Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bog‘cha va maktablar 27 apreldan 10 maygacha yopiladi. Bu haqda Dushanbe shahar ta’lim boshqarmasi xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, rasmiylar ushbu qarorni profilaktika maqsadida qabul qilishdi. Profilaktika davrida barcha maktab va bolalar bog‘chalari dezinfektsiyalanishi rejalashtirilgan. Ammo ushbu qaror universitetlar va o‘rta maxsus kasb-hunar muassasalariga taalluqli emas, ular o‘qishni davom ettiradilar.
Ma’lum bo‘lishicha, rejadan tashqari ta’tillar Tojikistonning boshqa mintaqalaridagi maktab va bolalar bog‘chalarida ham joriy etiladi.
Bu qaror bugun Tojikiston bosh vaziri, koronavirus profilaktikasi bo‘yicha Respublika shtab raisi Qohir Rasulzoda raisligida o‘tkazilgan koronavirus profilaktikasi bo‘yicha respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishida qabul qilingan.
Ma’lumot uchun. Tojikiston sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda rasmiy ravishda koronavirus infektsiyasi holati e’lon qilinmagan, ammo rasmiylar fuqarolarni yuqtirishning oldini olish choralarini ko‘rishmoqda. Xalqaro tashkilotlar ham Tojikistonni koronavirus aniqlanmagan mamlakatlar qatoriga kiritgan.