TahlilMuqaddas qon hurmati...

Muqaddas qon hurmati…

Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan

(Maqolamiz qahramonlarining
har ikkisi ham suratini berishga iymanishdi.
Noqulay bo‘ladi, deyishdi…)

QON hayot uchun, or-nomus va shon uchun har doim muqaddas sanalgan. Qonga yo‘g‘rilgan ne-ne sharaflar, ne-ne armonlar, ne-ne halokatlar, ne-ne xiyonatlar bor dunyoi dunda! Eng qutlug‘ qon esa Vatan uchun to‘kilgan qon, hayot uchun, inson uchun berilgan qondir… Bugungi qahramonlarimiz oddiy, ammo Vatanning nomiga, ishonchiga munosib, qutlug‘ va muqaddas qonning hurmatini biladigan insonlar.

Vatan uchun to‘kilgan…

MUSTAQILLIK haqida gap ketganda, yurtimiz ozodligi qon to‘kilmasdan, tinch va osoyishta yo‘l bilan qo‘lga kiritildi, degan fikrlarni ko‘p tilga olamiz. Ammo bu Ozodlik va Mustaqillik uchun ne-ne buyuk zotlarning, ne-ne ulug‘ erkparvarlarning qancha-qancha begunoh qonlari to‘kilganini eslasak, Mustaqillik o‘z-o‘zidan, osonlikcha qo‘lga kiritilmaganligini his etamiz. Yuragimizni Vatan ozodligi, millat hurligi uchun jon bergan ma’rifatparvar, erkparvar ajdodlarimiz armoni egallab oladi. Ozodlikning o‘lmas g‘oyalari uchun jon fido qilgan Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitratlarning buyuk siymolari oldida o‘zimizni qarzdor sezamiz. Ularning jasorati, matonati oldida bosh egamiz.

Millat g‘ururi, millat iftixori deganda, eng avvalo, ana shu buyuk zotlar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Yaqinda ana shunday milliy g‘ururni yurak­lardan-yuraklarga ko‘chirayotgan rassomning suratlarini ko‘rib, hayratdan hayajonga tushdim. Poytaxtimizning Muqimiy va Chilonzor ko‘chalari kesishgan chorrahasida turar-joy binosi devor fonida ozodlik va mus­taqillik uchun jon bergan — Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi buyuk yozuvchilarimizning chizilgan suratlari yonidan befarq o‘ta olmaysiz. Yashil va qizil hamda oq-qora ranglar uyg‘unligidagi suratlar har qanday kishining diqqatini o‘ziga tortadigan darajada betakror ishlangan. Qizil — qon rangi, yashil — mangu tiriklik, hayot rangi, oq — yorug‘ yuz, pokiza vijdon rangi, qora — armonlar, isyonlar, nohaqliklar, qurbonlar faryodi rangini hayrat va ko‘zdagi yoshlar bilan idrok etish qanchalar og‘ir bo‘lmasin, shunchalar iftixorli…

Yuraklarni to‘lqinlantiradigan bu mo‘‘jizaning ijodkori rassom emas, qurilish sohasida geodezist bo‘lib ishlayotgan 33 yoshli Abdurahmon ismli yigit ekanligi bizni yanayam hayratlantirdi. Shon-shuhrat orttirishni yaxshi ko‘rmaydigan qo‘li gul yigit ommaga o‘zini tanishtirishni xush ko‘rmaydi. U o‘zini reklama qilishdan juda yiroq. Ammo qalbiga ilhom va zavq bergan har qanday manzarani, har qanday holatni boshqalarga yuqtirishdan, odamlarning qalbini go‘zallikka oshno etishdan zavq oladi.

— Musiqadan, muhitdan, sharoitdan, kitobdan, tarixdan, qanaqadir ikki qator so‘z ko‘rib qolsam ham, shu menga ilhom berishi mumkin, — deydi Abdurahmon ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatida. — Yaqinda Feysbuk sahifalarida Abdulla Qodiriyning “Ahvolimiz” deb nomlangan she’rini o‘qib, juda ta’sirlandim va adibning suratini chizishga qaror qildim.

Odamlar meni to‘lqinlantirgan narsalarni ilg‘ashini, his etishini, qalbida vatanparvarlik tuyg‘ulari uyg‘onishini juda-juda istayman. Ko‘cha san’ati hisoblangan bu erkin san’at zamondoshlarimiz qalbini, dunyo­qarashini yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam bersin, deyman. Asosiy maqsadim shu!

Abdulla Qodiriy surati yoniga o‘zi ta’sirlangan o‘sha she’r matnini ham to‘liq ko‘chirib qo‘ygan ijodkor yigitning qalbidan o‘sha lahzalarda nimalar o‘tganini bilmaymiz, ammo yuz yil avval yozilgan quyidagi satrlar hozirgi davr uchun ham dolzarbligiga va o‘z qimmatini yo‘qotmaganligiga tan bermasdan ilojimiz yo‘q!

“Ko‘r bizning ahvolimiz, g‘aflatda qanday yotamiz,
Joyi kelgan chog‘ida pulg‘a sotamiz.
O‘g‘limizg‘a na adab, na fan, na yaxshi so‘ylamak,
Na Xudoni buyrug‘i bo‘lgan udum o‘rgotamiz.
Kelingiz yoshlar, ziyolilar bu kun g‘ayrat qiling,
Uxlaganlarni agar qodir esak uyg‘otamiz.”

Bugun ajoyib iste’dod sohibi Abdurahmon chizgan Chilonzordagi buyuk ma’rifatparvarlar surati haqidagina fikr yuritdik xolos. Uning tunda devorlar fonida chizgan barcha suratlari go‘zal Toshkent tonglarini yangi orzular bilan uyg‘otishiga, zamondoshlarimiz qalbini nafosat va ezgulik tuyg‘ulari bilan to‘ldirishiga ishonchimiz komil! Ma’naviyat va ma’rifatga, madaniyatga mutasaddilar uni qo‘llab-quvvatlasa, vatanparvar ko‘ngillarning undan bahra olishi shubhasiz!

Hayot-mamot uchun…

Muqaddas bayram arafasi edi. Navoiy viloyat qon quyish stansiyasiga ishim tushib qoldi. Erta tongdan odam ko‘p. Bu yerga yo qon so‘rab kelishadi yoki qon topshirish uchun (donorlar) keladi. Chekkadagi o‘rindiqda dunyoning og‘ir yuklari yelkasini bosib turgandek g‘amgin qiyofada o‘tirgan ayolning yonida guldek nozik, ma’yus qarashlari yurakni ezib yuboradigan uch yoshlar chamasidagi qizaloqqa ko‘zim tushdi. Bu qizchaga qon kerakligini eshitib, har qanday odamning halovati yo‘qolishi, hushyor tortishi aniq…

Ammo hayotda hamma ham birdek xayr-saxovatli bo‘lavermas ekan. Qon topshirish uchun kelgan basavlat odamning najot kutib turgan ona-bolaga qarab: “Qancha to‘laysiz, pulini to‘lasangiz, men qon berishim mumkin”… deb savdolashganidan atrofdagilar sergak tortdi, xayolimda butun borliq alvon rangli qonga bo‘yalgandek bo‘ldi… U odamni muhokama qilishga haqqim yo‘qligini bilaman… Ammo…

Ammo, shunday kunda hayotning qadrini pul bilan o‘lchayotgan juda basavlat, ammo yordamga muhtoj odamga qo‘lini cho‘zolmaydigan, savobni bilmaydigan kimsa ko‘z oldimda bir kichik zarraga aylangandek bo‘ldi, juda ojiz ko‘rindi… Afsus!

Shukurki, hayotning yorqin sahifalari ham bor. Gohida kutilmagan manzaralarga duch kelamiz. Turli taqdirlar, ajoyib insonlar bilan to‘qnashamiz. Xuddi shu kuni yaxshi insonlardan biri bilan to‘qnashdik. Notanish yigit xuddi o‘sha soatlarda viloyat qon quyish stansiyasiga qon topshirish uchun kelganlardan biri ekan.

— Chaqirgan ekansizlar, — shunga qon zarur bo‘lsa kerak, deb ishdan ruxsat so‘rab keldim, — dedi yigit qon oladigan hamshiraga yuzlanib. Yigitdan zudlik bilan navbatsiz qon olishdi. Kutish zalida o‘tirgan qonga muhtoj bemorlarning yaqinlari yuziga qon yugurgandek, xotirjamlik kayfiyati paydo bo‘lgandek bo‘ldi…

Xayriyat, boyagi noxush manzara o‘rnini ko‘ngilni eritadigan iliqlik, mehribonlik egalladi. Bu yigitning qon guruhi kam uchraydigan, 4-guruh manfiy ekanligini, “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida chilangar bo‘lib ishlashini, u istiqlol tengdoshi ekanligini keyin bilib oldim. Odamlarga yordami tegishi uchun o‘z ixtiyori bilan qon topshirishni odatga aylantirgan bu diyonatli yigit karmanalik Shahzod Nurillayev. U katta sanoat korxonasida sakkiz yildan buyon mehnat qiladi.

Qancha-qancha bemorlarning tomiriga jon bo‘lgan zamondoshimiz mustaqillik qahramoni deyishga arziydi. Chunki inson hayotining garovi bo‘lish hamma narsadan ustun.

— Bahor kunlarining birida, — deydi u ketma-ket bergan savollarimizga javob berishi kerakligi uchun minnatdan yiroq talaffuz va yuz istihola bilan, — Navoiy shahridagi shoshilinch tibbiy yordam markazidan qo‘ng‘iroq qilib, avtohalokatga uchragan bolaga manfiy guruhdagi qon kerakligini, iloji bo‘lsa, zudlik bilan borishim zarurligini aytishganda, kimningdir hayoti menga ham bog‘liqligini his etib, yuragim o‘z xonasiga sig‘may qolgandi… Tez yetib bordim, bolaga o‘z vaqtida quyilgan qon tufayli u hayotga qaytdi. Men esa Yaratganga shukur qilib, o‘zimdan minnatdor bo‘lib ishga keldim.

U bir yildan buyon bu xayrli yo‘lda ko‘plab odamlarga yordam berayapti, ta’bir joiz bo‘lsa, savobga qolayapti, deb aytish mumkin.

Shu o‘rinda viloyat Qon quyish stansiyasi bosh shifokori Barot Normurodovning Iordaniyada haftaning har juma kunida mo‘min-musulmonlar savob uchun qon topshirishga odatlanganligi to‘g‘risidagi fikrlarini eslab, qalbimizni yorug‘ orzu-niyatlar egalladi. Juma kungi uchrashuvlarda odamlar bir-birlaridan hol-ahvol so‘rashni “Bugun qon topshirishni unutmadingizmi?” deb so‘rashdan boshlarkan. Bunday savobli amallar bizda ham odatga aylansa… qaniydi. Axir, kimgadir qon berayotganda, yaxshilik qilayotganda, qandaydir manfaat uchun emas, xayr-saxovat uchun mehr ko‘rsatsa yarashadigan millatmiz-ku! Shunday emasmi?!

Haqiqatan ham, shunday! Jaloliddin Rumiy hazratlarining ajoyib hikmatlari bor: “Qalbga kiritilgan eng yaxshi sarmoya bu marhamatdir…” Marhamatimizni muhtojlardan darig‘ tutmaymiz!

Marusa HOSILOVA,
“Inson va qonun” muxbiri

 

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img