YangiliklarMahalliyTerroristik harakatlar qurbonlarining ijtimoiy reabilitatsiyasi qanday amalga oshiriladi?

Terroristik harakatlar qurbonlarining ijtimoiy reabilitatsiyasi qanday amalga oshiriladi?

Har yili dunyo bo‘ylab terroristik hujumlar natijasida turli irqlar, madaniyatlar va dinlarga mansub minglab begunoh qurbonlar halok bo‘ladi, jarohatlanadi va azob chekadi. Ilgari jinoyat qurbonlariga, shu jumladan terrorizm qurbonlariga jinoiy odil sudlov tizimida yetarlicha e’tibor qaratilmas edi. Biroq so’nggi yillarda jinoiy odil sudlov tizimidagi ushbu muhim subyektlarning huquqlari ko’proq e’tirof etilmoqda.

Terrorizmga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarining ajralmas qismi terrorchilik harakatlari sodir etgan shaxslarni qonun ustuvorligi va inson huquqlari me’yorlariga muvofiq javobgarlikka tortishdan iborat. Ushbu asosiy tamoyil davlatlardan bunday jinoyatlarni tergov qilish va jinoiy javobgarlikka tortish, shuningdek, o’zlarining jinoiy odil sudlov tizimida bunday jinoyatlar qurbonlarini himoya qilish va ularga ko’mak berish bo’yicha samarali va qonun ustuvorligiga asoslangan milliy choralarni ishlab chiqish va amalga oshirishni talab qiladi.

1985 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan Jinoyat qurbonlari va hokimiyatni suiiste’mol qilish uchun odil sudlovning asosiy tamoyillari to’g’risidagi deklaratsiya qabul qilindi. Unda odil sudlovga erishish va adolatli munosabatda bo’lishni ta’minlash bo’yicha 21 ta tavsiya etilgan chora-tadbirlar, shuningdek, zararni qoplash tartib-qoidalari mavjud bo’lib, jabrlanganlarga kompensatsiya va ijtimoiy yordam ko’rsatish belgilab qo’yilganligi  jinoiy odil sudlovda jabrlanuvchiga e’tibor qaratuvchi sezilarli o’zgarishlarni namoyon etdi. Deklaratsiya qonun ustuvorligi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish tamoyillariga muvofiq, huquqiy va jinoiy odil sudlov tizimlari doirasida jinoyat qurbonlariga nisbatan adolatli munosabatda bo‘lish bo‘yicha xalqaro standartlar va normalarni keyinchalik ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asos yaratadi. Garchi Deklaratsiya aynan terrorizm qurbonlariga nisbatan alohida taalluqli boʻlmasa-da, u terrorizm oqibatida jabrlanganlarga nisbatan ham qo’llaniladi va uning tamoyillari terrorizm qurbonlariga adolatli munosabatda boʻlish va ularning huquqlarini himoya qilish boʻyicha keyingi xalqaro va koʻp tomonlama hujjatlar va kelishuvlarga asos solgan.

2006-yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 60/288 rezolyutsiyasiga muvofiq BMTning Terrorizmga qarshi Global Strategiyasini qabul qilinib, unda harakatlar rejasi o’tin olgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi kurash bo’yicha strategik boshqaruv hujjati sifatida Strategiya birinchi marta barcha a’zo davlatlar terrorizmga qarshi kurashda yagona strategik yondashuv bo’yicha kelishuvga erishganligini ko’rsatdi. Mazkur hujjatning I bo’lim 8-bandida terrorizm qurbonlarining huquqlari va roli terrorizmga qarshi samarali kurashning asosiy tarkibiy qismlaridan biri sifatida alohida sanab o’tilgan va e’tirof etilgan. Bunda a’zo davlatlar quyidagi qaror qabul qilganlar: davlatlar terrorizm qurbonlari va ularning oilalari ehtiyojlarini hisobga oladilar va ularning hayotini normallashtirishga yordam beradilar. Shu munosabat bilan biz davlatlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining tegishli idoralariga bunday milliy tizimlarni yaratishda yordam berishlarini so’rashni taklif qilamiz. Shuningdek, biz qurbonlarni qo‘llab-quvvatlashda xalqaro birdamlikni rag‘batlantirishga intilamiz va fuqarolik jamiyatini terrorizmga qarshi va uni qoralash bo‘yicha global kampaniyaga jalb etishga yordam beramiz”.

2008-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun ekspertlar, aʼzo davlatlar, mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun terrorizmdan jabr ko’rganlarga yordam berish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni muhokama qilish, ilgʻor tajribalarni almashish va terrorizm qurbonlari boʻyicha forum tashkil etish maqsadida terrorizm qurbonlari simpoziumini chaqirdi. Unda terrorchilik harakatlari qurbonlariga samarali yordam ko‘rsatish bo‘yicha quyidagi sakkizta tavsiyalar belgilandi:

  • terrorizm qurbonlari, davlat xizmatchilari, ekspertlar, xizmat ko‘rsatuvchilar va provayderlar uchun tarmoq aloqa va axborot resursini yaratish;

– terrorizm qurbonlariga huquqiy maqom berish va ularning huquqlarini himoya qilishni ta’minlovchi huquqiy hujjatlarni ham xalqaro, ham milliy darajada takomillashtirish;

– jabrlanuvchilarga qisqa, o‘rta va uzoq muddatda har tomonlama yordam ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tibbiy xizmatlarni yaratish;

– terrorizm qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro tezkor javob guruhini tashkil etish;

– terrorizmdan jabrlanganlarga moddiy yordam ko‘rsatish;

– terrorchilik xurujlaridan omon qolganlarga, shuningdek, halok bo‘lganlar yoki jarohatlanganlarning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining salohiyatini oshirish;

– terrorizm qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global xabardorlik kampaniyasida ishtirok etish;

– OAVda terrorizm qurbonlari muammolarini kengroq yoritish.

Har qanday a’zo-davlat kabi, O’zbekiton Respublikasi ham BMT doirasida terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatlarga qo‘shiladi va xalqaro hamjamiyat oldida turgan bunday dolzarb muammoning oldini olish va bartaraf etishda o‘z hissasini qo‘shadi. Terroristik harakatlar O’zbekiston hududini ham chetlab o‘tmadi. O‘zbekiston Respublikasi 1999-yilda xalqaro terrorizm aktlariga duch kelgan va terrorchilik harakatlarining eng yuqori cho’qqisi 2004-yilda sodir bo’lgan. 2004-yil 28-mart – 1-aprel kunlari Toshkent shahri, Buxoro va Toshkent viloyatlarida terrorchilik harakatlari amalga oshirildi. 2004-yil 30-iyulda Toshkent shahrida AQSh va Isroil elchixonalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi binolarida takroriy teraktlar sodir etildi. Ularning qurbonlari begunoh, tasodifiy yo‘lovchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlari bo‘lgan. Qolaversa, bir qancha oʻzbeklar qoʻshni Afgʻonistondagi terrorchi guruhlar safiga qoʻshilgan, ular keyinchalik vaziyatni izdan chiqarish maqsadida Oʻzbekistonga bostirib kirishga uringan.

Bunday xavotirli vaziyat va harakatlar kelgusida takrorlanmasligi unga zudlik bilan javob qaytarishni talab qildi. O‘zbekiston kollektiv mintaqaviy xavfsizlikning asosiy tashabbuslarini ilgari surdi, jamiyatda, davlatda va butun mintaqada barqarorlikni ta’minlash tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi. 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

Qonunning 22-moddasida terrorchilik harakati natijasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, 23-moddasida esa terrorizmga qarshi operatsiya natijasida shaxsga yoki jismoniy yoki yuridik shaxslarning mulkiga yetkazilgan zararni davlat tomonidan qoplash haqida so’z boradi. Shu bilan birga, terrorizm qurbonlari yoki terrorizmga qarshi kurash doirasida sodir etilgan huquqbuzarliklarning o’rnini qoplash va ularga ko’rsatilayotgan yordam ko’lami zararni shunchaki (moliyaviy) qoplash bilan cheklanib qolmasligi zarur.

Terroristik harakatlar jabranuvchilariga bo‘lgan munosabat, avvalambor, inson huquqlariga bo‘lgan hurmat, e’tibor va gumanizm g‘oyalaridan dalolat beradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari sifatida O‘zbekiston atrofida barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini barpo etish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashni belgilab berdi. Bu sohalarda amalga oshirilayotgan tashabbuslar BMTning terrorizmga qarshi global strategiyasi tamoyillariga asoslanadi.

Mamlakatimizda bu borada Mudofaa doktrinasi, “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”, “Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”, “Milliy gvardiya toʻgʻrisida”gi qonunlar kabi muhim hujjatlar qabul qilindi. Inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash O‘zbekistonda terrorizmga qarshi kurashning ajralmas qismi hisoblanadi. Hukumat tomonidan terrorizmga qarshi kurashda ko’rilayotgan chora-tadbirlar milliy qonunchilikka ham, davlatning xalqaro huquq bo’yicha majburiyatlariga ham mos keladi.

2020-yilda O‘zbekiston tarixida birinchi marta qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyada ham terroristik jinoyatlarda aybdor shaxslarga nisbatan davlat siyosati, jumladan, ularni reabilitatsiya qilish masalalari o‘z ifodasini topgan. Bu chora-tadbirlar insonparvarlik, adolatlilik, sud hokimiyati mustaqilligi, sud ishlarini qarama-qarshilik asosida olib borish, “Xabeas korpus” institutini kengaytirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish tamoyillariga asoslanadi. Bu tamoyillarni hayotga tatbiq etish orqali aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchiga erishilmoqda. Bundan tashqari, ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib, o‘z xatolarini anglab yetgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, normal hayotga qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanayotgan shaxslarni dekriminallashtirish va deradikalizatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda. Shu tariqa, 2017-yil iyun oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “qora roʻyxat”lardan to‘g‘ri yoʻlga qaytgan shaxslarni chiqarish maqsadida qayta koʻrib chiqildi. 2017-yildan buyon 20 mingdan ortiq kishi bunday ro‘yxatlardan chiqarildi.

O‘zbekistonda Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi urush hududlarida bo‘lgan fuqarolar bilan bog’liq ishlarni tekshirish bo‘yicha maxsus komissiya faoliyat yuritmoqda. Bu chora-tadbirlar O‘zbekiston fuqarolarini Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli mojarolar zonalaridan vataniga qaytarish bo‘yicha “Mehr” insonparvarlik operatsiyasini amalga oshirish imkonini berdi. 2017-yildan buyon O‘zbekistonning 500 dan ortiq fuqarosi, asosan ayollar va bolalar mamlakatga qaytarildi. Ularning jamiyatga integratsiyalashuvi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan: ta’lim, tibbiy va ijtimoiy dasturlar, jumladan, uy-joy va ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari amalga oshirilgan.

Diniy ekstremistik oqimlarga a’zo bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish yo‘lidagi yana bir muhim qadam afv etish aktlarini qo‘llash amaliyoti bo‘ldi. 2017-yildan buyon ushbu chora ekstremistik xarakterdagi jinoyatlar uchun jazoni o‘tayotgan 4000 dan ortiq shaxsga nisbatan qo‘llanildi. Afv etish to‘g‘risidagi akt qonun buzgan shaxslarni tuzatish, ularning jamiyatga, oilaga qaytishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lish imkoniyatini beruvchi muhim rag‘batdir.

Umida Sherxanova,
TDYU Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img