Prokurorning sudda ishtirok etishi tartibi xorijiy tajriba va standartlarga moslashtirilmoqda

0

2020 yil 24 iyulda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon sud sohasidagi masalalarni hal qilishga qaratilgani bilan muhim hujjat bo‘ldi.

Jumladan, Farmon bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi. Bu tizimning joriy qilinishi, hududlarda yagona sud amaliyotini shakllantirishga, fuqarolar va tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tuman (shahar) ma’muriy sudlari o‘rnida tumanlararo ma’muriy sudlari tashkil etiladi hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi. Bu amaliyot, fuqarolar va tadbirkorlarni davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlari ustidan sud orqali himoyalanishga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, Farmon bilan prokurorning sudda ishtirok etishi tartibi ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda. Mutlaqo yangi amaliyot, ya’ni davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish, taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina prokuror tomonidan suddan ishlarni chaqirib olish, boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish nazarda tutilmoqda. Bu esa, sudlarning mustaqilligini, qonunda mustahkamlangan sudda tortishuv va tenglik prinsiplarini real amalga oshirishga xizmat qiladi.

Sardorbek SODIQOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi