YangiliklarMahalliyToshkent shahriga doimiy ro‘yxatga qo‘yishning huquqiy asoslarini bilasizmi?

Toshkent shahriga doimiy ro‘yxatga qo‘yishning huquqiy asoslarini bilasizmi?

Propiska masalasi fuqarolarimizni doim o‘ylantirib kelgan muhim masalalardan biri hisoblanadi. Shu bois, propiskaga qo‘yishning qonun hujjatlaridagi asoslariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Amaldagi qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahriga doimiy ro‘yxatga kirish tartiblari aniq belgilab berilgan.

Jumladan, Toshkent shahriga doimiy ro‘yxatga kirish “Toshkent shahri va toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar-o‘zbekiston respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son hamda 2020 yil 28 sentyabrdagi 593-son qarorlari bilan tartibga solingan.

  • Fuqarolarimiz uchun quyidagicha tartib:

 Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan qonunchilik hujjatlariga muvofiq uy-joyga ega bo‘lgan fuqarolar Ro‘yxatning 1-bandiga asosan doimiy ro‘yxatga olinadilar.

Qarindoshlar – o‘zlarining to‘g‘ri shajarasi bo‘yicha birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarining yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga olingan yoki xususiy mulki bo‘lgan uy-joy maydoniga Ro‘yxatning 2-bandiga muvofiq doimiy ro‘yxatga olinadi.

  • Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun esa quyidagicha tartib mavjud:

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 sentyabrdagi 593-son bilan tasdiqlangan Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq:

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxatga olingan joyida yashashlari lozim.

Mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olinish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar — chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar toifalarining ro‘yxatida nazarda tutilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olinish to‘g‘risida iltimosnoma berish huquqiga ega.

Ro‘yxatda nazarda tutilmagan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olinmaydi.

Ma’lumot uchun: Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olishishi huquqiga ega bo‘lgan shaxslar — chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar toifalarining ro‘yxatida quyidagilar nazarda tutilgan:

  1. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq uy-joyga ega bo‘lgan xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar — xususiy mulk qilib sotib olingan uy-joyga.
  2. Qarindoshlar — o‘zlarining to‘g‘ri shajara bo‘yicha birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari doimiy ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga.
  3. Er (xotin) xotini (eri) doimiy ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga, basharti kamida besh yil birgalikda yashayotgan bo‘lsa.
  4. Vasiylik va homiylikdagi hamda oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar — vasiy (homiy), tutingan ota-ona doimiy ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga.
  5. Ota-onalari bo‘lmagan voyaga yetmagan tug‘ishgan aka-ukalar va opa-singillar, shuningdek, mehnatga qobiliyatsiz bo‘lgan hamda o‘z oilasi bo‘lmagan voyaga yetgan tug‘ishgan aka-uka va opa-singillar — o‘zlarining tug‘ishgan aka-uka yoki opa-singillari doimiy ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga.
  6. Davlat boshqaruvi organlariga, xo‘jalik birlashmalariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etiladigan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisosdagi mutaxassislar tegishli organ yoki tashkilot rahbarining iltimosnomasiga ko‘ra, shuningdek, ularning oila aʼzolari (eri, xotini, shuningdek, ularning o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlari) — ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar lavozimda turadigan davrga.
  7. «Faxriy fuqaro» maqomi berilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, ularning oila aʼzolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari).
  8. Xorijiy investor va uning oila aʼzolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari).
  9. Vatandosh va uning oila aʼzolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari).

Izoh. ushbu qaror kuchga kirgandan so‘ng mazkur Ro‘yxatning 2 (er yoki xotin, o‘z oilasi bo‘lmagan voyaga yetgan bolalari va er-xotinning birgalikdagi va (yoki) oldingi nikohidan yoki nikohsiz tug‘ilgan voyaga yetmagan bolalari, shuningdek, farzandlikka olingan bolalari bundan mustasno), 3, 4, 6, 7, 8 va 9-bandlariga muvofiq Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning qarindoshlari Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olinmaydi.

Yuqorida qayd etilgan tartibni doim yodda tuting, zero qonuniy tartibni bilish ham vaqtni ham moliyaviy resurslaringizni tejash imkonini beradi.

B. Qobulov,
Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img