TahlilOdobsiz “oshiq”lar yoxud ziyorat madaniyati

Odobsiz “oshiq”lar yoxud ziyorat madaniyati

YOZ kunlarining biri. Uch-to‘rt qo‘shni ayollar “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida aylanib yuribmiz. Kunduzning issiq harorati kechga borib ham bosilay demaydi. Bunday paytda anhorning salqin havosi kishiga hush yoqadi. Maydonda — ochiq osmon ostida mung‘ayib turgan ko‘k gumbazli muzey diqqat-e’tiborimizni tortadi. Muzeyga qarab madaniyati va ma’naviyati yuksak ajdodlarimiz xotirasi yodga tushadi. Uning atrofini aylanib yurarkanmiz, o‘rindiqlarda bir-birining pinjiga tiqilib olgan yigit-qizlarni ko‘rib, shahid ketgan bobolarimiz ruhi oldida hijolat tortdik. Bizdan nariroqda kelayotgan yoshi ulug‘ ikki onaxon o‘rindiqlardan birida o‘tirganlarga qarab bosh chayqadi. So‘ngra yoshlar hijolatdan o‘zlarini yig‘ishtirib olishar, andisha qilishar, degandek ularga qarab turdi. Ular ham biz ham xato o‘ylagan ekanmiz. Yoshlar pinagini buzishmadi. Shunda haligi ayollardan biri: “Uyalmaysizmi, ziyoratgohda ham odam o‘zini shunday tutadimi? Sizga ota-onangiz, o‘qituvchingiz odob-ahloq sabog‘ini bermagan ekan-da, essiz!” deya tanbeh berdi. “Biz bilan nima ishingiz bor, xola? Biz sizga nima yomonlik qildik?”, deya mensimasdan javob qaytardi yigitcha. Uning quchog‘ida o‘zini ma’sumadek ko‘rsatib turgan qiz yuzini teskari burib kuldi. Ularning bu qiliqlaridan o‘zimizni noqulay, aybdordek sezib, yerga termulgancha ortga burildik. Ammo ularning havoyi o‘y-fikrlari, yengil-elpi hissiyotlarga berilishi, yolg‘on hayotga o‘rganishi ko‘nglimizda xavotir va tashvish uyg‘otgan edi. Chunki ular ham bolalarimiz tengi yoshlar, barchamizning g‘ururimiz, sha’nimiz, orimiz edi-da?..

Bugun shahar saylgohlarining qay bir burchagiga qaramang, istihola bilan tilga olamiz, hatto muqaddas qadamjolarda ham har ikki qadamning birida yigit va qiz juftligiga guvoh bo‘lamiz. Ularning yon-atrofdagilarga “senga nima, yo‘lingdan qolma”, degandek bepisand qarashlari-yu, beparvo xatti-harakatidan uyalib, go‘yo ko‘rmagandek ko‘z yumib o‘tib ketamiz. Lekin ko‘nglimizni bir savol kemiradi. Nahot ular shu qadar orsiz, hayosiz bo‘lib ulg‘aymoqda? Aslida kishini hayratga va o‘ylashga majbur qilgan hodisa bu ko‘rinishdagi ayrim yoshlarning o‘ta zamonaviyligi ­emas, aksincha, estetik madaniyat, ma’naviyati qoloq ahvoldaligidir.

E’tibor berib qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘rinishlarning mohiyatida ayrim yoshlarning qaysidir ma’noda hayotga yengil qarashlarini kuzatish mumkin. Negaki, ularning aksariyati bir-biri bilan telefon yoki internet orqali tanishib, yoqtirib qolganligini aytishadi. Biroq bu kabi tanishuvlar chin ma’nodagi do‘stlik, sof muhabbat, qadr­donlik rishtasi ekanligiga ishongingiz kelmaydi. Qolaversa, muhabbat mahsuli bo‘lgan nikoh masalasi, unga shunchaki qarab bo‘lmasligi, oilaning o‘ziga xos qonun-qoidalari, sinovlari borligini unutmaslik lozim. Aksincha, xalqimizning necha ming yillik chig‘irig‘idan o‘tib, barhayot yashab kelayotgan udum va an’analari zamirida katta ezgu hikmat mujassamligini ang­lamoq zarur. Bugun dunyo miqyosida kuzatilayotgan globallashuv jarayonida shaxs ongini, shuurini mahv etishga qaratilgan, behayolikni, ahloqsizlikni, qo‘poruvchilikni, qotillikni va jamiyat taraqqiyotiga zid bo‘lgan boshqa illatlarni targ‘ib-tashviq etuvchi axborot vositalari bisyor. Bu borada hushyorlik, ogohlik, yetti o‘lchab bir kesish, pushaymonlik tug‘dirmaydigan qarorlar qabul qilish nafaqat, ota-onalar, ta’lim-tarbiya muassasalari balki keng jamoatchilikning kundalik ishiga aylanishi kerak.

Gulsum ShODIYEVA,

“Inson va qonun” muxbiri

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img