Life styleDangasalikning zararlari

Dangasalikning zararlari

Shubhasiz dangasalik va g‘ayratsizlik kishining diniga ham, dunyosiga ham foyda bermaydi. Uning kishi uchun dini va dunyosiga ko‘plab zararlari bor. Zotan xalq orasida na oilasiga va na o‘zgalarga foydasi tegadigan kishiga nisbatan e’tibor berilmaydi, u bilan do‘stlashilmaydi. Buning haqiqat ekaniga shubha qilmaymiz.

Dangasalikning zararlari:

  1. Ko‘plab savoblardan bebahra bo‘lish. Hayotda dangasa, behafsala kishi nafaqat dunyosi uchun balki oxirat uchun qilinadigan savobli ishlarni bajarishda ham sustkashlikka yo‘l qo‘yadi. Misol uchun namozni o‘z vaqtida ado qilmasdan hali o‘qiyman yoki hali vaqtim borku diya, o‘z vaqtidan qoldiradi yoki umuman o‘qimaydi. Kishining bu sifati faqatgina farzni bajarsam bo‘ldi deya, vojib, sunnat va nafl ibodatlarni tark qilishiga sabab bo‘ladi. Buning yana bir sababi vaqtini gunohu ma’siyatlarni qilish bilan o‘tkazganligidadir.
  2. Umr va salomatlikni boy berish. Inson uchun eng katta ne’matlardan biri uning umridir. Dangasa kishi ana shu ne’matni qadriga yetmay, uni tanballik yoki o‘ziga foyda bermaydigan, balki zarar beradigan ishlar bilan o‘tkazib yuboradi. Bora-bora bunday kishilar kunlarini, oylarini yoki yillarini foydasiz o‘tkazishga odatlanib qoladilar, hatto ajal soati kelganini bilmay qoladilar ham.

Shuningdek, inson uchun berilgan yana bir katta ne’mat bu salomatliklikdir. Kishini hayotda barcha savobli ishlarni amalga oshirishlari uchun albatta jismining salomatligi ham muhim. Masalan: namozda bemalol o‘tirib turish, ro‘za tutish hamda haj qilish kabi ibodatlarda quvvatga ega bo‘lish, Qur’on o‘qish, ta’lim olish va ta’lim berishdek ishlarda.

Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ikki ne’mat bor. Insonlardan ko‘pchiligi unga bee’tibordirlar. U: salomatlik va bo‘sh vaqt”, deganlar.

  1. Xasrat va nadomat

Albatta dangasalik kishining hayotlik chog‘ida ham, vafot etar soatida ham, hatto vafotidan keyin ham xasrat va nadomatiga sababchi bo‘lib qoladi. Bu borada Qur’oni karimda bunday deyilgan:

أَنْ تَقُولَ نَفْسٌ يَا حَسْرَتَا عَلَىٰ مَا فَرَّطْتُ فِي جَنْبِ اللَّهِ وَإِنْ كُنْتُ لَمِنَ السَّاخِرِينَ

Jon: «Alloh haqida yo‘l qo‘ygan kamchiliklarim uchun nadomat bo‘lsin. To‘g‘risi, men masxara qilguvchilardan bo‘lgan edim», demasidan oldin… (Zumar surasi, 56-oyat).

يَا وَيْلَتَىٰ لَيْتَنِي لَمْ أَتَّخِذْ فُلَانًا خَلِيلًا

“Ey voh!!! Koshki falonchini do‘st tutmasam edi” (Furqon surasi, 28-oyat).

يَقُولُ يَا لَيْتَنِي قَدَّمْتُ لِحَيَاتِ

“U, afsuski, (oxirat) hayotimga ham biror narsa taqdim qilsam bo‘lar ekan, deydir” (Fajr surasi, 24-oyat).

  1. G‘ofillik va qalbning muhrlanishi

Shuningdek, dangasalik kishining g‘aflatda qolishiga va qalbini muhrlanib, yaxshilik va xayrli ishlardan yuz o‘giradigan shaxsga aylanib qolishiga sabab bo‘ladi. Oxir oqibatda esa barcha yaxshiliklardan bebahra qoladi va gunoh-ma’siyatlarni qilishni yengil sanaydigan osiy bandaga aylanadi.

Bu borada Qur’oni karimda bunday deyilgan:

فَلَمَّا زَاغُوا أَزَاغَ اللَّهُ قُلُوبَهُمْ

“Ular (haqdan) burilgan edilar Alloh ularning qalbini burib qo‘ydi” (Sof surasi, 5-oyat).

سَأَصْرِفُ عَنْ آيَاتِيَ الَّذِينَ يَتَكَبَّرُونَ فِي الْأَرْضِ بِغَيْرِ الْحَقِّ وَإِنْ يَرَوْا كُلَّ آيَةٍ لَا يُؤْمِنُوا بِهَا وَإِنْ يَرَوْا سَبِيلَ الرُّشْدِ لَا يَتَّخِذُوهُ سَبِيلًا وَإِنْ يَرَوْا سَبِيلَ الْغَيِّ يَتَّخِذُوهُ سَبِيلًا ۚ ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمْ كَذَّبُوا بِآيَاتِنَا وَكَانُوا عَنْهَا غَافِلِينَ

“Endi yer yuzida nohaqdan mutakabbirlik qilayotganlarni, barcha oyatlarni ko‘rsalar ham, ularga iymon keltirmayotganlarni, to‘g‘rilik yo‘lini ko‘rsalar ham, uni o‘zlariga yo‘l tutmayotganlarni, agar adashuv yo‘lini ko‘rsalar, uni o‘zlariga yo‘l tutayotganlarni O‘z oyatlarimdan buraman. Bunday bo‘lishi ularning oyatlarimizni yolg‘onga chiqarishlari va ulardan g‘ofil bo‘lishlari sababidandir” (A’rof surasi, 146-oyat).

وَنُقَلِّبُ أَفْئِدَتَهُمْ وَأَبْصَارَهُمْ كَمَا لَمْ يُؤْمِنُوا بِهِ أَوَّلَ مَرَّةٍ وَنَذَرُهُمْ فِي طُغْيَانِهِمْ يَعْمَهُونَ

“Xuddi avval iymon keltirmaganlaridek, qalblari va ko‘zlarini burib qo‘yarmiz va tug‘yonlarida dovdiragan hollarida tek qo‘yarmiz” (An’om surasi, 110-oyat).

Alloh taolo barchamizni bu zararlardan yiroq qilsin!

Yahyo Abdurahmonov Ubaydulloh o‘g‘li,
“Shayx Zayniddin” masjidi imom-xatibi

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img