TahlilYer haqida: tanqid boru taklif yo‘q...

Yer haqida: tanqid boru taklif yo‘q…

Endi yerlar qarovsiz qolmaydi

Yer ham tilini tushunganni, qadrini bilganni siylaydi. Tuproq bilan tillashib, yerga mehr berib, nasiba topgan, oilasining ham, elning ham dasturxonini to‘ldirganlar bir parcha yerning qadrini biladi.

Yaqinda Prezidentimizning “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Aholi o‘rtasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu Farmonning mazmun-mohiyatini tushunib-tushunmay turli xil salbiy munosabatlar bildirish holatlariga duch kelayapmiz. Yangilik hamisha shunday qabul qilinadi. Agar hammamiz ham bu normativ-huquqiy hujjatning hayotimizda nechog‘lik ahamiyatli ekanligini anglaganimizda edi, salbiy munosabat bildirish o‘rniga uni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardik.

Afsuski, ko‘pchiligimiz quruq gap aytishga ustamiz. Aksariyatimizda bu borada tanqidiy gap boru, loaqal biror arzirli taklif yo‘q!

Ochig‘ini aytish kerak, ko‘pchilik amaldorlar, fermerlar ham “er sotish”ni biznesga aylantirib olishgandi. Endi bunday bo‘lmaydi! Yashirin yer savdosiga chek qo‘yiladi. Bu esa, poraxo‘rlikning ko‘z ilg‘amas, ammo juda baquvvat tomirlarini qirqadi. Halollik bo‘lgan joyda esa, baraka bo‘ladi, albatta.

Yerni uning tilini tushungan ham, tushunmagan ham olgan yillar bo‘ldi. Ayniqsa, qishloq joylarda bu yaqqol sezilib qoldi. Puldor odamlar har qancha suvli, serhosil yerlarni qo‘lga kiritgan bo‘lmasin, tomirida dehqonning qoni oqmaganidan keyin vaqti kelib uni tashlab ketishga o‘zi majbur bo‘ldi. Agrar soha qancha serdaromad bo‘lmasin, ob-havoning injiqligi ham o‘ziga yarasha ekanligi hech birimizga sir emas. “Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang, yuz hayda”, deb bekorga aytmaydi usta dehqonlar. Yerning qay mahal haydalishidan tortib unga faqat kimyoviy emas, tabiiy o‘g‘it berishgacha, eng muhimi, uni begona o‘tlardan tozalash yo‘llarini, qachon chopiq qilishni-yu, qachon yerga suv berishni, yerga dam berish uchun ekinni almashlab ekishni hamma ham dehqonning o‘zidek tushunavermaydi.

Bemehr, faqat bir yil ekin ekib, foyda ko‘rishni ko‘zlaganlarning kasriga ajriq, g‘umay, chirmoviq o‘t, sho‘ra kabi begona o‘tlar bosib, sho‘rlab ketdi katta-katta ekin yerlarimiz. Avvallari paxta ekishdan avval ishchilar erta bahorda etak-etaklab ajriq, g‘umay kabi ko‘p yillik begona o‘tlarning tomirini terib, yerni tozalar edi. Ko‘p hududlarda bu odat butunlay yo‘qolib ketdi. Bir mavsumga yerni sotib olganlar yerning taqdirini, tarkibini, begona o‘t bosish-bosmasligini o‘ylarmidi?! Ayniqsa, oppoq sho‘r qoplab ketgan yerlarni ko‘rib, achinasan kishi. Bir mahallar bu joylar qanday unumdor bo‘lgan. Zovur qazitib, yerning sho‘rini tozalash o‘rniga unumdor yeridan ozroq bo‘lsayam sotib, qolgan joyga haminqadar munosabatda bo‘lganlar adashganini bildi-yu, sohadan ketdi. Lekin ularning kasriga qancha ekin maydonlari yaroqsiz bo‘lib qoldi. Yer har qancha unumdor bo‘lmasin, unga to‘g‘ri munosabat qilinmasa, yaroqsiz buyumga aylanadi oxir oqibat. Yerning qarovi to‘g‘ri bo‘lmasa, kutilgan hosilni olib bo‘lmaydi.

Qishloq hududlarida yashaydiganlar yaxshi biladi. Har birimiz ro‘zg‘orga ishlatadiganimiz — piyoz ham yerning kuchini oladigan ekin. Yerni fermerdan bir yilga baholab olganlar ham anoyi emas, yanagi yil piyoz ekish uchun shu yerni olmaydi, boshqa yerni qidiradi. Agar almashlab ekilmasa, yerdan unumli hosil olinmasligini ular yaxshi bilishadi. Unumdor yerlarimiz shu tariqa qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Fermerlar fermer xo‘jaligi yerlarining bir qismini yashirin yo‘l bilan pullab, texnika sarf-xarajatlari, yollanma ishchi kuchining ish haqi uchun sarflay boshlashdi. Bu harakat avj olib, yashirib bo‘lmaydigan darajagacha yetdi. Prokuratura organlarining tekshiruvi, aralashuvi bilangina noqonuniy sotilgan yerlardan foydalanayotganlar aniqlana boshlandi. Lekin bu bilan mamlakatda yerni noqonuniy sotish, ya’ni yerni “qora bozor” narxida pullashga, kimlarningdir cho‘ntagini qappaytirayotgan yashirin biznesga chek qo‘yib bo‘lmadi. Ha, shunday bo‘ldi. Ushbu Farmon yer bilan bog‘liq ko‘plab “o‘yin”larga chek qo‘yadi.

Gulbahor ORTIQXO‘JAYEVA

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img