YangiliklarHuquqYer sohasida o‘g‘irlikka yo‘l qo‘yilmaydi

Yer sohasida o‘g‘irlikka yo‘l qo‘yilmaydi

XALQIMIZ uchun yerning qadri, qimmati baland. Yer odamzodning nafaqat muqaddas mulki, balki ulug‘ qadriyati ham hisoblanadi. Prezidentimizning yangi Farmoni ana shu jihatdan ham yuksak ahamiyatga ega.

Aslida yerga bo‘lgan mulk yoki ijara huquqi auksion orqali sotib olinganidan keyin uning narxi paydo bo‘ladi. Bugun odamlar orasida yerning “yashirin” narxi borligini, har bir hududda 1 sotix yer qancha turishini hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin davlat tomonidan yer shu paytgacha tekinga berilar edi. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: yer davlat tomonidan tekinga beriladi, lekin u odamlar orasida katta “qiymatga” ega. Bu holat istasak istamasak korrupsiyani keltirib chiqaradi. Shuning uchun davlat tomonidan yerning moliyaviy oborotga kiritilgani juda katta tarixiy voqeadir.

Tuman va shahar hokimlarining yerga doir vakolatlari bekor qilinmoqda. Hozirda yer sohasida vakolatlar tuman va viloyat hokimlari o‘tasida taqsimlangan. Masalan, tuman hokimi yer ajratish haqida qaror qabul qiladi, lekin bu qaror viloyat hokimi tasdiqlaganidan keyin kuchga kiradi. Amaliyotda tuman hokimi qarori qabul qilinib, viloyat hokimi qarori chiqmagan holatlar juda ko‘p bo‘lgan. Shu sababli, bu o‘zgarish yer sohasida ortiqcha byurokratiya va sansolarlikni yo‘q qiladi.

Keyingi 2 yilda (2019-2020 yillar) tuman va shahar hokimlarining qarorlari bilan 1 ming 356 ta tadbirkorning yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan.

Yer bozorida endi o‘g‘irlik bo‘lmaydi…

Yaqin-yaqingacha soliq va bojxona imtiyozlari, masalan, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar juda ko‘p edi. Kimgadir katta soliq yuki qo‘yilib, kimdir soliqdan butunlay ozod edi. Bugun asta-sekinlik bilan odamlar ham, tadbirkorlar ham barchaga teng soliq siyosati joriy etilgani qanchalik to‘g‘ri ekanligini anglashmoqda. Hozirda yer bo‘yicha holat ham aynan o‘sha 2-3 yil oldingi soliq siyosatiga o‘xshash. Juda ko‘pchilik holatlarda yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish bo‘yicha imtiyozlar nazarda tutilgan. Farmon bilan bularning barchasi bekor qilinmoqda. Tabiiyki, bu ayrimlarga yoqmasligi mumkin. Lekin barcha uchun bir xil, shaffof va tenglik asosida, elektron auksion va tanlov asosida yer berish joriy etilgach, bu tizim o‘zining ijobiy samarasini bera boshlaydi. Yer bozorida eng asosiy taklif davlatning o‘zi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etiladi.

Farmonda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini ko‘paytirish topshirilgan. Bu, oddiy so‘z bilan aytganda, yerlarni mayda tovar ishlab chiqaruvchilarga berish degani. Qishloqda yashayotgan, ishsiz fuqaro ochiq tanlovda qatnashib dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, shu orqali minglab odamlarni daromad manbai bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Farmonda odamlarga egalik qilish yoki foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan, bino-inshootlar va turar joylar ostidagi yerlarni xususiylashtirish ham nazarda tutilgan. 2019 yilda bu bo‘yicha alohida Qonun ham qabul qilingan edi. Farmon ushbu qonun asosida odamlar o‘zlari egallab turgan yerlarni mulk qilib berish jarayonini tezlashtiradi. Xususiy mulkni joriy etish yerning daxlsizligini ta’minlaydi, uning iqtisodiy qiymatini oshiradi, odamlarning qo‘lidagi yer haqiqiy kapitalga aylanadi.

Qishloq xo‘jaligi yerlari faqat ijaraga beriladi

Qishloq xo‘jaligi yerlarini alohi muhofaza qilish bugungi kunda juda dolzarb masala. Chunki, aholi soni ko‘payishi hisobiga sug‘oriladigan yerlarning jon boshiga bo‘lgan hajmi keskin kamaymoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, so‘nggi 15 yilda sug‘oriladigan yerlar jon boshiga 24 foizga kamaygan, ya’ni avval jon boshiga 0.23 gektar yer to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, xozir — 0.16 gektar to‘g‘ri kelmoqda.

O‘tgan ikki yil davomida 50 mingdan ortiq holatda 6 ming gektarga yaqin sug‘oriladigan va 10 ming 400 gektar boshqa yerlar o‘zboshimchalik bilan egallanib, noqonuniy qurilishlar qilinganligi aniqlangan. Bunday qilmishlar uchun 492 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bugungi kunda yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish huquqiga ega ayrim imtiyozli toifadagi shaxslar mavjud. Masalan, turarjoyi buzilishga tushganlar. Aytaylik buzilishga tushgan uy 100 million so‘mga baholansa, shuning 60 million so‘mi hisobiga yangi yer uchastkasi, qolgan qismiga 40 million so‘m pul berilardi. Farmonga ko‘ra endi, kompensatsiya sifatida yer berish to‘xtatiladi, buning o‘rniga fuqaroga buzilishga tushgan uyining qiymati to‘liq qoplab beriladi. Agar fuqaro auksionda qatnashib yer oladigan bo‘lsa, unga to‘lanadigan kompensatsiya hisobidan auksionda yer sotib olish xarajatlari to‘liq yoki qisman qoplab beriladi. Oddiy so‘zlar bilan aytadigan bo‘lsak, davlatdan yer ko‘rinishida olinadigan yordam endi pul shakliga o‘zgartiriladi.

2021 yil 1 avgustdan jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish ham bekor qilinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamiz bo‘yicha 730 ta bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari hududida 74 ming 82 ta dala-hovli ob’ektlari (shundan 12 ming 34 tasi uy-joy sifatida foydalanib kelinmoqda) aniqlanib, shundan 37 ming 847 tasida kadastr hujjati rasmiylashtirilgan bo‘lib, ularning 19 ming 95 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Muxtasar qilib aytganda, yerga bog‘liq mazkur islohot byurokratiyadan xoli islohot bo‘lishi kerak!

Nodir TILLAYEV,
Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img