TahlilYer bilan bog‘liq og‘riqlar: Hokimning qarori nega beqaror?!

Yer bilan bog‘liq og‘riqlar: Hokimning qarori nega beqaror?!

Necha kundirki, odamlarning tilidagi gap Prezidentimizning “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni atrofida aylanayotganiga guvohmiz. Chunki, inson yerga bog‘langan, kindik qoni tomgan yerning kuchiga, mehriga tayanadi. Ana shu kuch insonni g‘ururlantirib, ko‘kragini tog‘dek ko‘tarib turadi. Shuning uchun ham odamzot ota-bobomdan qolgan tabarruk zamin, deb ona yurt tuprog‘ini ardoqlaydi, ko‘ziga surtadi.

Yer to‘g‘risidagi har qanday yangilik, har qanday o‘zgarish boshqacha kutib olinishining asl sabablaridan biri ham ana shunda! Kimdir bu Farmonga ishonib, quvonib qaraydi, kimdir esa… boshqacha. Shu o‘rinda ayrim odamlardagi bu boradagi tushkun kayfiyatning sabablarini yurakdan o‘tkazishga harakat qilamiz.

Xo‘sh, nima uchun odamlarda ikkilanish holatlari sezilmoqda?

Sababi oddiy: Xalqning ko‘ngli qolgan, dili ranjigan joylari bor. Masalan, o‘zimiz guvoh bo‘lgan holatlarni aytadigan bo‘lsak, ba’zi hokimlar bitta yerni bir necha kishiga sotgan. O‘zi qaror chiqarib, yer ajratgan fuqaroning yerini yillar o‘tib, boshqa qaror asosida boshqa birovga xatlab bergan. Eski qaror ham bekor qilinmagan. Oqibatda yer talashgan ikki fuqaro o‘rtasidagi nizolar sud idoralarigacha borayap­ti. Chunki ikkisining qo‘lida ham hokimning qarori bor.

Yana bir adolatsizlik

Ayrim hollarda tashlandiq, toshloq yerlarni qaror bilan olgan fuqaro bu joyni katta mashaqqatlar bilan obod qilgach, o‘zgalarning ana shu yerga ko‘z olaytirish hollari ham ko‘p bo‘lgan. Qo‘li uzun “ishbilarmon”lar boshqalardan ustun kelib, tayyor oshga bakovul bo‘lishdan zarracha uyalmaslik hollariga duch kelganmiz, guvoh bo‘lganmiz. Adolatsizlik esa, yaxshilik alomati emas.

Ba’zi hollarda esa tuman hokimining qarori chiqayapti, ammo “Mazkur qarorning tasdig‘i viloyat hokimidan so‘ralsin” degan bandi bo‘lishiga qaramasdan, viloyat hokimi tomonidan bu qaror tasdiqlanmasdan qolib ketayapti. Demak, bu qaror hech qanaqa kuchga ega emas. Tuman hokimining qarorini ko‘tarib olgan fuqaro, yoki tadbirkor esa, eshikma-eshik sarson bo‘lib yillarni o‘tkazayapti. “Qo‘limda qaror bor, yer meniki,” deb bekorga umidvor bo‘layapti.

Tuya go‘shti “egan” qaror…

Yaqinda tahririyatimizga ana shunday fuqarolardan biri najot so‘rab keldi. “Kuchli tosh” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilnoza Karimovaning qo‘lida unga yer ajratish to‘g‘risida tuman hokimining qarori bor. Ammo u qarorning ijrosi yo‘q…

Mana o‘sha qaror: Quyi Chirchiq tuman hokimining 2018 yil 12 sentyabrdagi “Quyi Chirchiq tumani “Surum” MFY “Navoiy” massivi hududida “Kuchli tosh” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tikuvchilik fabrikasi qurilishi uchun yer maydonini tanlash va ajratish to‘g‘risida”gi 1780-sonli qarori.

Garchi, mazkur qaror tuman hokimligi huzuridagi hay’at a’zolari tomonidan tuzilgan 2018 yil 11 sentyabrdagi dalolatnomasiga asosan chiqarilgan bo‘lsa-da, mana oradan ikki yarim yil o‘tgan bo‘lsa ham, tadbirkor ajratilgan yerni ololmasdan halak.

Tuman hokimligidagilar viloyat hokimligiga, viloyat hokimligidagilar esa tuman hokimligiga boring, deyishdan nariga o‘tmagani uchun fuqaro hamon sarson.

Qo‘limizga tushgan mazkur bajarilmagan qarorni o‘qib, undagi xatolar va e’tiborsizliklardan taajjublandik. Hokim qarorida hatto yer ajratilayotgan tadbirkorning familiyasi xato yozilganligi, xulosa bergan ayrim tashkilot nomlarining noto‘g‘ri yozilishi, o‘nlab imloviy xatolarga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rib, tuman hokimligida qarorlarni qonuniy va savodli tayyorlashga mas’ul bo‘lgan huquqshunos va boshqa mutasaddilar qayoqqa qaragan, degan haqli savol tug‘ildi. Hokimning qarori va imzosi o‘yinchoqmi? Yoki hokimning darajasi shu qadar pastmi?

Yana bir illat bor…

Tuman yoki shahar hokimi almashgan kezda ham ayrim qarorlar o‘z-o‘zidan beqarorga aylanadi. Yangi hokim mansabga o‘tirishi bilan xalqqa xizmat qilishni eski hokim tomonidan qabul qilingan ayrim qarorlarni bekor qilishdan boshlaydi. Ya’ni, eski hokim chiqargan ayrim qarorlar “o‘z kuchini yo‘qotadi…” Yeridan, uchastkasidan ayrilgan fuqarolarning fig‘oni falakka chiqadi. Bu illat esa kecha ham bor edi, bugun ham bor. Ammo ertaga davom etmasligi kerak!

Ulardan qayerimiz kam?

Yerga munosabatda har bir davlatning o‘z qonuni, o‘z e’tiqodi bor. 2018 yili bir guruh jurnalistlar Xitoyda ijodiy safarda bo‘ldik. Chin mamlakati tarixi, madaniyati, ma’rifati bilan tanishish bilan bir qatorda ulkan sanoat markazlarida ham bo‘ldik.

“Kerak-mi, demak uddalayman!” degan ishonchli da’vat va qudrat Xitoyni agrar davlatdan jahonshumul ulkan sanoat fabrikasiga aylantirdi. Oddiy o‘yinchoqdan to murakkab elektronikagacha ishlab chiqarishga erishish oson kechmadi, albatta.

Tekstil sanoati bugun Xitoy yengil sanoatining yetakchi sohalaridan biri hisoblanadi. Chanle rayonidagi “N&C” tekstil korxonasi — xususiy korxona. Bir vaqtlar suv qalqib turgan joyda qad rostlagan mazkur korxonaning bunyod etilishidagi mashaqqatli mehnat aks ettirilgan hujjatli filmni ko‘rib, ochig‘i, qoyil qoldik. Suv sathini tuproq bilan to‘ldirib, yer hosil qilib, u yerda ko‘p qavatli korxona binosining birgina birinchi fazasini bunyod etish uchun 1 milliard AQSh dollari ketganligining o‘ziyoq korxona katta salohiyatli fabrikalardan biri ekanligini ko‘rsatib turibdi. To‘quv tolalarini tayyorlashga mo‘ljallangan korxona mahsulotlarining 30 foizi Xitoyda, qolgan 70 foizi esa Amerika, Italiya, Angliya va boshqa qator rivojlangan davlatlarga eksport qilinmoqda.

Korxonaning shiori shunday: “Men go‘zallik yarataman!”. Suv ustida qad rostlagan baland-baland binolar, mahobatli ko‘priklar bilan bog‘langan tekstil shaharchasi bilan tanishar ekanmiz, yuqori saviyali bilimdon ishchi-xodimlarning madaniyati, avtomatlashtirilgan ish jarayonlari, mahsulotlarning sifatiga tan berdik.

Bir-biri bilan yer talashib, sudlashib yurgan hamyurtlarimizdan, yerga bepisand munosabatda bo‘lib, uni xohlagancha talon-toroj qilishdan tap tortmaydigan hokimlardan: “ Bizning ulardan qayerimiz kam?” deb so‘ragimiz keladi…

Marusa HOSILOVA,
“Inson va qonun” muxbiri

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img