Qozog‘istonda alkogol va tamaki sotishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab qilinmoqda, hatto nafaqaxo‘rlardan ham

0

Qozog‘istonda alkogol va tamaki sotish qoidalari o‘zgartirildi.

Endi sotuvchilar har kimdan, hatto nafaqaxo‘rlardan ham hujjatlarni ko‘rsatishni talab qilishlari shart. Bu haqda Jamoat salomatligi to‘g‘risidagi yangi kodeksda belgilangan, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

Tadbirkorlar mazkur kodeksning 110-moddasi talablari bilan tanishishlari kerak, aks holda ular ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Ushbu moddada tamaki mahsulotlarini sotuvchilar har kimdan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishi shartligi beliglab qo‘yilgan. Bu chekish bilan bog‘liq boshqa mahsulotlarga ham tegishli.

“Shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmagan taqdirda tamaki mahsulotlari, shu jumladan qizdirilgan tamaki bilan ishlangan mahsulotlar, tamaki uchun kukun , kukun aralashmasi, tamaki isitish tizimlari, elektron sigaretalar va ular uchun kerakli suyuqliklar sotilmaydi», – deyiladi kodeksda.

Aytgancha, xuddi shu qoida spirtli ichimliklarni sotuvchilarga nisbatan ham qo‘llaniladi. 110-moddaning 18-bandida alkogolli ichimliklarni sotishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishni talab qilish va agar bu talab bajarilmasa, o‘sha shaxsga mahsulotni sotmaslik kerakligi nazarda tutilgan.

Ilgari qozoq sotuvchilari xaridorning faqat belgilangan ma’lum bir yoshga yetganini tasdiqlovchi ma’lumot talab qilgan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra, alkogol va tamaki sotuvchilar endi har kimning shaxsini aniqlashtirishga majburdirlar.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 iyuldan bu boradagi Qozog‘iston qonunchiligida yana bir o‘zgarish kutilmoqda. Unga ko‘ra, sotuv rastalariga sigaret qutilarini qo‘yish taqiqlanadi. Buning o‘rniga, xaridorlarga sotiladigan tamaki mahsulotlari ro‘yxati tavsiya etiladi. Ularni xaridor ro‘yxat bilan tanishgandan keyingina namoyish qilish mumkin bo‘ladi. Bu norma 110-moddaning 4-bandi 16-punktida keltirilgan.

“Chakana savdo paytida tamaki mahsulotlari, shu jumladan qizdirilgan tamaki bilan ishlangan mahsulotlar, kalyan uchun tamaki, kukun aralashmasi, tamaki isitish tizimlari, elektron iste’mol qilish tizimlari va ular uchun suyuqliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar xaridorlarning diqqatiga narx ko‘rsatilgan holda sotiladigan mahsulotlarning ro‘yxatini joylashtirish orqali hech qanday grafik tasvirlar va chizmalarsiz yetkaziladi», – deyiladi kodeksda.

7 iyulda qabul qilingan Jamoat salomatligi to‘g‘risidagi Kodeksning to‘liq matni  bilan mana bu yerda tanishish mumkin.