Yuridik ta’limdagi yangi bosqich

1

Prezidentimiz tomonidan 29 aprelda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon milliy yuridik ta’lim raqobatdoshligini yanada oshirish, yuqori malakali mutaxassis-huquqshunoslarni tayyorlash va mamlakatda yuridik fanni rivojlantirishga qaratilgan  o‘ta muhim hujjat hisoblanadi.

Farmonga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash bo‘yicha bazaviy oliy ta’lim va ilmiy-metodik muassasa etib belgilandi.

Shuningdek, Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etiladi va “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan tartibda shakllantiriladigan va tasdiqlanadigan kvotalar bo‘yicha qabul, shu jumladan tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt asosida qo‘shimcha qabul amalga oshiriladi.

Farmonga ko‘ra, davlat, huquq va siyosiy-huquqiy fikr sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti tashkil etiladi.

Mazkur farmon yoshlarning, ayniqsa, hududlardan teng ravishda ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash borasida xalqimizning necha yillik orzusining amaliy yechimiga qaratilgan o‘ta muhim huquqiy asos ekanligi bilan ham alohida e’tiborga molik.

Yoshlar siyosati – bu davlatning demokratik taraqqiyot yo‘lida rivojlanishida yoshlarning muhim strategik kuch sifatida tan olishi, zamonaviy dunyoda yoshlarning ehtiyojlari, ularning mavjud demokratik muhitga to‘g‘ri moslashuviga yo‘naltirilgan qonunchilik va ijro etish xususiyatining yig‘indisi, xalqaro hamda milliy huquq normalari talabi darajasida to‘liq bajarilishidir. Yosh avlod vakillarining manfaatini, umummilliy manfaat bilan uyg‘unlashtirish – yoshlar siyosatining asosiy vazifasi hisoblanadi.

Ma’lumki, aholining 60 foizidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi, ular o‘z iste’dodi, iqtidorining huquqiy ta’minlanganini ko‘rishni istaydi. Qonun ijrosi bilangina kuchli ekanligini ular yaxshi bilishadi. Chunki bugungi axborot asrida yoshlarimiz dunyo yoshlari uchun yaratilgan barcha imkoniyatlarni ko‘rib o‘smoqda.

Zero, O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni yoshlarimizning huquqini himoya qilishga qaratilgan muhim hujjat ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Mazkur qonunning 25-moddasi “Iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash”ga qaratilgan bo‘lib: unda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, ta’lim grantlari taqdim etish qayd etilganining amaliy ifodasi sifatida farmondagi 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab TDYuU qoshidagi akademik litseyning barcha fanlar bo‘yicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilari TDYuUga kirish test sinovlarisiz, individual suhbat o‘tkazish orqali, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari kirish huquqiga ega ekanligini yuridik ta’limdagi yangi bosqich deb aytish mumkin.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab yuridik texnikumlarda nomutaxassislik fanlar soni qisqartirilib, o‘quv jarayonida kredit-modul tizimini qo‘llash yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston fuqarolarini qabul qilish Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshirilib, tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt asosida qo‘shimcha qabul tartibi joriy etilishi yoshlarimiz uchun keng imkoniyatlarni beradiki, yurist bo‘lish orzusi endi armonda qolmaydi.

Shuningdek, bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega yuridik texnikumlarda kamida uch yil ishlagan pedagog va rahbar xodimlar, TDYuU magistraturasiga kirish test sinovlarisiz, to‘lov kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng adliya organlari va muassasalarida taqsimot bo‘yicha, birinchi navbatda, yuridik texnikumlarda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini olgan holda kirish huquqiga ega bo‘lishi yoshlarning yana bir huquqiy himoyasidir.

Prezidentimizning yangi farmoni esa yoshlar uchun yana yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Jumladan, farmonda Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etilishi qayd etildi va bu, o‘z navbatida, hududlardagi yoshlar uchun katta imkoniyatdir.

Bu maqsadning yutug‘i va ertangi kundagi ahamiyati shundaki, birinchidan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga har tomonlama harakat boshlansa, ikkinchidan hududlarda ham ushbu ehtiyoj o‘sha hudud kesimida yaratilgan shart-sharoitlar asosida amalga oshiriladi.

Yana bir diqqatga sazovor jihati adliya organlari va muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Adliya vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalariga stipendiyalar va grantlar, shuningdek, adliya organlari va muassasalari xodimlariga xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa tashkilotlarda o‘qish, stajirovka o‘tash va ular bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun grantlar ajratilishi iqtidorli yoshlarimiz uchun juda katta imkoniyat va imtiyoz berishi aniq.

“Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasida yoshlarga oid xalqaro tajriba almashuvi hamda iqtidorli va iste’dodli yoshlarni ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda o‘qitish, qayta tayyorlash va amaliyotni o‘tash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini ta’minlash degan maxsus bandining qo‘llab-quvvatlanishi endilikda yoshlarimiz uchun qo‘shma ta’lim dasturlarini va yuridik texnikumlar va TDYuU qoshidagi akademik litseyning qo‘shma fakultetlarini tugatgandan so‘ng o‘qishni davom ettirgan shaxslarga berilgan xorijiy ta’lim muassasalarining belgilangan shakldagi bakalavriat, magistratura diplomlari O‘zbekiston Respublikasida qo‘shimcha ma’muriy tartib-taomillarsiz oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mulkchilikning turli shaklidagi tashkilotlar, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarida joriy va istiqboldagi yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olish va har bir hudud, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha kesimida yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish kechiktirib bo‘lmaydigan davr talabidir.

Prezidentimizning yangi farmoni yuridik ta’lim bosqichining kulminatsion cho‘qqisi bo‘lib bevosita yoshlar huquqining davlat tomonidan himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Yuridik  ta’limning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etishda; yuridik  ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va pedagoglarning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni mazmunli va maqsadli tashkil etish hamda xalqaro aloqalar natijadorligini tahlil qilib borish, qo‘shma dasturlar samaradorligini baholash, hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, chet ellik professor-o‘qituvchilarni ta’lim tizimiga jalb etishga karatilgan yangi farmon hisoblanishi bilan yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

Feruza Muhitdinova,
yuridik fanlar doktori, TDYuU professori

Аввалги мақолаTojikistonda 15 nafar fuqaroda koronavirus aniqlandi
Кейинги мақолаDeputatlar “Sog‘lom turmush” medali va “Salomatlik” ordenini ta’sis etish masalasini ko‘rib chiqyapti