Koronavirusni davolashda tavsiyalar nega tez-tez o‘zgaryapti?

0

Bugun AOKA zalida Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova ishtirokida brifing o‘tkazildi. Barno Abdusamatova koronavirus infeksiyasi yuzasidan quyidagi savolga ham javob berdi:

Kuni kecha SSV tomonidan COVID-19 bo‘yicha milliy qo‘llanmani 6-nashri chiqqanligi aytib o‘tildi. Infeksiya O‘zbekistonga kirib kelganiga 5 oy bo‘lgan bo‘lsa-da, nima uchun tavsiyalar tez-tez o‘zgaryapti? O‘zbekistondagi barcha shifokorlarga ushbu tavsiyalarning har bir sonini vaqtida yetkazib berish imkoni bormi?

Pandemiya tez rivojlanayotganligi sababli, butun dunyo olimlari bir joyda to‘xtamayaptilar, ular doimiy izlanishdalar. Virusning yangi qirralari hamda yangi davolash usullari ustida muntazam ish olib borilmoqda.

Shuning uchun ham har bir davlat qo‘llanmani mahalliy sharoitlarga moslagan holda ishlab chiqadi va har qanday vaqtda qo‘llanma to‘ldirilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.

Shuning uchun ushbu qo‘llanmalarni biz vaqtincha tavsiyalar asosida yaratilgan qo‘llanma deymiz.

O‘zbekistondagi COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatadigan mutaxassislar uchun ishlab chiqilgan ushbu klinik ko‘llanmalar hozirgi kunda mavjud klinik dalillar, yaxshi tajriba va ekspert xulosalari asosida yaratilmoqda.

Qo‘llanma tayyorlashda quyidagi ikkita ustuvor yo‘nalishlar hisobga olindi:

  • COVID-19 infeksiyasi yuqishi ehtimolini kamaytirish.
  • COVID-19 infeksiyasi gumon qilinganda va/yoki tasdiqlanganda, xavfsiz tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash.