MuhimO‘zbekistonda korrupsiyani jilovlash mumkinmi?

O‘zbekistonda korrupsiyani jilovlash mumkinmi?

Iqtiboslar:

Shoir Abdulla Oripov qilgan suhbatlarimizdan birida poraxo‘rlik kabi illatlarni odamning tirnoqlariga o‘xshatgan edilar, ya’ni u tugamaydi, o‘sib chiqaveradi, faqat vaqt-vaqti bilan muntazam qirqib turish kerak. Korrupsiyani batamom yenga olgan mamlakat yo‘q. Xalqaro reytingda birinchi o‘rinda turadigan Yangi Zelyandiya 100 balldan 89 ball olgan, xolos. Ammo korrupsiyani samarali jilovlay olgan mamlakatlar bor. Ularning tajribasi bizga foydalidir. Shunday qilib…

***

OLMONIYA

Nemis amaldorlarini pora evaziga og‘dirib olish deyarli imkonsiz, chunki ular bir lahzada barcha narsadan – mansabidan, imtiyozlardan, jumladan, kafolatlangan pensiyadan quruq qolishdan qo‘rqadi.

***

1998 yilda Olmoniyaga borganimizda Bosh prokuratura, Oliy Sud. Bundestag (parlament) kabi turli idoralarda bo‘ldik. O‘zbekchilik – chopon, do‘ppi, Chust pichog‘i kabi sovg‘alar olib olganmiz. Qaysi idoraga kirib rahbariyatiga sovg‘a qilsak, avval rad etadi, juda qo‘ymasak, xodimini chaqirib, qancha turishini so‘rab, kirim qilib, hujjatlashtirib qo‘yadi. Chunki 5-7 dollardan qimmat narsa sovg‘aga olish mumkin emas ekan.

***

Biz o‘zbek musavviri Isfandiyorning “Oltin kuz” asari Luvr muzeyida saqlanadigan yagona Osiyolik zamonaviy rassomning asari ekanidan faxrlanamiz. U qanday Luvrga olingan? Bu O‘zbekiston rahbari Fransiya Prezidenti Mitteranga sovg‘a qilgan asardir. U o‘ziga olishi mumkin bo‘lmaganidan, muzeyga topshirgan.

***

ESTONIYA

1990-yillarda Estoniyada korrupsiya va uyushgan jinoyatchilik chuqur ildiz otgan edi. Ushbu mamlakat korrupsiyani axborot texnologiyalari xizmatlarining boshqaruvga va davlat xizmatlariga faol jalb qilish orqali jilovladi. Bugungi kunda Estoniya Yevropa ittifoqida IT-texnologiya sohasidagi ilg‘or mamlakat hisoblanadi. Mamlakat to‘liq bepul Wi-Fi bilan, 98 foiz hududi esa simsiz internet bilan qamrab olingan.

***

Men aynan “elektron hukumat” tizimini o‘rganish uchun 2015 yilda Estoniyada bo‘lganman va turli darajalarda o‘rganganman. Ko‘rganmanki, hatto quvurdan suv oqqan kishi santexnikka ham internetdan buyurtma beradi, tishi og‘rigan kishi stomotolog qabuliga ham uyidan turib yoziladi, firma ochmoqchi bo‘lgan kishi ham uyidan turib, tegishli shaklni to‘ldirgan holda hujjat topshiradi va tez muddatda oladi… Amaldorlar va fuqarolar qariyb muloqot qilmaydi yoki bir-birini juda kamdan-kam hollarda ko‘radi. Estoniyaliklar soliq deklaratsiyasini elektron tarzda topshiradi. Masalan, 2010 yildayoq 97 foiz deklaratsiya internet orqali yuborilgandi. Yuridik shaxsni ro‘yxatga olish 15 minutda hal bo‘ladi, bunda tadbirkor kabinetma-kabinet sarson bo‘lmaydi. Estoniya 2007 yilda dunyoda birinchi bo‘lib o‘z fuqarolarining saylovda elektron tarzda ovoz berish imkoniyatini yaratdi. Ana shu tartibda ye-maktab, ye-politsiya, ye-tibbiyot tizimlari ishlaydi.

SINGAPUR

Mustaqillikka erishgan vaqtda Singapurda korrupsiya nihoyatda avj olgan edi. Li Kuan Yu bu davrni shunday ifodalaydi: “Korrupsiyani yo‘qotishda ishni o‘z do‘stlaringizdan uchtasini panjara ortiga o‘tqazishdan boshlang. Nima uchunligini siz ham, ular ham yaxshi bilasizlar… Ikkinchi omil – bozor darajasiga mos keluvchi maoshdir”.

***

Singapurda korrupsiyaga qarshi ishonchli, institutsional va komleks tizim yaratildi. Bu tizim mustahkam qonunlar, huquqni qo‘llash amaliyoti, davlat xizmati hamda jamoatchilik nazoratini qamrab oldi… Bugun biror bir singapurlik muammoni pora evaziga hal qilmaydi, poraga duch kelsa, davlat idorasini xabardor qiladi.

XITOY

Buni Sharq deydilar. Xitoyda boshqaruv tizimi asrlar davomida korrupsiyaning turli ko‘rinishlarini odatga aylantirgan, pora qariyb qonuniylashgan bo‘lgan. Masalan, Sin dinastiyasi davrida davlat amaldori sovg‘a bilan kelmagan murojaatchini qabul qilmaslik huquqiga ega bo‘lgan. Maydaroq amaldorga g‘oz, kattaroq lavozimli amaldorga esa butun boshli to‘ng‘izni sovg‘a qilish kerak bo‘lgan.

***

Bu yerda korrupsiyaga qarshi dunyodagi eng qattiq qonunlar hayotga tatbiq etilgan, katta miqdorda korrupsiya jinoyatini sodir etganlar umrbod ozodlikdan mahrum etilishi yoki o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

…Ofitser kaskada va qora ko‘zoynakda turibdi. Cho‘kkalab olgan aybdorlarning ko‘zlari bog‘langan. Jallod to‘pponchasini chiqaradi va aybdorlarni gardaniga o‘q uzadi. Xuddiki oddiy ishini qilgandek. Syujet taxminan besh soniya davom etadi. So‘ng diktor nim tabassum va rasmiy ovozda shunday deydi: “Hurmatli o‘rtoqlar, siz hozirgina korrupsioner-amaldorlarning qatlini tomosha qildingiz. Endi esa ertangi ob-havo ma’lumotlari bilan tanishing”.

***

Xitoylik ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, XXRning korrupsiya tufayli iqtisodiy yo‘qotishlari mamlakat yalpi ichki mahsulotining 13 – 17 foizini tashkil qiladi. Davlat mablag‘larining 20 foizga yaqini nohalol amaldorlarning cho‘ntagiga borib tushgan.

***

Xitoyda korrupsionerlarning milliardlik mol-mulki musodara qilinib, ularning oilasiga qatl paytida ishlatilgan ikki dona o‘q uchun 8 yuan miqdorida hisob ham yuboriladi.

***

So‘nggi 30 yil davomida Xitoydan 4 mingdan ortiq partiya amaldorlari qochib ketgan. Ular o‘zlari bilan 7,1 milliard dollardan ortiq mablag‘ni olib ketishgan.

GONGKONG

Korrupsiyaga qarshi uchta ta’sirchan chora qo‘llandi:

Birinchi chora. Amaldorlar uchun aybsizlik prezumpsiyasi bekor qilindi.

Ikkinchi chora. 1974 yili Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mustaqil komissiya tuzilgan. Na ichki ishlar vazirligi, na xavfsizlik idoralari komissiya ishiga aralasha olmaydi.

Uchinchi chora. Oddiy odamlar va jurnalistlarga poraxo‘rlar haqida ma’lumot berish imkoniyati berilgan.

Bundan tashqari, Gongkongda pora beruvchilarni jazolash bekor qilingan. Amaldor har doim aybdor.

GURJISTON

Gurjiston 2003 yilda korrupsiyani qabul qilish indeksida 1,8 ball bilan Afg‘oniston, Iroq yonida edi… Ammo 2006 yilga kelib, Gurjistonning yuqorida qayd etilgan indeksi 2,8 ga, 2012 yilda esa 5,2 ga ko‘tarildi. 2010 yilda mamlakat aholisining bor-yo‘g‘i 2 foizigina oxirgi 12 oyda pora berganini ma’lum qilgan.

***

Gurjiston bir kunda yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining 16 ming xodimini ishdan bo‘shatdi. Chunki yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari amalda harakat xavfsizligini ta’minlash uchun hech qanaqa ish qilmasligini hamma bilar edi. Ularning aksariyati yo‘lda faqat pora olish uchun turar edi, xolos.

***

Yangi soliq kodeksi 2005 yilda qabul qilindi. Jami 21 soliq turidan faqatgina 7 tasi qoldi. Ularning aksariyati bo‘yicha stavkalar pasaytirildi. Mamlakat korrupsiyani jilovlab, barqarorlik va faravonlik bosqichiga kirdi.

Karim BAHRIYEV

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img