Qozog‘istonning koronavirusga qarshi vaksinasi barcha talablarga javob beradi

0

Dunyoning barcha mamlakatlari singari Qozog‘iston ham o‘tkir virusga qarshi vaksinani ishlab chiqarishga urunmoqda. Bu haqda Kazinform xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston olimlari koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqarishga mart oyining oxirida kirishishgan. Qozog‘iston Ta’lim va fan vazirligi Fan qo‘mitasi qoshidagi Biologik xavfsizlik ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy ishlar va tijoratlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari, veterinariya fanlari doktori Yerg‘ali Abdirayimovning aytishicha, Qozog‘istonning koronavirusga qarshi vaksinasi barcha talablarga javob beradi.

“Institutimiz olimlari koronavirusga qarshi vaksinani yaratishga mart oyining oxirlarida kirishdi. Birinchi vaksina 9 mayda tayyor bo‘ldi. Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida birinchi nomzod vaksinamiz ro‘yxatga olingan va klinikadan oldin tekshiruvdan o‘tgan. Iyul oyi oxirida olingan natijalarga ko‘ra, u zararsizligi, pirogenligi, immunogenlik va boshqa parametrlar bo‘yicha xalqaro va Qozog‘iston farmakopeya talablariga to‘liq javob beradi”, dedi Ye.Abdirayimov.

Uning aytishicha, vaksina klinik tekshiruvdan so‘ng ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuboriladi.

Mutaxassisning fikriga ko‘ra, keng tarqalgan koronavirusga qarshi vaksinani tayyorlash vaqti klinik tadqiqotlar bilan belgilanadi.