TahlilKo‘zingizni oching, haydovchi!

Ko‘zingizni oching, haydovchi!

Men 1-sinfga borganimda kenja xolam 9-sinf o‘quvchisi edi. Shu bois u har kuni meni maktabga olib ketar, kechqurun esa darslarimni tayyorlashga yordam berardi. Qolaversa, ma’nosi teran she’rlarni yodlatib, ertak va hikoyalar ham o‘qib berardi.

Bir band she’r yodlatgan, hamon esimda:

Ko‘rkam forma ustimda,
Sergakdirman postimda.
Chur-chur, chur, deyman,
Qoidali yur, deyman.

Mazmunidan ham ayonki, bu o‘sha paytda “GAI” xodimining tilidan yozilgan she’r edi. Albatta, men ayni misralarni bejiz tilga olmadim. Negaki ular hamon o‘z mohiyatini yo‘qotmagan. Ayniqsa, kunda-kunora ayanchli yo‘l transport hodisalariga guvoh bo‘layotgan, hatto ayrim “avariya”lar ijtimoiy tarmoqlarda kun voqeasiga aylanayotgan bugungi davrimizda buni yanada chuqur his qiladi kishi.

Hech birimizga sir emas, aksariyat yo‘l transport hodisalari tezlikni me’yoridan oshirish va mast holda rulga o‘tirish tufayli yuz beradi. Aytaylik, haydovchi yarim soatlik masofani 15-20 daqiqada bosib o‘tmoqchi bo‘ladi. Yoxud belgilangan manzil tomon kech yo‘lga chiqadi. Ba’zan o‘zini ko‘z-ko‘z qilib, boshqa haydovchilarni quvib o‘tadi. Oqibatda boshqaruvni yo‘qotib, eplolmay qolib, yo‘l transport hodisasini sodir etadi. O‘zini xon, ko‘lankasini maydon sanagan ba’zi hamyurtlarimiz esa spirtli ichimlik ichgach, avtoulovni boshqarishadi. Shunda tezlikni me’yoridan oshirish yoinki mastlik sabab uxlab qolish oqibatida huquqbuzarlik yoki jinoyat yuz beradi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, yo‘l transport hodisasi oqibatida inson o‘limining yuz berishi eng ayanchli va kechirib bo‘lmas holatdir. Agar O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB tarqatgan raqamlarga nazar tashlasak, o‘tgan 2020 yilda yo‘l-transport hodisalari tufayli 1962 kishi halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich esa 2019 yil(2094 nafar)ga nisbatan 6,3 foizga kamligi qayd etilgan. Ammo o‘tgan yilgi yo‘l-transport hodisasi qurbonlari mamlakatimiz bo‘ylab ayni paytgacha koronavirusdan vafot etganlardan uch barobar ko‘p.

Bundan tashqari, 2020 yilda pandemiya tufayli respublikamizda barcha transportlar harakati ma’lum muddat cheklanganini ham unutmaslik kerak. Aslini olganda, yil bo‘yi yo‘l transport hodisasi orqali 1 nafar shaxsning o‘lishi bilan ham murosa qilib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, vafot etganlarning ayrimlari haydovchilar bo‘lib, bunda o‘zlarining ham aybi bor. Biroq bunday hodisa qurboni bo‘lgan aybsiz yo‘lovchilarchi?

Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: bir fuqaro o‘zi o‘tirgan yoki qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan mashina haydovchisining aybi bilan hayotdan erta ko‘z yumdi. Xo‘sh, buning tovonini kim to‘laydi? Aybdor shaxsku qonunda belgilangan jazoni oladi. Hatto jabrlanuvchilarga ma’naviy zarar ham to‘lar. Lekin vafot etgan kishining erta yetim qolgan farzandlariga kim otalik mehrini beradi? Axir bunday noxushlik oqibatida yetimlikka mahkum bo‘lgan bolalarning gunohi nimada? kimdir hayotdan erta ko‘z yummasin. Tag‘in qilgan ishingiz tufayli bir umr vijdon azobida qolmang.

Haydovchilik madaniyati

Agar rulga o‘tirgan har qanday kishi haydovchilik madaniyatiga amal qilsa, yo‘l transport hodisalari sezilarli darajada kamayadi. Bizda esa ko‘pgina haydovchilar bir-birini hurmat qilmaydi, yo‘l harakati qoidalarini ochiq-oydin mensimaydi. Yo‘l transport hodisalarining tezlik va mastlikdan tashqari yana bir asosiy omili ana shu. Masalan, katta yo‘lning birinchi qismida turgan avtomashina haydovchisi dabdurustdan yo‘lning uchinchi qismiga o‘tib olmoqchi bo‘ladi yoxud orqaga qaytishga urinadi. Oqibatda orqadan kelayotgan haydovchi u bilan to‘qnashib ketadi. Yoki chorrahada tsvetoforning rangiga e’tibor bermay harakatlanadi.

— Svetoforning sariq rangi hamma uchun biroz to‘xtab turish ishorasini beradi. Biroq bizning “uchar” haydovchilarimiz sariq yonsa xudda yashil yongandek gazni bosishadi. Ba’zan mamlakat miqyosidagi yoki xalqaro yo‘lga mahalliy yoxud ichki yo‘ldan katta tezlikda chiqib qolish holatlari kuzatiladi. Bu esa asosiy yo‘lda tezlikda kelayotgan avtomashinalar haydovchisini gangitib qo‘yadi. Shuningdek, harakatlanishda mo‘ljalni to‘g‘ri olmaslik yoinki uzoqdan olmaslik ham turli noxushliklarga sabab bo‘ladi,— deydi ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan, 66 yoshli haydovchi Qodirali Botirov biz bilan suhbatda. — Menimcha yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun, ayniqsa, inson o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchilarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish lozim. Negaki yo‘l transport hodisasi oqibatida vafot etgan insonning yaqinlari dardiga biror nima malham bo‘la oladimi?

To‘g‘ri, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi mas’ullari va uning joylardagi boshqarma hamda guruhlari xodimlari mehnat jamoalarida, ta’lim muassasalarida, yoshlar va aholi o‘rtasida turli targ‘ibot tadbirlarini olib borishadi. Ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilib, qolaversa, targ‘ibot karvonlari tashkil etgan holda yo‘l harakati qoidalarini buzish yoki mensimaslikning ayanchli oqibatlarini ko‘rsatib berishadi. Turli tarqatma hamda ko‘rgazmali materiallar ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi. Aytaylik, katta yo‘l yoqasidagi bannerda kichkinagina qizaloqning surati berilgan. Surat ostida esa “Haydovchi, seni oilang kutmoqda!” yoki “Sekinroq yuring, otajon!” degan yozuv bor. Biroq shularga qaramay, o‘zining peshonasi devorga urilmaguncha, aksariyat qoidabuzar haydovchilarimizning ko‘zi ochilmayapti. Binobarin, bu boradagi huquqiy targ‘ibot tadbirlarini yanada jonlantirish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz.

Shuni ham qayd etish lozimki, ayrim hamyurtlarimiz yuz berayotgan yo‘l transport hodisalariga yo‘llarning nosozligini sabab qilib ko‘rsatishadi. Darhaqiqat, nosoz va notekis yo‘lda harakatlangan har qanday avtoulovning murvatlari zararlanmay qolmaydi. Murvati shikastlangan transport esa yo‘lda ravon harakatlanmaydi. Pirovardida katta-kichik “avariya” sodir bo‘lib, haydovchi yoki uning hamrohi tan jarohati oladi. Hatto ba’zan fojia ham yuz berishi mumkin.

Albatta, ayni masala hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Shu bois yaqinda O‘zbekiston Musulmonlari idorasining “Yo‘l harakati xavfsizligiga rioya qilish haqida FATVO”si ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, muqaddas dinimiz yo‘l harakati qoidalariga — ijtimoiy qoidalar sifatida qaraydi va unga rioya qilishga buyuradi. Yo‘l harakati qoidalariga rioya etish hayotni saqlash, avlodni saqlash va mulkni saqlash maqsadlariga yetishga xizmat qiladi. Qoidani buzish — boshqa bir yo‘l harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish va unga zulm qilish hisoblanadi. Musulmon kishining yo‘l harakati qoidalari, odob va madaniyatlariga amal qilishi kuzatuv kameralari yoki yo‘l harakati havfsizligi bo‘linmalari xodimlari nazorat qilayotgani uchun emas, balki amaldagi yo‘l harakati qonun-qoidalariga amal qilish — Islom dini talabi, deb e’tiqod qilgan holda bajarilishi kerak. Shunda yo‘lda yurish ham ibodatga aylanadi.

Xurshid SULTONOV,
“Inson va qonun” muxbiri

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img