MuhimVaqt o‘g‘risi kim?

Vaqt o‘g‘risi kim?

Yolg‘onning yovg‘oni yomon

TYeLYeFONDAN boshingizni ko‘tarib, atrofga e’tibor bilan qarang! Dunyo hali ham rang-barang, real hayotda virtual olamdan ko‘ra go‘zalroq, ma’noliroq manzarlarni topasiz. Avvallari odamlar uyquga yotishdan oldin bir muddat bugungi kuni qanday o‘tgani, ertasi qanday bo‘lishi haqida o‘ylar, biroz bo‘lsa-da, ezgu g‘oyalar haqida fikr yuritar edi. Hozir-chi? Bugungi kunda ko‘pchiligimiz yarim tun bo‘lishiga qaramay internetdan boshimizni ko‘tarmaymiz. Barmoqlarimiz smartfon sensorini yoki “sichqoncha”ni silagancha ko‘zimiz ilinadi.

Me’yor bo‘lgani yaxshi

Bugungi kunda ommalashgan “Facebook”, “Instagram”, “Twitter” kabi ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar o‘zlarining intim munosabatlari, shaxsiy, oilaviy masalalarini “post” qilib qo‘yishganini ko‘p kuzatgansiz. Ajab holat. Bolaligimizda bobo-buvilarimiz “Uydagi gap ko‘chaga chiqarilmaydi”, deb ko‘p uqtirishardi. Hozir esa ko‘cha tugul butun mamlakat bo‘ylab, balki butun jahon bo‘ylab tarqalishini istab qolayapmiz. Qolaversa, har xil bo‘lar-bo‘lmas, bachkana, ig‘vo va fisqu fasoddan iborat fikrlarni yozishdan hech charchamayapmiz. Har kim xayoliga neki kelsa yozmoqda, istagan narsasini ijtimoiy tarmoqdagi “virtual do‘stlari” bilan baham ko‘rmoqda. Kimdir mushugining suratini “Instagram”ga joylasa, yana kimdir o‘rtoqlari bilan behayo holda tushgan rasmini “Facebook”dagi sahifasiga joylashtirmoqda. Turli xil yoshdagi, xoh u qari bo‘lsin, xoh yosh bo‘lsin o‘ziga yarashmagan rasmlar va postlar qo‘yishi odat tusiga aylangani esa eng achinarli hollardan yana biridir.

Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ining foydalanuvchilari soni 1,5 million (2018 yildagi holat bo‘yicha)dan oshar ekan. 1 ta profilni esa o‘rtacha 2-3 ming kishi kuzatadi. Agar u taniqli inson bo‘lsa-ku umuman boshqa masala. Uning kuzatuvchilari soni 5-10 mingdan oshib ketishi turgan gap. Ana endi tasavvur qiling, bir kishi o‘z oilasida bo‘lgan voqeani yoki o‘zi bilan bog‘liq qandaydir mavzuni profiliga qo‘ysa. Agar post qiziqroq bo‘lsa, uni ko‘rgan kuzatuvchi bir tugma orqali boshqalarga ham ulashadi. Qarabsizki, bir deguncha sizning shaxsiy hayotingiz yoki masalangizdan 5-10 ming kishi xabardor bo‘lib turibdi.

Vaqt o‘g‘risi

Ijtimoiy tarmoq — yolg‘on hayot, lekin dahshatli o‘yin. Texnikani tushungan, zamonaviy axborot texnologiyalaridan qisman bo‘lsa-da boxabar bo‘lganlar-ku bu virtual tuzoqlardan saqlanar, lekin internet va kompyuter texnologiyalarini “sehrli kuch”, deya tasavvur qiladigan odamlar-chi? Ular bu kabi katta-kichik xavflardan qanday himoyalanadi? Hali ko‘p vaqt bo‘lmadi, aynan ijtimoiy tarmoqlar hamda mobil messenjerlar orqali “Momo”, “Siniy kit (ko‘k kit)” kabi inson hayotiga jiddiy xavf soladigan (aslida bu shunchaki o‘yin) o‘yinlar xuruji yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Bu kabi o‘yinlar kimlarnidir umriga zavol bo‘ldi, kimlarnidir ko‘ngliga qo‘rquv soldi.

Ijtimoiy tarmoq — vaqt o‘g‘risi. Kuzatuvlar, so‘rovnomalardan bilish mumkinki, odamlar ijtimoiy tarmoq uchun bir kunda kamida 4-5 soat vaqt sarflashadi. Internet olamini kezar ekansiz, ba’zilarning erta-yu kech “online”, “v seti” kabi holatlariga ko‘zingiz tushadi. Beixtiyor bu odamlar internetda “yashaydimi?”, deya o‘zingizga savol berasiz.

Ijtimoiy tarmoq — pul sarflashning oson yo‘li. O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlari tarqatayotgan ma’lumotlarga qaraganda, mijozlar tomonidan to‘lanayotgan abonent to‘lovlarining 3 dan 2 qismi internet “megabayt”lari uchun sarflanar ekan. Kuzatuvlarda yana shu ayon bo‘ldiki, internetga ajratilgan “megabayt”larning yarmidan ko‘pi ijtimoiy tarmoqlar uchun sarflanadi. Shuning uchun ham (bu shaxsiy fikrim) so‘nggi yillarda ta’rif rejalarda berilayotgan “megabayt”lar internet uchun alohida, ijtimoiy tarmoqlar uchun alohida kabi hajmlarga ajratib chiqildi. Bundan tashqari, internetda turli xil yolg‘on xabarlar va o‘yinlar ortidan pullarini yo‘qotayotgan odamlarni ham uchratib turibmiz. Bu kabi o‘yinlar qaysi va ular qanday bo‘lishi barchamizga ayon.

Shu o‘rinda yana bir qiziq holatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. “Instagram”, “Telegram” kabi ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda a’zolar sonini ko‘paytirish uchun pul sarflaydiganlar ham bor ekan oramizda. Bu kabi yolg‘on a’zo qo‘shuvchilar a’zo qo‘shish narxlarini ham belgilab olishgan.

Xulosa

Biz internet, ijtimoiy tarmoqlar koni zarar, deyayotganimiz yo‘q. Albatta, zamonaviy axborot texnologiyalari yutuq­larining foydali jihatlari borligini ham inkor eta olmaymiz. Faqat har bir narsada me’yor bo‘lishi kerakligini yodingizga solmoqchimiz, xolos. O‘ylashimizcha, odamlar qimmatli vaqtlarini ijtimoiy tarmoqlar uchun sarflashlari noto‘g‘ri, chunki hech qanday tarmoq jonli, haqiqiy muloqot o‘rnini bosa olmaydi. Yana shuni ta’kidlash lozimki, ijtimoiy tar­moqlardagi faollik, shon-shuhrat hech qanday ahamiyatga ega emas, inson uchun eng muhimi haqiqiy hayotda o‘z o‘rnini topa bilishdir.

Jasurbek TOJIBOYEV,

“Inson va qonun” muxbiri

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img