Uchuvchisiz dron egasini “uchirdi”…

0

Odamzod qiziq. Birov toshbaqa uchadi, desa darrov ishonadi. Kimdir  dabdabali to‘y qilsa yoki qasrdek imoratlar qursa o‘shandan qolishmaslik uchun o‘zini to‘rt tomonga uradi. Ana shunday noto‘g‘ri “ibrat”lardan ibrat olib ko‘plar pand yeganiga barchamiz guvohmiz. Inson shunday. O‘zining  ortiqcha orzu-havaslarini deb juda ko‘p narsalarni boy berganligini kech anglaydi. Oddiygina to‘y masalasidagi poygalarni deb poyi uzilib qolganlar haqida ko‘p va xo‘p yozdik. Mana bugungi holatda  ham yosh yigitning boshiga “balo” bo‘lgan, uni sudning qora kursisiga o‘tirishga majbur qilgan narsa yana o‘sha orzu –havas, yana o‘sha to‘y-tomosha balosi bilan bog‘liq.

Odiljon Aliev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) Karmana tumanida tug‘ilgan. Nufuzli banklardan birida yaxshigina lavozim egasi. Voyaga yetmagan farzandning otasi. Mahallada o‘ziga yarasha hurmati bor. Yosh bo‘lsa ham yaxshi -yomonning, oq va qoraning farqiga boradiganlardan.

Ammo binoyidek ishlab yurgan yigitning ishi bir pasda chappasiga aylandi. U joriy yilning boshida fuqaro K.Shokirov boshqaruvidagi “Matiz” rusumli taksida Xatirchi tumaniga ketayotgan vaqtida “qo‘lga tushdi”. Mashina “Navoiy-Samarqand” yo‘l patrul xizmati maskanida ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan to‘xtatilib, avtomashina haydovchisining hujjatlari va yo‘lovchining qo‘l yuklari tekshirilganda, bir dona “Mavic AIR” nomli uchuvchisiz uchadigan apparat ya’ni dron qurilmasi va uning butlovchi va ehtiyot qismlari mavjudligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi xuzuridagi “O`ZAVIATSIYA” agentligining xulosasiga ko‘ra, O.Alievdan hujjatlashtirib olingan “Mavic AIR” nomli qurilma uchuvchisiz uchadigan apparat hisoblanishi, ushbu apparat texnik jihatdan foydalanishga yaroqli ekanligi, bunday apparatlarni O‘zbekistonga olib kirish, o‘tkazish,  saqlash yoki ulardan foydalanishga ruxsatnoma bo‘lishi shartligi, O.Alievning  apparatida esa ruxsatnoma yo‘qligi ko‘rsatilgan.

Orzu-havaslar girdobiga tushib qolgan Odiljon Aliev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2444-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi.

U aybiga to‘liq iqrorlik bildirib,  2017 yil iyun oyida to‘y qilish arafasida to‘y videosi tasviri yaxshi chiqishi uchun Toshkent shahridan uchuvchisiz uchish apparati “dron” qidirganligini, hech qaerda sotilmayotganligi sababli kursdoshlaridan birining qo‘lidan 200 AQSh dollar pul evaziga mana shu dronni sotib olganligi, ushbu drondan to‘yida bir marta foydalanganligi, shundan so‘ng oilaviy tadbirlarida ham bir ikki marta ishlatganligi ayon bo‘ldi.

Va kunlarning birida O.Alievga Shohruh ismli oshnasi qo‘ng‘iroq qilib, Xatirchi tumanida yangi to‘yxona ochilayotganligini, to‘yxonani reklama qilish uchun dron orqali video tasvirga tushirilsa evaziga 200.000 so‘m pul berishini aytganligini, uning taklifiga rozi bo‘lib, yo‘lga tushgani va  uzoqqa bormasdan qo‘lga tushgani yomon bo‘ldi.

Ruxsatnomasi yo‘q apparatdan foydalanishni jinoyat deb bilmagan, yoki bilsa ham o‘zini bilmaganga solib yurgan yigit qattiq pand yedi, oilaviy sharoitini, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olishlarini , yengilroq jazo tayinlashlarini so‘rab qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini bildirdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi raisi Sherzod Mamirov raisligida ko‘rib chiqilgan mazkur jinoyat ishida sudlanuvchi O.Alievning Jinoyat kodeksining 55-moddasiga ko‘ra chin ko‘ngildan pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb, Jinoyat kodeksining 56-moddasiga ko‘ra jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmadi, deb hisoblaydi.

Sud, sudlanuvchi O.Alievga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda uning aybiga to‘liq iqrorligini, chin ko‘ngildan pushaymondaligini, muqaddam sudlanmaganligini, oilaviy sharoitini, yoshini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanishini, jinoyatni ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb topib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, qonun sanktsiyasida nazarda tutilmagan ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni, shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan 8.931.662 so‘mga baholangan “Mavic AIR” nomli uchuvchisiz uchish apparati davlat egaligiga o‘tkazishni lozim topdi.

Odiljon Aliev Jinoyat kodeksining 2444-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi va unga ushbu modda bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 1 yil 6  oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Inson o‘z nafsini, o‘z havaslarini jilovlay olmay gohida mana shunday xatolarga yo‘l qo‘yadi, boshi berk ko‘chalarga kirib qoladi. Cheksiz orzu-havaslarni deb ozodlikni cheklash jazosini o‘ziga “sotib olgan” yosh yigit ham bu xatolardan saboq chiqaradi degan umiddamiz.

                                        Norbek MIRZAYeV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi mas’ul xodimi,
Marusa HOSILOVA,
jurnalist

Аввалги мақолаKorrupsiya qarshi kurash. Bu borada adliya tizimi qanday yo‘l tutmoqda?
Кейинги мақолаSamarqandda hokimlar qaror qabul qilishni nega paysalga soldi?