Бош саҳифаМуҳимAdliya aralashuvidan so‘ng 90 million so‘mlik ish...

Adliya aralashuvidan so‘ng 90 million so‘mlik ish haqi undirildi

“GULISTON ekstrakt yog‘” aksiyadorlik jamiyatidagi bir guruh ishchilar ish haqini o‘z vaqtida ololmayotganliklarini bayon etib, Guliston shahar adliya bo‘limiga murojaat etgan. Murojaatni o‘rganish jarayonida aksiyadorlik jamiyati rahbarlari o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarashi oqibatida fuqarolarning ijtimoiy huquqlari buzilganligi aniqlandi.

Adliya bo‘limi aralashuvi bilan ushbu sansolarlik holatiga chek qo‘yildi. Joriy yilning may-iyun oylarida kiritilgan 18 ta da’vo ariza bo‘yicha “Guliston ekstrakt yog‘” aksiyadorlik jamiyatidan 90 million so‘mga yaqin pul mablag‘i undirilib, ishchilarning moddiy jihatdan manfaatlari qanoatlantirildi.

Jumladan, Otabek Rahmonqulovning ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilganligi sababli hisob-kitob bo‘yicha ish haqini ololmaganligi fakti yuzasidan hujjatlari o‘rganilib, adliya bo‘limi tomonidan sudga da’vo ariza kiritildi va fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining 2021 yil 4 iyundagi buyrug‘i bilan uning foydasiga 4 million 787 ming so‘m undirildi. Fuqaro Abdurazzoq Jo‘rayev ham “Gulis­ton ekstrakt yog‘” aksiyadorlik jamiyatida
1991 yildan boshlab o‘ttiz yil davomida ishlab kelganligi, korxona faoliyati tugatilganligi sababli ish haqini olish borasida bir necha bor aksiyadorlik jamiyati rahbariya­tiga uchrasa-da, masala ijobiy yechimini topmaganligi uchun adliya idorasiga murojaat qilishga majbur bo‘lganligini bildirgan.

Shahar adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan da’vo ariza tufayli fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining buyrug‘i bilan fuqaroga 7 million 180 ming 187 so‘m undirib berildi. Xuddi shu tartibda ishchi Sohib Rahimov foydasiga 4 million 938 ming 428 so‘m undirildi.

Nazar QARShIBOYEV,
Guliston shahar adliya bo‘limi boshlig‘i

Ижтимоий тармоқлар

Сўнгги янгиликлар

Тавсия этамиз