Yangiyerlik xaker 67 nafar fuqaroni tuzog‘iga ilintirdi

0

Yangiyer shahar qurilish kasb-hunar kollejida o‘qiyotgan 19 yoshli yigitcha Jamshid Jumaqulov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) akasining nomida bo‘lgan …1671 raqamli sim karta o‘rnatilgan “Lenovo” rusumli telefonidan foydalanib yurgan paytlar telegram ijtimoiy tarmog‘ida tanishlari bilan yozishib o‘tirgan vaqti uning profiliga “sevgi she’rlari” nomli dastur keladi. U ushbu dasturni qiziqib yuklab olganida telefon apparati blok holatiga tushib qoladi. Birozdan so‘ng telefon ekranida “20 ming so‘m paynet qilsangiz, telefon apparatingizni blokdan ochamiz, murojaat uchun @admin” degan yozuv paydo bo‘ladi. Shundan keyin bir kursdoshining telefonidagi telegrami qidiruvidan o‘z telefon ekraninga yozilgan “@admin”ni qidirib topadi. Jamishid mazkur profilga kirib telefoni qulflanib qolganligini, uni ochishda yordam berishini yozib, SMS xabar yuboradi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, unga 20 ming so‘mlik vaucher raqamlarini yozib yuborsa, shunda telefon raqamini blokdan ochish kodini yozib yuborishi haqida xabar keladi.

J.Jumaqulov notanish adminning ko‘rsatmasiga binoan 4 dona 5 ming so‘mlik vaucher sotib olib, o‘sha notanish shaxs telefon raqamga yozib yuboradi. Shundan so‘ng uning telegram profiliga 4 ta raqamli kod keladi. Ushbu kodni telefon ekranidagi “ochish” degan joyiga yozganida telefon blok holatidan chiqadi. J.Jumaqulov notanish adminga ham havasi, ham hasadi kelib, unga ushbu dasturni o‘rgatib qo‘yishi haqida har qancha SMSlar yozmasin, lekin u tomondan umuman javob kelmaydi. D.Jumaqulov “@admin” nomli profilni qidirish jarayonida “Xakerlik sirlari” nomli kanalni topib olib, ushbu kanalga muntazam kirib borib, undagi turli xil dasturlar va videolarni tomosha qilib, ushbu dasturlardan foydalanish tartiblarini “qunt” bilan o‘rgana boshlaydi.

Bir kuni J.Jumaqulov “Xakerlik sirlari” kanalida behayo dasturga ko‘zi tushadi. Ushbu dastur emblemasi ostiga 4 ta raqamli kod yozigan edi. Jamshid bu dasturga qiziqib qolib, kodni eslab qoladi va dasturning ustiga bosgan vaqtida telefon apparati blokka tushib qolib, so‘ngra o‘zi eslab qolgan kodni terganida telefon blokdan chiqqanini ko‘rib, bu “hunar”ni yanada mukammal o‘rganishga kirishib ketadi.

Ushbu dasturning ichiga kirish, undagi yozuvlarni o‘zgartirish uchun “Xakerlik sirlari” kanalidan nomi esida bo‘lmagan boshqa dasturni yuklab olib, o‘sha behayo dasturga kirib, undagi yozuvlarni o‘zgartirib, o‘zi istagan yozuv va raqamlarni yozib qo‘yadi. Ushbu dasturdan foydalanishni o‘rganib olganidan so‘ng, o‘zining telefon kontaktidagi o‘zi xohlagan barcha raqamlarga yuborganida o‘sha shaxs u yuborgan dasturiga o‘zining telefon raqamini joylashtiradi. Agar kimdir ushbu dasturni o‘z telefoniga o‘rnatsa, uning telefon apparati blokka tushib qoladi va ekranda faqat Jamshidning raqami paydo bo‘lib qolib, raqam tagida “Ushbu raqamga paynet yoki klik orqali to‘lov qilsangiz, kodini ochib beraman” degan xabar keladi. Telefon apparati qulflanib qolgan odamlar uning telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lganlarida unga tusha olmaydigan qilib qo‘yib, faqat SMS xabarlari orqali “gaplashadigan” bo‘ldi.

Jamshidboy endi har kuni shu tariqa ushbu virusli dasturni O‘zbekiston Respublikasining xohlagan uyali operator foydalanuvchisiga yuborib, kodni yuborish evaziga fuqarolardan paynet yoki klik orqali 10 ming, 20 ming, 30 mingdan o‘tkazishlarini talab qilib, pul ishlay boshlaydi. Ko‘plab telefon egalari bir necha oylar mobaynida uning tuzog‘iga “xo‘rak” bo‘ladilar. Cho‘ntagidan doimo “shamol yelib yurgan” talaba endi 20-30 ming mayda pullarga qanoat qilmay qo‘yib, mo‘mayroq pul ishlash variantlarini qidiradi. Endi u “Xakerlik sirlari” kanalidan o‘rgangan qing‘ir ishlarini kattartirmoqchi bo‘ladi. Natijada J.Jumaqulov telefon raqamlari klik tizimi orqali plastik kartalarga ulangan fuqarolarni chalg‘itib, ularning klik kodini bilib, klik xizmatiga yashirincha ulanib olib, so‘ngra ularning plastik kartochkalaridagi pul mablag‘larini birin-ketin yechib olib, o‘zi xohlagan plastik kartochkaga o‘tkazib, Guliston shahriga kelib, eski dehqon bozoridagi notanish shaxslarning plastik kartasiga 5 foiz hisobiga o‘tkazib, naqd pulga almashtirib, “yallo” qilib yuradi. Noinsof J.Jumaqulov shu tariqa oz emas, ko‘p emas, tergov davomida aniqlangan 67 nafar yurtdoshlarini virtual tarzda tunaydi. 20-30 mingniku arzimagan pul dermiz, lekin 100 000, 160 000, 188 000, 280 000, 290 000, 303 000, 420 000, 470 000, 752 000, 772 000, 1 040 000 pullaridan judo bo‘lgan odamlarning o‘rniga bir fursat o‘rningizni qo‘ysangiz, bo‘lib o‘tgan holatni yana ham yaxshi tushunib olasiz.

“Tekin teshib chiqadi” deganlaridek, virtual xaker J.Jumaqulovning kirdikorlari tez orada oshkor bo‘lib, u huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi. J.Jumaqulov fuqarolarga keltirgan moddiy zararlarni uning yaqinlari tergov va sud davomida qoplab berdilar. 10 ming, 20 ming paynet qilgan fuqarolar aniqlanib, ularga ham pul mablag‘lari to‘liq qaytarildi. Uning “RedMi” rusumli telefoni jinoyat quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilindi.

JIB Xovos tuman sudi hay’ati sudlanuvchi J.Jumaqulovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi, 169-moddasi 3-qismi “a” bandi va 2786-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topdi.

Sud sudlanuvchi J.Jumaqulovga eng kam oylik ish haqining 25 baravari miqdorida jarima, Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan uzil-kesil o‘tash uchun 4 yil 5 oy 29 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Otabek NABIYEV,
JIB Xovos tuman sudi raisi,
Shuhrat SUYaROV,
“Inson va qonun” muxbiri

Аввалги мақолаSimptomsiz bemorlar ham atrofdagilar uchun xavfli ekanligi isbotlandi
Кейинги мақолаMoskvada o‘tkazilgan yozgi Olimpiadaga bu yil 40 yil to‘lmoqda