TahlilYangi qonun hujjati advokatura sohasini qanchalik o‘zgartiradi?

Yangi qonun hujjati advokatura sohasini qanchalik o‘zgartiradi?

Birinchi o‘zbek advokati kim?

“Advokat” so‘zini eshitganimizda ko‘z oldimizda himoyachi obrazi gavdalanadi. Advokatrura instituti uzoq tarixga ega bo‘lib, O‘zbekiston hududidagi advokaturaning paydo bo‘lishi XIX asrning II yarmida Qo‘qonda faoliyat yuritgan birinchi o‘zbek advokati Abdunabi Qurolboy nomi bilan e’tirof etiladi.

Sohaning huquqiy asoslari qanday?

Bundan 14 yil ilgari “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi yangi o‘zbek advokatura instituti shakllanishiga turtki bo‘ldi. Ushbu qonun bugungi kunga qadar advokatura institutining huquqiy asosi hisoblanadi.

Shundan so‘ng, 1998 yil 25 dekabrda “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan bo‘lib, mazkur qonun bilan advokatlik faoliyatining muhim jihatlari, advokatlarning kasbiy daxlsizligi va kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan muhim normalar belgilandi.

O‘tgan davr mobaynida, 2008 yil 1 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida advokatura institutini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan bo‘lib, ushbu Farmon asosida “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga jiddiy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur Farmonda advokatura ilk bor fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida e’tirof etilib, advokaturaning samarali o‘zini o‘zi boshqaradigan markazlashtirilgan tizimini tashkil etish, advokatlikka nomzod shaxslarning malakasiga nisbatan qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish, shuningdek advokatlarni muntazam ravishda kasbga oid malakasini oshirishni majburiyligini joriy etish, advokaturani halol va kasb mahorati yuqori mutaxassislar bilan ta’minlaydigan samarali litsenziyalash tizimini tashkil etish, jinoyat protsessida ayblov va himoya taraflarning protsessual huquqlari tengligini ta’minlash, huquqshunoslik sohasida maxsus bilimga ega bo‘lmagan shaxslarni sud ishida ishtirok etishga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan taraflar vakilligi institutini bosqichma-bosqich takomillashtirish, advokatlar tomonidan kasb etikasi qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish mexanizmi va advokatlarga nisbatan intizomiy ish yuritish tizimini takomillashtirish singari masalalar sohani isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab berildi.

Ijtimoiy munosabatlar jadal rivojlanishda bo‘lib, har qanday sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlari ijtimoiy munosabatlarga to‘liq mos kelishi lozim. Shu sababli, 2018 yil 12 mayda Prezidentimizning “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida avokatura institutining huquqiy asosi takomillashtirilishi bilan bir qatorda advokatlar huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qoidalar amaliyotga joriy etildi. Jumladan, endilikda advokat sud binosiga kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalarini moneliksiz olib kirish va ulardan foydalanish huquqiga ega bo‘ldi. Advokatlarning malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan, davlat va boshqa organlardan hamda korxona, muassasa va tashkilotlardan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlar yoki ularning nusxalarini olish uchun so‘rovlari so‘rov qabul qilingan paytdan boshlab ko‘pi bilan o‘n besh kun muddatda bajarilishi shartligi, byurolarini ta’sis etgan advokatlar o‘z faoliyatini mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda o‘zlariga tegishli bo‘lgan turarjoylarida amalga oshirishlari mumkinligi hamda advokat so‘roviga ko‘ra ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik, yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlikda aybdor mansabdor shaxslar advokatning sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatiga asosan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida qoidalar joriy etildi.

Ushbu Farmon O‘zbekistonda advokatura institutini yanada takomillashtirishga xizmat qilib, advokatlar mavqeini, obro‘sini  oshirishga keng yo‘l ochib berdi.

34 millionga yaqin aholiga 3919 nafar advokat

Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy hisobda 33,905 million aholi istiqomat qilgan holda mamlakatda Advokatlar palatasi a’zolari hisoblangan 3919 nafar advokat faoliyat yuritmoqda. Ulardan 30 yoshgacha bo‘lgan advokatlar soni – 62 nafar, 50 yoshgacha bo‘lganlar – 1781 nafarni, 50 yoshdan oshganlar esa – 2076 nafarni tashkil etadi. Aholining o‘rta hisobdagi ko‘rsatkichi bitta advokatga 8651 nafar odam to‘g‘ri kelishini ko‘rsatsa, ushbu ko‘rsatkich Isroilda bitta advokatga – 136 nafar, Italiyada – 265 nafar, Ispaniyada – 328 nafar, Buyuk Britaniyada – 386 nafar, Germaniyada – 499 nafar, Turkiyada – 794 nafar, Gruziyada – 833 nafar, Ukrainada – 1205 nafar, Frantsiyada – 1020 nafar, Rossiyada – 1870 nafar, Qozog‘istonda esa – 3932 nafar odam to‘g‘ri kelishini ko‘rsatmoqda.

Hammasi bo‘lib, respublikada 2020 yil 1 yanvar holatida 1660 ta advokatlik tuzilmalari, shu jumladan, 71 ta advokatlik hay’atlari, 435 ta advokatlik firmalari va 1154 ta advokatlik byurolari faoliyat yuritmoqda.

So‘nggi 12 yildagi advokatlar sonining o‘zgarish dinamikasi aholi umumiy sonining ko‘payishi bilan advokatlar sonining kamayishi tendentsiyasidan dalolat bermoqda. Shuningdek, advokatlarning asosiy qismi, 50 foizdan ortig‘i 50 yoshdan katta shaxslar. Oddiy qilib aytganda, Respublikamizda advokatlik kasbi hali xanuz yetarli darajada jozibador emas.

Xo‘sh bunga sabab nima?
Nega yoshlar advokatlikka bormayapti?

Nazarimizda, advokatlik kasbiga bo‘lgan qiziqishni so‘ndiruvchi omillar ikki guruhga bo‘linadi: birinchisi, qonun hujjatlarimizdagi sun’iy to‘siqlar bo‘lsa; ikkinchisi, sud va huquqni muhofaza etish tizimi va advokatura o‘rtasida o‘zaro munosabatlarda ko‘rinadi. Ushbu muammolar davlat rahbari tomonidan e’tirof etilib, joriy 2020 yilning 10 aprel kuni loyihalar portaliga Prezidentimizning “Advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi keng jamoatchilik muhokamaga qo‘yildi. Mazkur hujjatda yuqorida keltirilgan advokatura institutining dolzarb muammolari yechimi keltirilgan.

Mazkur qaror loyihasida, Adliya vazirligining advokatura institutiga nisbatan nazorat va boshqarish vakolatlarini bekor qilishni hamda kasbga qabul qilinish masalasini ham o‘z ichiga oluvchi advokatlar faoliyatini tartibga solishni Advokatlar palatasiga to‘liq ravishda o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, sudlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat xizmatlari markazlari binolarida advokatlarga bepul taqdim etish asosida ularning kasbiy faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun sharoit yaratish hamda aholining malakali yuridik yordamga kirishini ta’minlash maqsadida alohida xonalar ajratish, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida fuqarolar murojaat qilishlari uchun qulay bo‘lgan sud yoki prokuratura markaziy organlari joylashgan joylarda o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan binolar va xonalar bepul asosda taqdim etilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining qonun ijodkorligi faoliyatidagi majburiy ishtirokini qonuniy mustahkamlash, Advokatlar palatasi raisiga Oliy sud Plenumi yig‘ilishlarida ishtirok etish huquqini, shuningdek, Konstitutsiyaviy sudga ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritish huquqini berish ko‘zda tutilyapti. Advokatlar palatasi vakili majburiy ravishda Sudyalar oliy kengashi a’zoligiga jamoatchilik asosida kiritiladi.

2020 yil 1 sentyabrdan:

advokat bo‘lishni istagan shaxslar uchun advokatlik tuzilmalarida majburiy uch oylik stajirovka muddati saqlangan holda, yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish to‘g‘risidagi talab bekor qilinishi, advokat so‘roviga advokat orderi nusxasini ilova qilish to‘g‘risidagi talab hamda so‘rovda advokatlik sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni kiritish to‘g‘risidagi talab bekor qilinishi, hamda bir vaqtning o‘zida so‘rovga advokat guvohnomasining ma’lumotlarini kiritish talabi joriy qilinishi belgilangan.

Loyiha matnida “Yagona darcha” tamoyili asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi advokatlik tuzilmalarini va yuridik maslahatxonalarni ro‘yxatga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilangan bo‘lib, quyidagi o‘zgarishlar kiritilishi belgilangan.

Birinchi, advokatlik tuzilmalari va yuridik maslahatxonalarni ro‘yxatga olish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatishni amalga oshirish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi;

Ikkinchi, advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatga olganlik uchun davlat boji miqdorini o‘zi kelib murojaat qilganda BHMning 1 baravarigacha, elektron ko‘rinishda murojaat qilganda boj BHMning 50 foizigacha kamaytirilishi;

Uchinchi, Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari ular tomonidan tashkil etiladigan yuridik maslahatxonalarni hisobga qo‘yish uchun davlat bojidan ozod etilishi;

To‘rtinchi, advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatga olish va yuridik maslahatxonalarni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizalar ikki kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi.

Loyihada adliya organlarining advokatlik tuzilmalari tomonidan ta’sis hujjatlariga, ustav faoliyatiga, ro‘yxatga olish, qayta tashkil etish va tugatish tartibiga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatlari, shu jumladan, ro‘yxatga olish tartibini buzganlik va advokatlik tuzilmalarining ta’sis hujjatlari talablariga rioya etmaganliklari uchun jarimalar undirish bo‘yicha vakolatlari bekor qilinishi, advokatlik tuzilmalari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq stavkasi 5 foizgacha pasaytirilishi ko‘rsatilgan.

Endilikda, advokatlik tuzilmalari tomonidan naqd pulsiz ko‘rinishda amalga oshirilgan quyidagi to‘lovlar advokatning jami daromadiga kirmaydi:

    • advokatlar malakasini oshirish hamda advokatlarning ta’limi va kasbiy tayyorgarligi bilan bog‘liq boshqa xarajatlar;
    • O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga kirish va a’zolik badallari;
    • advokatning hayoti, sog‘lig‘i va fuqarolik javobgarligining sug‘urtasi bo‘yicha xarajatlar;
    • advokatning xizmat safari xarajatlarining yoki xizmat safari bilan bog‘liq kompensatsiya to‘lovlarining to‘liq hajmi;
    • advokat yoki uning oila a’zolarining sanatoriy-kurort davolanishi, dam olishi, statsionar va ambulator davolanishi uchun xarajatlar, shuningdek, ularni qoplab berish qiymati;
    • maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim muassasalarida advokat bolalarining ta’limi, ta’minoti bo‘yicha xarajatlar;
    • O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va oliy o‘quv yurtlaridagi (o‘zi, shuningdek, farzandlari yoki turmush o‘rtog‘i – yigirma olti yoshgacha) ta’lim bo‘yicha xarajatlar;
    • advokatlarning o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun (o‘qiydiganlar – o‘n sakkiz yoshgacha) O‘zbekiston Respublikasida joylashgan bolalar oromgohlari va boshqa sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanmalar bo‘yicha xarajatlar.

Advokatlar palatasiga advokatlarning kasbiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan da’volarni sudlarga davlat bojini to‘lamasdan kiritish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, mansabdor shaxslar va boshqa shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqi beriladi.

Advokat sudlar, boshqa barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari va tashkilotlari binolariga ish vaqtida o‘zining kasbiy faoliyatini amalga oshirishidagi zaruriyat sababli hech bir to‘sqinliksiz (faqat advokat guvohnomasini taqdim etish bilan) kirish huquqiga ega bo‘ladi.

Advokat o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan kompyuter, elektron, mobil va boshqa aloqa qurilmalarini hamda texnika vositalarini sudlar, boshqa barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari, tashkilotlari binolariga to‘sqinliksiz olib kirish huquqiga ega bo‘ladi.

Advokatlar advokat so‘rovi bo‘yicha davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan advokatning malakali yuridik yordam ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar, axborotlar, ma’lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlar taqdim etilganligi uchun davlat boji va boshqa barcha to‘lovlarni to‘lashdan ozod etiladi.

Advokatlik kasbining obro‘sini oshirish hamda sudlov ish yurituvining ayblov tarafga og‘ishini istisno etishni, qonunlarga qat’iy rioya qilishni, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini hamda sud protsessida tortishuv tamoyilini ta’minlovchi zamonaviy va xaqiqatdan mustaqil bo‘lgan, har tomonlama kasbiy va xayotiy tajribaga ega bo‘lgan sudyalik korpusini shakllantirish maqsadida, 2025 yil 1 yanvardan sudyalikka nomzodlarga qo‘yiladigan majburiy talablardan biri bo‘lib, advokat sifatida ikki yildan kam bo‘lmagan ish stajining mavjud bo‘lishi belgilanadi.

Prezident qarori loyihasida keltirilgan o‘zgartirishlar va yangiliklar advokatura institutini takomillashtirish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bo‘ladigan munosabatlarda advokatura institutini mavqeyini oshirishga xizmat qilib, umumiy maqsad fuqarolik jamiyati qurilishi yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ladi.

Pirovard maqsad sud-huquq tizimining uzviy bo‘lagi hisoblangan advokatura sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mazmun-mohiyati, maqsadi eng avvalo, advokaturaning jamiyatdagi mavqeini ko‘tarish, yoshlarni advokatlik kasbiga qiziqishini oshirib, kuchli, mustaqil advokatura tizimini barpo etish orqali shaxsning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmini yaratishga qaratilgan.

Razzoq ALTIYEV,
TDYuU Jinoyat huquqi va kriminologiya kafedrasi
katta o‘qituvchisi

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img