MuhimXalqaro ekspertlar nimadan ogohlantirayapti?

Xalqaro ekspertlar nimadan ogohlantirayapti?

Dunyo bo‘ylab avj olgan koronovirus kasalligi insoniyat tarixidagi so‘ngi yuz yillikda uchragan eng xavfli epidemiyalardan biridir.

Jahon hamjamiyatining nufuzli tashkilotlari rahbarlari karantin qoidalari – so‘zsiz amal qilinishi lozim bo‘lgan eng katta zarurat ekanligini ta’kidlamoqda va uni buzmaslik yuzasidan tinmay ommaga murojaat qilmoqda. Dunyoda vaziyatning keskin tus olayotganini va karantin qoidalariga amal qilishning qay darajada muhim ekanini yana bir bor eslatib qo‘yish uchun ham mazkur murojaat va chorlovlardan ayrimlarini keltirib o‘tish mumkin.

Vaqti kelib COVID-19 pandemiyasi cho‘qqisiga chiqadi va pasaya boshlaydi, biroq biz hozircha uning tarqalishini to‘xtatishimiz va odamlarni himoya qilishimiz kerak. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning va JSST bosh direktori Tedros Gebreyesusning chaqirig‘i shunday jaranglamoqda. Ular virus ustidan g‘alaba qozonish uchun jamoatchilikning mislsiz sa’y-harakatlari talab qilinishi haqida ogohlantirib kelmoqdalar.

“Bizning avlod misli ko‘rilmagan xavfga duch keldi. Odamlarning tashvishga tushganlari va sarosimada ekanliklarining hayron qoladigan joyi yo‘q. Ayniqsa, himoyaga muhtoj holatdagi kimsalar – keksalar va oldindan kasal bo‘lib kelgan kishilar, zarur tibbiy yordam olish imkoniyati yo‘qlar va kambag‘allikda yoki jamiyatning e’tiboridan chetda kun kechiruvchilar aziyat chekmoqdalar”, – deya ta’kidladi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Biz virusning tarqalishini to‘xtatishimiz va bir-birimiz haqimizda qayg‘urishimiz kerakligi haqida to‘xtatilib, yana gapida davom etadi: “Biz vahimaga tushmasligimiz, buning o‘rniga ehtiyotkorlik namoyish qilishimiz kerak. Illatga qarshi biz ilmiy ma’lumotlarni, qo‘rquvga qarshi esa dalillarni qo‘yishimiz kerak!”.

BMT Bosh kotibi esa COVID-19 tarqalishi pandemiya deya e’tirof etilganiga qaramasdan, uni nazorat qilish mumkin deb hisoblaydi, ayni paytda u buning uchun shaxsiy, mahalliy va xalqaro darajada sa’y-harakatlar talab etilishidan ogohlantirdi.

JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus 50 mamlakat sog‘liqni saqlash vazirlari bilan onlayn-kengash natijasida virusni erta aniqlash va diagnoz tasdiqlangan kishilarni ajratib qo‘yish, kasallar bilan aloqaga kirishgan shaxslarni kuzatish va ularni karantinga olish, shuningdek, davolash samaradorligini oshirish belgilanganligi hamda, bundan tashqari, aholi bilan doimiy aloqa o‘rnatish ham o‘ta muhim, bu hukumatga ishonchni mustahkamlash va fuqarolarni epidemiyaga qarshi kurashga safarbar qilishga yordam berishini ta’kidlab o‘tdi. U Singapur sog‘liqni saqlash vazirining “Biz endi kurashning boshlanishidamiz. Xotirjamlikni saqlashimiz, birlashishimiz va o‘zaro kelishib harakat qilishimiz kerak”, – degan so‘zlaridan iqtibos keltirib o‘tdi.

JSST Tinch okeani G‘arbiy qismi mamlakatlari Mintaqaviy byurosi direktori Takeshi Kasaining (Takeshi Kasai) Tinch okean G‘arbiy qismi mamlakatlaridagi COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat haqidagi murojaatida “Eng asosiy xulosa – ushbu epidemiyani to‘xtatish mumkin. Bugun Xitoyda ilk marotaba mahalliy darajada infektsiya bilan zararlanish holati qayd etilmadi, shunga qaramay mamlakat sog‘liqni saqlash organlari bari bir virusning mamlakatga chetdan kirib kelishi holatlarini aniqladilar va qayd etdilar. Holbuki, o‘tgan oyda epidemiya avjiga chiqqanida mamlakatda kuniga 3800 ta infektsiya bilan zararlanishning yangi holatlari qayd etilgan edi. Xuddi shunday yo‘sinda Koreya Respublikasi, Yaponiya va Singapur ham epidemiya sur’atlarini pasaytirishga muvaffaq bo‘ldilar va so‘nggi haftalarda kasallanish hollarining kundalik qayd etilish ko‘rsatkichlari ancha past ekani haqida xabar bermoqdalar”, – deb ta’kidlab o‘tilgan.

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening matbuot uchun bergan bayonotida bunday vaziyatda birdamlik muhimligini ta’kidlab, shunday deydi: “Virus tarqalishining oldini olish va to‘xtatishga qaratilgan mislsiz choralar vaqtdan yutishga va kelgusidagi harakatlarimizga tayyorgarlik ko‘rishga imkon beradi. Bunday vaziyatda biz ko‘tarinkilik ruhini saqlashimiz, o‘zimizning jismoniy va ruhiy salomatligimiz haqida g‘amxo‘rlik qilishimiz biz uchun yagona yo‘ldir. Ayni paytda, ruhiy zo‘riqish, xavotir, qo‘rquv – inqiroz holatida tabiiydir. Shu sababli JSSTning hozirda kishilarning ruhiy holatiga birinchi darajali e’tibor qaratmoqda. Oxir-oqibat, bizning rolimizda eng muhimi – ezgulik va mehr ulashish, biroq, ayni damda, jismoniy masofani saqlash choralari to‘g‘risida unutmaslikdir”, – deb ta’kidlab o‘tdi.

Beshta global chora

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) Boshqaruvi Kengashi va JSST bugun koronavirusga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirmoqda va xalqaro miqyosda taniqli futbolchilar bilan yangi axborot kampaniyasini boshlamoqda. Ular infektsiyaning tarqalishini to‘xtatishga yordam beradigan beshta global chora ko‘rishga chaqirmoqda. “Sizning pasingiz: Koronavirusni o‘yindan chetlating” aktsiyasi sog‘liqni saqlash uchun JSST tomonidan tavsiya etilgan besh qadam haqida ma’lumot tarqatishga qaratilgan, ular sirasiga qo‘lni yuvish, nafas olish odobiga rioya qilish, yuzga tegmaslik va o‘zini boshqa odamlardan uzoq tutish hamda o‘zini yomon his qilganda uyda qolish kiradi.

Umuminsoniy vazifa

Har birimiz jamiyatning bir bo‘lagimiz. Bir-biriga g‘amxo‘rlik qilish va o‘zaro ijtimoiy-hissiy ko‘mak bilan murojaat qilish inson tabiati uchun xos. Epidemiya bizning odatiy hayot tarzimizni izdan chiqardi, biroq har yomonning bir yaxshisi bo‘ladi deganlaridek, u bizga yangi imkoniyatlarni ham taqdim qilmoqda. Karantin davomida odamlar o‘z oilasi bilan o‘tirishga, yaqinlari bilan birlashib, oqibatni kuchaytirishi, ko‘proq yaxshilik, g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, hozirda pandemiyaga qarshi kurashda O‘zbekiston hukumati qo‘llayotgan ommaviy karantin tavsiyalariga quloq tutib, sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak.

Eng muhimi, bugungi vaziyatda har birimiz zimmamizdagi vazifalarga yanada mas’uliyat bilan yondashishimiz, bizning ham butun insoniyat oldida pandemiya qo‘yayotgan majburiyatlardan chetda turishga haqqimiz yo‘qligini unutmasligimiz kerak. Bizdan oddiy narsalar talab qilinmoqda: hushyorlik va ogohlikni keskin kuchaytirishni. Xavotir va qo‘rquvni inkor qilib bo‘lmaydi. Qo‘rquv va vahima bizni kuchsizlantiradi! Ogohlik esa uyda qolishni va eng bebaho ne’mat bo‘lgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish uchun karantin bilan bog‘liq joriy etilgan barcha tartib-qoidalarga so‘zsiz va qat’iy amal qilishni taqozo etadi. Keling, zimmamizdagi umuminsoniy vazifani ado etaylik, ko‘pga kelgan bu ofatga qarshi birdam bo‘lib kurashaylik. O‘zimizni va yaqinlarimizni asraylik. Jiddiy zarurat bo‘lmasa, uydan chiqmaylik!

Shuhrat RAXMANOV,
Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar
malakasini oshirish markazi dotsenti,
yuridik fanlar nomzodi

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img