MuhimQayiq daryoga bormasa... daryo qayiqqa keladi

Qayiq daryoga bormasa… daryo qayiqqa keladi

Assalomu alaykum, aziz o‘quvchim!

AVVALO, sizga o‘zimni tanishtirsam. Men aslida salkam chorak asrdan buyon dunyo yuzini ko‘rib kelayotgan “Inson va qonun” gazetasiman. Bilmadim, vaqt sari e’tibordan chetda qolayapmanmi yoki yoshing ulg‘aygach ko‘ngil qurg‘ur noziklashib qoladimi? Har holda so‘nggi vaqtlarda o‘zimni yolg‘iz qolgandek his qiladigan bo‘lib qoldim. Shu sabab bugun o‘zimning yosh, shamoldan-da tez, ko‘pchilik ixlos qo‘yayotgan qiyofadoshimni hozirgi zamon tili bilan aytganda, elektron variantimni yaratdim.

Eh, o‘quvchim! “Qayiq daryoga bormasa… daryo qayiqqa keladi”, degani shu ekanda. Mana, Siz menga borishni xohlamadingiz. O‘zim Sizni yo‘qlab kelib turibman. Endi Sizdan bir o‘tinchim! Mening mana shu qiyofadoshimni ham kuzatib borsangiz. Agar Siz xohlasangiz men mana shu orqali sizni dunyo taloto‘p­laridan tortib mahallangizda bo‘layotgan ikir-chikirlargacha xabardor qilib turaman…

O‘quvchim, bilasizmi? Hozir ham hamma sevib tomosha qiladigan o‘sha “Shum bola” kinosida Eshon rolini o‘ynagan Ergash Karimov shum bola rolidagi Qoraboyga aytgan bir gapi bor: “…bo‘tam, o‘qigin! Xo‘pmi? Meni aytdi dersan, o‘qisang kam bo‘lmaysan…” degan. Bu bilan Sizga aytmoqchi bo‘lganim Siz ham o‘qing! O‘qiganda ham bilib o‘qing, tanlab o‘qing!

Aziz o‘quvchim! Sizga bir savolim ham bor. Hayotingiz davomida biron-bir gazeta-jurnalga obuna bo‘lganmisiz? Uni intiqib kutgan damlaringizchi? Undagi ma’naviyat, ma’rifatga yetaklovchi maqolalarni o‘qib lazzatlanganmisiz? Bilsangiz, o‘qish ham lazzat! Agar siz shularni his qilgan bo‘lsangiz demak, siz ma’naviyatli, ma’rifatli, ziyoli insonsiz.

Sizdan bularni nima uchun so‘rayotganimni bilasizmi? Sizda bugun yana biron-bir nashrga obuna bo‘lish istagi paydo bo‘lganda xayolingizga obuna bo‘lib nima qilaman, hozir texnika rivojlangan asr bo‘lsa, internet orqali hamma narsani bilish mumkin-ku, degan qarama-qarshi fikr kelsa, aslo obuna bo‘lish fikridan ham qaytmang! Chunki internet taraqqiyot cho‘qqisidan oshib ketgan taqdirda ham gazeta-jurnalning o‘rnini aslo bosolmaydi. Yo‘qsa, hozirda taraqqiyot borasida oldinlab ketgan, mana-man, degan davlatlarda ham bitta gazeta bir kunda millionlab nusxada uch martalab dunyo yuzini ko‘rmas edi.

Kezi kelganda sizga yana bir gapni aytib qo‘yay: Sizni yoki farzandlaringizni idoradanmi yoki maktabdanmi gazeta-jurnalga obuna bo‘l, deya niqtashsa o‘ksinmang, faqat o‘zingiz xohlagan nashrga a’zo bo‘lishingizni ayting! Axir, yosh bolani majburlamasangiz dars qilmaydi-ku… Aytmoqchi bo‘lganim, ezgulikni maqsad qilgan majburiylikdan qo‘rqmang.

Uzr, ancha vaqtingizni oldim. Hasratingni kimgadir to‘kib-solishing kerak-ku. Mayli, nima bo‘lganda ham vaqtingizni nojoiz gaplar bilan olmadim, deb o‘ylayman.
Sizga so‘nggi aytar so‘zim, mabodo, 2020 yilga menga obuna bo‘lmagan bo‘lsangiz hech o‘ylanmang, mana shu qiyofadoshim yil davomida Siz bilan birga bo‘ladi. U Sizni o‘z ma’lumotlaridan tashqari mendagi xabarlardan ham voqif qilib boradi. Agar Sizni qiyofadoshim ranjitsa hech ikkilanmay o‘zimga aytavering, jazosiz qoldirmayman. Mabodo, bu haqda yaxshi fikrlaringiz bo‘lsa ham menga aytishni unutmang! Axir, maqtov kimga yoqmaydi deysiz. O‘qing, kuzating!

Yorbek ISKANDAROV,

“Inson va qonun” muxbiri

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img