Uch haftadan buyon davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari Kaliforniyadagi “oltin vasvasasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan Grinvill shahrini butkul vayron qildi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, “Diksi” yong‘ini shaharga tunda yetib kelgan va ikki soat ichida uni butkul vayron qilgan.
“Associated Press”ning xabar qilishicha, shahardagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi, bar va mehmonxona ham yonib ketgan.
Grinvillga odamlar, asosan, XIX asr o‘rtalarida ko‘chib kelishgan. Ularning aksariyatini bu yerga “oltin vasvasasi” yetaklab kelgan. Shahardagi ayrim binolar bundan 100 yil oldin qurilgan. Hozir unda 1,1 ming odam istiqomat qiladi.
Kaliforniya o‘rmon xo‘jaligi va yong‘indan himoya qilish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda “Diksi” yong‘ini 112,5 ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan. Alanga 60 dan ortiq binoni yo‘q qilgan, yana 12 mingdan ortiq bino xavf ostida.
Xabarda aytilishicha, yong‘in maydonining 35 foizi o‘chirilgan, 13 avgustgacha alanga to‘liq nazorat ostiga olinishi rejalashtirilgan.