Ta’lim to‘g‘ri bo‘lsa, tarbiya egri bo‘lmaydi

0

Prezidentimiz mamlakatimizni taraqqiy etgan davlatlar qatoriga olib chiqish uchun neki harakat, chora, tadbir talab etilsa, hammasiga birdek jiddiy e’tibor, diqqat qaratmoqda. Ayni maqsadga erishishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilib, vazifalar ijrosi uchun zarur mablag‘, intellektual salohiyat, inson omili faol safarbar etilyapti. Yurtboshimizning kuni kecha e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni matniga, hujjatning umumiy ruhiga sinchiklab nazar solsak, bu hayotiy haqiqatni yana bir bor his qilamiz, dildan e’tirof etamiz.

Zero, taraqqiyotning, millat va mamlakat takomilining tub negizida adolat, to‘g‘rilik, qonuniylik, huquq va burch hissining ustuvorligi tamal toshi yanglig‘ turishi lozimligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Bu oliy qadriyatlar esa o‘z-o‘zidan, g‘oyibdan paydo bo‘lmaydi. Jamiyatning millionlab a’zolari ongi va xulqida huquq hamda majburiyat, qonunga hurmat, unga itoat qilish, qonun oldidahammaning tengligini anglash bilan bog‘liqtushuncha va ko‘nikmalarning ustuvor bo‘lishi aynan yuridik ta’lim va fanning ahvoliga, darajasiga chambarchas bog‘liqdir.

Prezidentimiz Farmoni muqaddimasida ayni ahvol va darajaning bugungi kun talablaridan ortda qolayotgani asoslanib, ularni tubdan yaxshilash vayuksaltirishning aniq choralari belgilab berilgan. Mazkur chora-tadbirlar soni shu qadar ko‘p va ko‘lami kengki, ularning hammasini birgina chiqish bilan qamrab olib bo‘lmaydi, albatta. Shu tufayli biz bugun hujjatning bir bandi (Farmonning 3-bandi) – yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtma shakllantirish masalasining ayrim jihatlariga to‘xtalamiz, xolos.

Mazkur bandda, jumladan, “TDYuU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarga qabul parametrlari yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni monitoring qilish va prognozlashtirish elektron platformasini yaratgan holda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, turli mulkchlik shaklidagi tashkilotlar, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlarida joriy va istiqboldagi yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olib, har bir hudud, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar kesimida tahlil qilish asosida” shakllantirilishi belgilangan.

Sizdan hujjatning mana shu birgina bandi va uning ham bir xatboshisida nazarda tutilayotgan maqsad va vazifalar mohiyatiga chuqurroq e’tibor qaratishlarini so‘ragan bo‘lar edik. Zero, bu yerda gap butun davlatning, jamiyatning, jumladan, har bir fuqaroning ertangi erkin va tinch hayoti, turmushi, ishi, oilasi – barcha-barcha ehtiyoj-istaklarining huquqiy ta’minoti va himoyasiga erishish ustida bormoqda. Chunki, o‘ylaylik: aytganimiz o‘sha huquqiy ta’minot va himoyani kim amalga oshiradi, o‘z zimmasiga oladi?

Albattaki, “davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, turli mulkchlik shaklidagi tashkilotlar, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarida” ishlaydigan huquqshunoslar, halol va adolatli mutaxassislar. O‘sha mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj, chanqoqlik qanchalik tez, aniq, rejali qondirilsa, ishonaylikki, jamiyatning barcha pog‘onalari, kengliklarida adolatsizlik, huquqni toptash, uni mensimaslik, odamlarni sarson-sargardon qilish holatlari keskin kamayadi. Qolaversa, hujjatda mazkur ehtiyoj “har bir hudud, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar kesimida” aniq o‘rganilib, buyurtma shakllantirilishi aytilmoqdaki, bu hol, yuqorida ta’kidlaganimizdek, barchaning va har bir fuqaroning kafolatlangan huquqiy makon – yuridik aura bilan to‘la qamrab olinishiga zamin hozirlaydi. Hujjatda bu ehtiyojning nafaqat joriy holati, balki istiqboldagi talablaridan kelib chiqib ish tutish ham alohida uqtirilgani – mamlakat rahbariyatining ertangi kelajak xususida ham hozirdan o‘ylayotganiga yaqqol dalildir.

Bunga qo‘shimcha, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi har yili ish beruvchilarning yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlari haqidagi ma’lumotlarni Adliya vazirligiga taqdim etishi to‘g‘risidagi tartibning joriy qilinishi natijasida ko‘riladigan samarani o‘zimizga bir tasavvur qilaylik. Demak, yaqin kelajakda fuqarolarimiz yashaydigan, mehnat qiladigan, ilm yoxud hunar o‘rganadigan, dam oladigan, sayohat qiladigan, davolanadigan – barcha-barcha joyda ularning huquq va majburiyatlarini ilmiy va amaliy tushuntira oladigan, himoya va targ‘ib qiladigan, ular nomidan ish ko‘rishni malakali amalga oshira oladigan mutaxassis kadrlar bo‘ladi. Millionlab odamlar u yoxud bu masala yechimini izlab idorama-idora ariza ko‘tarib sarson bo‘lmaydi, kerak bo‘lsa, o‘ziga ham bilinmay buzilayotgan huquqlarining himoyachisiga ega bo‘ladi. Davlat va jamiyat boshqaruvi organlari rahbarlari esa o‘zi va boshqalar faoliyatining qonunga qanchalik muvofiqligini malakali belgilab, aniqlab beradigan xodimlarga ega bo‘ladi, bu masalalar bilan shug‘ullanishni ularga ishonib topshiradi, aynan ulardan qonuniy ijrosini so‘raydi…

Biz suhbatimiz boshida eslagan, mutaraqqiy davlatlarning, jamiyatlarning barchasida ayni shu hol amal qiladi, xuddi soat mexanizmlaridek aniq ishlaydi. Xuddi shu mexanizm ishlagani, amaldan og‘ishmagani tufayli ham ular nomiga ilg‘or, demokratik, huquqiy davlat va jamiyat degan sifatlar qo‘shib aytiladi.

Ishonamizki, mazkur Farmonda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarilishi – biz bilan sizning, O‘zbekiston deya atalmish ona Vatanimizning ana shunday yorug‘ manzillarga yetib borishida, shunday ezgu sifatlar bilan e’zozlanishida muhim, hal qiluvchi qadamlardan biri bo‘ladi.

Otabek BOBOJONOV,
TDYuU 1-kurs dekani,
yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Аввалги мақолаYuridik ta’limdagi muhim o‘zgarishlar soha rivojiga xizmat qiladi
Кейинги мақолаOTMlarga kirish imtihonlari soddalashtiriladi, hujjatlar onlayn qabul qilinadi