarali oldini oluvchi choralar ko‘rishni talab qiladi.

Joriy yilning 20 mart kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolati ostida jalb etilgan kreditlarni so‘ndirish, shuningdek, birinchi darajali xarajatlarni amalga oshirish uchun foizsiz byudjet ssudalari ajratish yo‘li bilan strategik korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish; tashqi savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish; koronavirus infektsiyasi tarqalishining salbiy ta’siriga eng ko‘p uchraydigan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini, shuningdek, kredit portfeli sifati yomonlashgan hollarda tijorat banklarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha choralarini taqdim etish; uch yilgacha bo‘lgan muddatga foizsiz byudjet ssudalarini ajratish orqali soliq to‘lash muddatlari bo‘yicha kechiktirish taqdim etilishi hamda tadbirkorlik faolligining sustlashishi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarida olinmay qolinadigan daromadlar o‘rnini to‘ldirish kabi vazifalar belgilab berildi.

Demak, bugungi kundagi xalqimiz uchun sinov bo‘lgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash sharoitida hamda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi.
Farmonga ko‘ra 2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha:

yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytirilishi; alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdori 5 foizdan 3 foizga pasaytirilishi; umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun yig‘imlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytirilishi;

soliq tekshiruvlariga bir yillik moratoriy e’lon qilinishi va yana ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlari uchun yengilliklar yaratish nazarda tutilgan.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish borasida qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Albatta, bu sharoitlardan unumli foydalanib o‘zining biznesini yo‘lga qo‘yish orqali xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari uchun turfa xil mahsulotlar ishlab chiqarayotgan yurtdoshlarimiz ko‘plab topiladi. Ular mamlakat sanoatini yuksaltirishga ko‘mak berish bilan birga, respublikamiz iqtisodiyoti rivojiga o‘zining munosib ulushini qo‘shib kelmoqda.

Berilgan imkoniyatni suiste’mol qilayotganlar ham bor…

Biroq ushbu sohada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ayrim kimsalar berilgan imkoniyat va ko‘rsatilgan ishonchni suiste’mol qilib, daromad topish maqsadida noqonuniy xatti-harakatlarga qo‘l urayotgani achinarli.

Lekin ba’zi shaxslar moddiy naf ko‘rish, ta’magirlik maqsadlarida soxta tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, davlatning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazish holatlari uchrab turibdi. Shu sababli jinoyat qonunining 179-moddasida soxta tadbirkorlik uchun javobgarlik belgilangan.

Hukumatimiz fuqarolarni mamlakatda koronavirus tarqalib ketishining oldini olish maqsadida e’lon qilingan karantin davrida osoyishtalik bilan to‘g‘ri yo‘l tutishga chaqirmoqda. Mazkur vaziyatni imkoniyat deb bilib, o‘z nafsini ustun qo‘yadigan, ushbu jarayonlarda o‘z yurtdoshlarining hamyonini “o‘marishga” urinayotgan soxta “tadbirkor”larning har qanday qing‘ir ishi albatta fosh bo‘lishi aniq.

Davlatimiz tomonidan soliq to‘lovchilarga ko‘plab imtiyozlar berilgan. Jumladan, soliq yukini kamaytirish borasida ishlar, soliq to‘lov shakllarining soddalashtirilgan tartibi joriy qilinganligi, inson omiliga bog‘liq bo‘lmagan tarzda halol soliq to‘lovchilarga alohida yashil yo‘laklar tashkil etilganligi fikrimizning isbotidir.

Jinoyat kodeksining 184-moddasida soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Lekin ushbu moddada ham bir qator bo‘shliqlar mavjud. Mazkur bo‘shliqlardan hozirgi vaqtda amaliyotda uchrab turadigan pulni naqdlashtiradigan – xalq tili bilan aytganda «obnal» korxonalar g‘araz maqsadlarda foydalanmoqdalar. Ularning ish formati quyidagicha: aniq turar-joyi bo‘lmagan shaxslardan biri (BOMJ) korxona rahbari sifatida tayinlanadi. Ta’sischining o‘zi esa norasmiy rahbar sifatida ish yuritadi. Soliqlardan qochish maqsadida davlat manfaatlariga juda ko‘p mikdorda zarar yetkaziladi, barcha qing‘ir ishlar hech narsadan xabari bo‘lmagan, o‘z familiyasini to‘g‘ri yoza olmaydigan shaxs nomidan bitiriladi. To‘lanishi kerak bo‘lgan soliq summasi to‘lanmay, go‘yoki «yaqinda to‘lamoqchiman» degan ma’nodagi hisobotlarni topshirib, davlat oldida juda katta boqimanda qarzdorlikni vujudga keltiriladi. Shu bilan bir vaqtda bamaylixotir pul yuvish jinoyatini amalga oshiriladi. Jinoyat fosh bo‘lgandan keyin esa hech narsadan bexabar “bom”» qamaladi va shu bilan ish yopiladi.

Xulosa shuki, Jinoyat kodeksining 184-moddasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish vaqti keldi. Ochiqchasiga pulni naqdlashtirish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarni hisobot topshirib qo‘ygan, deb ma’noda javobgarlikdan ozod etish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek norasmiy rahbarlarga nisbatan ham keskin choralar ko‘rish zarur. Binobarin buning ortidan halol soliq to‘lovchilarning soliq yukini va amaldagi soliqlar stavkasini yanada kamaytirishga erishish mumkin.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, xalqimiz uchun sinov bo‘lgan hozirgi holatda har bir tadbirkor o‘z xalqi, Vatani uchun vijdonan mehnat qilib, hukumatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar asosida halol foyda ko‘rishi bugungi kunning muhim talabidir.

Gulchehra To‘laganova,

TDYuU Jinoyat huquqi va kriminologiya kafedrasi professori, 

yuridik fanlar doktori

 

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img