TahlilQimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etganlik hamda o‘tkazganlik...

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etganlik hamda o‘tkazganlik og‘ir jinoyatdir

Ma’lumki, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yin bu – o‘yin tashkilotchisi (o‘yin muassasasi) tomonidan bir yoki undan ortiq ishtirokchilar bilan tasodifga (voqeaga) va (yoki) o‘yin ishtirokchisining qobiliyati, epchilligi va boshqa sifatlariga bog‘liq yutuq to‘g‘risida tuzilgan, tavakkalchilikka asoslangan bitimga muvofiq o‘yin tashkilotchilari va ishtirokchilarining xatti-harakatlari majmuini nazarda tutuvchi o‘yin, shu jumladan totalizatorlar, kazino, shuningdek o‘yin avtomatlaridan foydalaniladigan o‘yindir.

Bunday o‘yinlarni o‘tkazish yashirin o‘yinxona yoxud qimorxonadan bevosita ularning vazifasiga ko‘ra foydalanish yoki o‘ynovchilarning ehtiyojlarini o‘zga sharoitda (masalan, Internetda, telekommunikatsiya tarmoqlarida) qondirishdan iborat.

So‘nggi paytlarda milliy urf-odatlarimiz va mentalitetimizga yot bo‘lgan qimor o‘yinlarini noqonuniy ravishda tashkil etish holatlari tez-tez uchramoqda. Ayniqsa, bu o‘yinlar onlayn tarzda ommalashib, o‘smir va yoshlarni o‘z domiga tortayotgani achinarli holdir. Hattoki, bunday o‘yinlarda ko‘p miqdoridagi pulini yutqazib qo‘yib, oxir-oqibat o‘z joniga qasd qilish yoki yutqazib qo‘ygan pulini to‘lash uchun o‘g‘rilik qilishi holatlari ham yuz bermoqda. Binobarin, mamlakatimizda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish hamda o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasida jinoyat sifatida belgilab qo‘yilgan. Qolaversa, bunday o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish, shuningdek voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asolangan boshqa o‘yinlarda ishtirok etishga jalb qilish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 191-moddasida ma’muriy huquqbuzarlik sifatida e’tirof etilgan.

Masalan, Jinoyat kodeksining 278-moddasiga binoan, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash — yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar o‘sha harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan hamda uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, — yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga jalb qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 191-moddasiga muvofiq esa, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish — ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda ishtirok etishga jalb qilish — ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish yoki xizmatlar ko‘rsatishga ko‘maklashish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish esa, kompyuter va boshqa yordamchi vositalarni, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xorij tajribasi

Xo‘sh, bu borada xorijiy davlatlar tajribasi qanday?

Masalan, Buyuk Britaniyada qimor o‘yinlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat – “Gambling Act 2005” hisoblanadi. Mazkur hujjat kompleks tartibga soluvchi hisoblanib, nafaqat kazinolardagi o‘yin biznesini, balki o‘yin avtomatlaridan foydalanishda, lototereyalar tashkil etishda, shuningdek bukmekerlik idoralarining faoliyatida yuzaga keluvchi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan nazorat qiladi. “Gambling Act 2005”, shuningdek, o‘yinga oid faoliyat bilan shug‘ullanish uchun litsenziya berish tartibini va mazkur turdagi faoliyatni nazorat qiluvchi organ – Gambling Komissiyasi (Gambling Comission)ning vakolatlarini belgilaydi.

“Gambling Act 2005”da voyaga yetmagan shaxslarni qimor va tavakkalchilikka asolangan boshqa o‘yinlarga jalb etish masalasiga alohida to‘xtalingan. Voyaga yetmagan shaxslarga qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni har qanday shaklda reklama qilganlik uchun ham javobgarlik belgilangan. Qonunning 46-moddasida voyaga yetmagan shaxslarga qimor va tavakkalchilikka asolangan boshqa o‘yinlar haqida ma’umotlar berish va ularda bu kabi o‘yinlarga qiziqish uyg‘otish jinoyat tarkibini keltirib chiqarishi belgilangan. 47-moddadasida esa qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar tashkil etiluvchi hududlarga voyaga yetmagan shaxslarning kirishiga imkon bergan shaxslarning javobgarligi belgilab qo‘yilgan.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish hamda o‘tkazish jinoyati yuzasidan mavjud muammolarni tahlil etishda AQShning mavjud qonunchiligini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, mazkur mamlakat jinoyat qonunchiligi 52 ta normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Ya’ni, Federal miqyosdagi va 50 ta shtat miqyosidagi Jinoyat kodekslari va Kolumbiya Federal okrugining jinoyat kodeksi asosida. United states Code(AQSh qonunlari)ning XVIII-bo‘limi 50-bobi “Gambling” (“Qimor o‘yinlari”) deb nomlangan va mazkur bobda qonunga xilof ravishda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etganlik uchun javobgarlik masalalari yoritilgan.

Fransiyada qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik masalalari 1983 yil 12 iyulda qabul qilingan “Qimor o‘yinlari to‘g‘risida”gi Qonunda bayon etilgan. O‘tgan vaqt davomida mazkur qonunga bir necha bor o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Qonunning 1-moddasiga binoan, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini buzish, ya’ni mazkur faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish yoki litsenziya talablariga rioya etmaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hamda 90 ming yevrogacha jarima qo‘llash bilan jazolanadi. Agar qilmish bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, jazo 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 200 ming yevrogacha jarima solishgacha og‘irlashadi.

2010 yil 12 mayda Fransiyada “Qimor o‘yinlari va onlayn qimor o‘yinlari sektorini nazorat qilish va ular faoliyatining oshkoraligini ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan. Qonunda axborot kommunikatsiya tarmoqlarida Fransiya hududida litsenziya asosida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etishning qonuniy asosi yaratilib, mazkur tartibni buzganlik uchun 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 90 ming yevro miqdorida jarima undirish bilan jinoiy javobgarlik belgilash qoida sifatida kiritilgan.

Germaniyada esa qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar bilan bog‘liq jinoyatlar Jinoyat kodeksining “G‘arazli jinoyatlar” bo‘limidan joy olgan bo‘lib, javobgarlik masalalari Fransiya qonunchiligi bilan o‘xshash ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda ishtirok etgan shaxs uchun belgilangan jazo esa 6 oygacha etib belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston hududida bir necha asrlardan buyon qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar doimo davlat tomonidan nazorat ostida saqlangan. Negaki qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarning qonunga xilof ravishda tashkil etilishi va o‘tkazilishi fuqarolarga ruhiy ta’sir o‘tkazadi, oilaviy nizolarga sabab bo‘ladi. Shuningdek, bunday o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan qonunga xilof faoliyat naqd pullarning bankdan tashqari muomalasi ko‘payishiga, soliqlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlanishiga ko‘maklashadi hamda shu orqali mamlakatimizning iqtisodiy ravnaqiga putur yetkazadi.

Salomat NIYOZOVA,
Toshkent davlat yuridik unversiteti
kafedra professori vazifasini
bajaruvchi, yuridik fanlari doktori

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img