TahlilObod bo‘lmagan “obod” qishloq

Obod bo‘lmagan “obod” qishloq

yoxud qog‘ozdagi nayranglar qachongacha?

Suvsiz yashab bo‘ladimi?..

TOShKYeNT viloyatining Chinoz tumani “G‘ayrat” mahallasi aholisi allaqachon yozilmagan qoidalarga, suvsizlikka ko‘nikkan. Ammo… bu hudud­ga ikki yil avval “Obod qishloq” dasturi doirasida tortilgan suv quvurlari, ko‘chaning boshiga “Ozodlik haykali”dek o‘rnatilgan “umid elchilari” ularga suv nimaligini har kuni eslatib turadi. Sizga qancha g‘alati tuyulmasin, bor gap — bu qirli qishloqning odamlari yomg‘ir yog‘sa, suyunadi, qaynoq yozning quyosh qizdirgan kunlarida ariqqa suv kelsa, o‘sha kun bayramga aylanadi.

Qani endi “Obod qishloq” dasturi doirasida qishloqqa xo‘jako‘rsinga keltirilgan suv quvurlariga suv kelsa! Hokim buvaning eshigini qoqib, suhbatu va’dasini olib emas, qo‘shni mahalladagi chol aytganidek “tilbuzarga” chiqarib ham suv keltirolmadik. Karantin bahona “Yoshlar” telekanalining “Uyma-uy” ko‘rsatuvida o‘tgan yilning bahorida yoritilgan muammolar muammoligicha qolib ketdi. Oradan bir yildan ortiq vaqt o‘tdi, lekin hech narsa o‘zgarmadi. Bugun bu qishloqning ariqlari suvsizlikdan qaqrab yotibdi. Hovliga ekilgan gul-rayhonlar, tomorqada gulga kirgan ekinlar jaziramada qovjirab qolmoqda.

Aytgancha, Sizga o‘zimni tanishtirmadim-a?! Men shu sho‘rpeshona qishloqning bir sho‘rpeshona deputatiman. Tumanning mas’ul rahbarlari doimgidek “qop-qop” va’da qilishdi o‘shanda. Bu va’dalar videotasmaga muhrlanib, efirga ham ketdi. Karantin degan kutilmagan “mehmon” keldi-yu, shov-shuvimizning izlariga qo‘shilib amaldorlarni gapiga ishongan xalqning ham xovuri biroz bosildi. Darvoqe, mahallamizning mashinalar chetidan, odamlar o‘rtasidan yuradigan o‘ydim-chuqur ko‘chasiga tungi chiroqlar o‘rnatib berishdi harqalay. Yo‘lsozlar ikki mashina asfaltni yo‘lning u yer-bu yeriga tashlab, urush davridagi kampirlarning yamoq ko‘ylagidek qilib yamab ketishdi. Buyam “Obod qishloq”ning rizqi-da, ha mayli, karantin chiqsa, va’dadagi ishlar bo‘lar, deb xalq bilan orziqib kutdik. Lekin hech nima bo‘lmadi. Ammo poytaxtda chiqadigan bir qator nashrlarda bu qishloqqa allaqachon toza ichimlik suvi kelgani, qishloqning allaqachon obod bo‘lgani haqida jurnalistlar “og‘iz ko‘pirtirib” yozishga ham ulgurgan.

Mana, oddiy bir misol. Hamkasbimiz, “Yangi O‘zbekiston” gazetasining muxbiri Iroda Toshmatova “Eshonobod: “Obod qishloq”ning hayotiy mo‘‘jizasi” nomli maqolasida shunday yozadi: “…Aniq raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, “Obod qishloq” dasturi doirasida beshta nuqtada 400 metr yer qa’ridan chuchuk suv chiqarilib, 14 kilometr suv tarmog‘i tortildi, 2 ta ichimlik suv ob’ekti qurildi. Natijada, “Eshonobod” va unga qo‘shni bo‘lgan “Birlik”, “Sutbuloq”, “Uzumzor”, “G‘ayrat”, “Tong yulduzi” va “O‘zbekiston” mahallalaridagi 13 mingdan ortiq aholi obihayot bilan ta’minlandi.”

Shunga o‘xshash boshqa misollarni matbuot nashrlarida o‘qishingiz, internet orqali izlab topishingiz mumkin.

“So‘qir ko‘zdan ham yosh chiqadi”

Esimni tanibmanki, qirli qishlog‘imizda ichimlik suvi muammo. Tuman, viloyat, respub­lika matbuotida 20 yildan beri “Har kuni yomg‘ir yog‘maydi”, “Shirin suvning achchiq yo‘li”, “Yana suv yetmay qoldi”, “Suvsiz yashab bo‘ladimi yoxud kerakli tashkilotdagi keraksiz ishlar” kabi tanqidiy maqolalar, fotolavhalar bilan ichimlik suvi muammosini yoritib kelaman. Vaqtiki, “Obod qishloq” dasturi doirasida mablag‘ ajratilib, muammo hal bo‘lay deganda, mas’ullar yana oqsoqlik, rahbarlar sustkashlik qilsa, buni qanday baholash mumkin?! Davlat dasturi ijrosini hal qilish masalasi mas’ullar qolib xalq deputatlarining nazoratiga tushayapti.

Bir bizning hududda emas, ko‘pchilik hududlarda ham rahbarlar almashayapti, yangi rahbar hududdagi muammolarni o‘rganib, masalaning mohiyatini tushunib olgunicha ham vaqt kerak, albatta. Balki, shuning uchun ham muammolarni ko‘tarib chiqishdan tortib uni oxirigacha hal qilish deputatlarning zimmasiga tushayotgandir. Nazarimda, bu holatda muammoning aybdorini izlashdan ko‘ra, uni tezroq hal qilish muhim! Aybdorlarni jazoga tortish esa, hokim yoki deputatning emas, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi!

Yig‘layversa, so‘qir ko‘zdan ham yosh chiqadi, deydi. Xalq deputatlari Chinoz tuman Kengashining 2021 yil 12 maydagi qarori bilan 2021-2022 yillarda “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqib tumandagi mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unda tumandagi “G‘ayrat” mahallasiga 6,8 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini yangidan tortish va qurish, “Tong yulduzi” mahallasidagi 5,3 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini yangidan tortish va 1 ta suv inshoati qurish belgilandi.

Bu ishlarning ijrosi uchun “O‘zsuvta’minot” AJ, Toshkent viloyati moliya bosh boshqarmasi, Toshkent viloyati iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi mas’ul etib belgilandi. Loyihaning moliyalashtirish manbasi esa, “Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish” jamg‘armasi etib belgilandi.

Mahalla hududining asosiy qismiga ichimlik suvi uchun quvur tortilgan, endigi navbat quvur tortilmagan kichik ko‘chalar qatorida aholining xonadonlarigacha suvni kiritish rejasi bo‘lishi kerak! Taqsimot va hisobotlar avvalgidek ko‘r-ko‘rona bo‘lmasligi uchun endi bu borada deputatlik va jamoatchilik nazorati olib boriladi, albatta.

“Muddati o‘tgan” chiqindixona

Bir gap aytaman, bizni qishloqdagilar hech qanaqa virusdan qo‘rqishmaydi! Nega desangiz, biz tomonlarda xalq viruslar bilan birga yashaydi. Sababi, “G‘ayrat” mahallasi hududida, “Bo‘zsuv” kanaliga yaqin yerda, qarovsiz chiqindixona bor. Chap biqini bilan o‘ng biqiniga “Toza hudud”, deb yozilgan chiqindi tashuvchi mashinalar top-toza hududimizga kuniga o‘n martadan ortiq chiqindi olib keladi.

Chiqindining “tarkibi”ni kim ham surishtirardi hozirgi zamonda. Chiqindimi, chiqindi, uning joyi axlatxonada! Keraksiz narsangiz bo‘lsa, chiqindiga tashlang, uyingiz top-toza tursa bo‘ldi! Shunday qilib, bizni qishloq odamlariga ko‘p yillardan beri “ozor” berib kelayotgan betartib chiqindixonaning tarkibi o‘ta murakkab, hamma-hamma narsa bor. Uni qanday qilib qayta ishlash mumkin, bilmadim. Balki, odamlarda to‘lov madaniyatidan oldin chiqindi tashlash madaniyatini rivojlantirish kerakdir.

Tabiiy joylashuviga ko‘ra, qishloq hududiga asosan qo‘shni Qozog‘iston Respub­likasi hududidan shamol esib turadi. Chiqindixona esa, chegara yaqinida joylashgan. Shamol sal qattiq essa, qirli hudud bo‘lgani uchun chiqindixonaning badbo‘y isi-yu, shamolda uchgan yengilroq narsalari mahalladan o‘tib, hududdagi 19-maktabgacha yetib keladi.

Qishloq vrachlik punkti mas’­ullarining shikoyat qilishicha, qishloqda toza ichimlik suvi yo‘qligidan, aholi ariq suvini ishlatayotganidan, chiqindixonaning betartibligidan aholi orasida, ayniqsa, bolalarda keyingi yillarda virusli gepatit — xalq tilida “sariq kasal” bo‘lish ko‘paydi. Allergiya, virusli, o‘tib ketmaydigan shamollashning g‘alati turlari, chivin chaqqan joylarning yara bo‘lib, ko‘karib ketishidan kattalardan ko‘ra ko‘proq yosh bolalar, chaqaloqlar ozor chekishmoqda.

O‘n yillab axlat yutgan yerning tili bo‘lsa, aytardi, “bu chiqindixona allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan, men ham nafas olay…” derdi, balki. Bu betartib chiqindixona bir mahallar viloyat hokimining qarori bilan tashkil qilingan, tumanimizning eski hokimi boshchiligida uni yopa olmadik.

Qonun qonun emas, saylovchining talabi — qonun!

Deputatga xalq baho beradi. Boshqa hech kim, hech qaysi qog‘oz baho bera olmaydi — bu hayot haqiqati! Lekin u yolg‘izlanib qolsa-chi?! Mahallani “kottasi” tumandagi “mahallani kottasi”dan xayiqadi, “yoningga kirmaydi”, gapingga bosh irg‘aydi-da, yuraveradi majlisma-majlis tumanni markaziga har kuni bo‘zchining mokisiday qatnab. Qog‘ozlarga chiroyli so‘zlar yozilib, delolar yopilib, navbatdagi “Obod qishloq”lar oboddan obod bo‘lib ketgandayam va’dalar bajarilmasa, nima deysiz?!

Qonun qonun emas, saylovchilarning talabi — qonun! Ariq suvini ko‘ziga surtib ichib yurgan mahalladoshlarimga sessiyalarda qo‘lini ko‘tarib-tushirib, “po‘rim kiyinib” yuradigan deputatmas, mahallaga toza suv olib keladigan mard deputat kerak!

Bir mahallar tuman gazetasidan bolalar bog‘chalariga tekshiruvga jo‘natishdi. “Reyd” guruhining tashrifini kutmagan bog‘cha mudiralari ahvolni ko‘rganimizdan keyin bor gapni aytishdi. Biri issiqlik ta’minotidan, ikkinchisi go‘sht yozilganidan kam kelishidan nolidi, yana biri boshqa shunga o‘xshash muammolarini aytib ketdi. Oradan ko‘p o‘tmay, poytaxtda bosiladigan gazetada tanqidiy maqolam chiqib, yakshanba kuni qishlog‘imizdagi bog‘cha mudirasi uyimizga keldi. O‘sha paytlarda maktabgacha ta’lim muassasalari ham xalq ta’limi bo‘limi tasarrufida edi. Mudira mudir meni chaqirtirganini, agar bormasam, ishdan haydalishini aytib, yig‘ladi. Qaysarligim tutdi, yurtimizda jurnalistlarni himoya qiladigan qonunlar borligi uchun ham chaqirilgan joyga bormadim. Ertasi kuni hokim o‘rinbosarining xonasida mudir gazetani yuzimga otib, meni sudga bermoqchiligini aytdi. Jurnalist etikasiga to‘g‘ri kelmaydigan ish qilmadim, o‘zimni xotirjam tutib, maktabdagi ustozlarimizning rahbari bo‘lgan ziyoli odamga bunday qilish uyat ekanini aytdim-da, jahl bilan xonadan chiqib ketdim.

Keyin mudir menga qasd qilib qishlog‘imizdagi bog‘chani yoptirib yubordi, intervyu olgani kelgan jurnalistlarni yoniga kiritmay qo‘ydi. O‘sha paytlarda hujjatda buni qanday rasmiylashtirgan, menga noayon, lekin shu bir maqolani deb 20 yildirki, qishloqda bog‘cha yo‘q.

Prezidentimiz Chinoz tumaniga tashrif buyurgan kuni “Eshonobod”da yaratilgan sharoit­lar bilan ham tanishdi. Xalq esa, shu qishloqqa  qo‘shni “Tong yulduzi”, “G‘ayrat” mahallalari ham shunday namuna darajasida obod bo‘lishidan umidvor.

“Bir kelib keting qishlog‘imizga…” deb xirgoyi qilmoqda qishlog‘imiz ahli.

Gulbahor ORTIQXO‘JAYEVA,
“Inson va qonun” muxbiri

 

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img