Prezident O‘zbekistonda epidemik vaziyat barqarorlashganini aytdi

0

O‘zbekiston Respublieasi Prezidenti Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Davlatimiz rahbari yig‘ilishda yurtimizdagi epidemik vaziyatga to‘xtalib, jumladan, shunday dedi:

Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘yicha ushbu kasallikka chalingan 1066 nafar yoki 55 foiz bemor to‘liq sog‘ayganini alohida qayd etmoqchiman. Oxirgi 5 kunda – 505 nafar.

Qolgan 894 nafar bemorni ham davolash yuzasidan, o‘zimizda amaliy yordam berayotgan 18 nafar xitoylik, germaniyalik, koreyalik vrachlar hamda telemeditsina orqali boshqa yetakchi xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik qilgan holda, barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Mamlakatimiz tibbiyot xodimlarining bugungi kunda kasallikka qarshi olib borayotgan mashaqqatli va o‘ta mas’uliyatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish uchun kuni kecha yana bir muhim qarorni imzoladim.

Unga ko‘ra, sanitariya-epidemiologiya xizmatining qariyb 11 mingga yaqin barcha toifadagi tibbiyot xodimlarining ish haqi 2,5 baravarga oshirildi.

Umuman, karantin qoidalarini o‘z vaqtida joriy etganimiz va xalqimiz unga sabr-toqat bilan amal qilayotgani tufayli ko‘plab tuman va shaharlarda infektsiya tarqalishiga yo‘l qo‘ymadik.