YangiliklarMahalliyFaoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorga soliq solingan

Faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorga soliq solingan

Yakka tartibdagi tadbirkor R.Akbarovning Yangiqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan hisoblangan 7 million so‘mga yaqin soliq qarzdorligidan norozi bo‘lib, Adliya vazirligiga “pm.gov.uz” portali orqali yo‘llagan murojaati Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, yakka tartibdagi tadbirkor R.Akbarov 2014 yil 21 sentyabrda “Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo qilish” faoliyat turi bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, 2014 yil 31 dekabrda o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgan.

Shuningdek, viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan 2021 yil 8 iyunda taqdim etilgan xatda 2014-2015 yillarda yakka tartibdagi tadbirkor R.Akbarov tomonidan tadbirkorlik faoliyati bir necha marta to‘xtatilib, qayta tiklanganligi va faoliyat turlari o‘zgartirilganligi, 2018 yil 5 iyulda “Milliy shirinliklar, qurt va pishloq mahsulotlari, non, qandolatchilik mahsulotlari tayyorlash va sotish” turi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tib, amal qilish muddati 2021 yil 31 iyulgacha bo‘lgan   guvohnoma olganligi, ushbu faoliyati 2019 yil 21 fevral kuni vaqtincha to‘xatilib, 2019 yil 1 noyabrdan qayta davom ettirilgan va 2020 yil 30 sentyabrda yana vaqtincha to‘xtatilgan.

U 2021 yil 1 martdan faoliyat turini “Qadoqlash uskunalaridan foydalanmagan holda uy sharoitida milliy shirinliklar, qandolat mahsulotlari, qurtni tayyorlash va sotish” turiga o‘zgartirib, qayta ro‘yxatdan o‘tgan hamda amal qilish muddati 2024 yil 31 martgacha bo‘lgan   guvohnoma olib, hozirda ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Taqdim etilgan hujjatlardan ko‘rinishicha, Namangan viloyat davlat soliq boshqarmasi ichki audit bo‘limi tomonidan 2020 yil oktabr oyida tuman DSIda o‘tkazilgan yalpi taftish davomida o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati o‘rganilgan.

O‘tkazilgan o‘rganish jarayonida yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan davrlarida tadbirkorlik uchun foydalanishga o‘rnatilgan elektr hisoblagich orqali hisobdan o‘tgan elektr iste’moli va elektr energiyasidan haqiqatda foydalanilganligi holati yuzasidan solishtirma tahlil o‘tkazilgan hamda ayrim tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda qat’iy daromad solig‘i va ijtimoiy (sug‘urta badali) to‘lovlar hisoblanishi lozim deb topilgan.

Xususan, yakka tartibdagi tadbirkor R.Akbarov tadbirkorlik faoliyatini   2015 yil 28 fevralda vaqtincha to‘xtatgan bo‘lsa-da, 2018 yil yanvar-iyun oylarida jami 813 kVt miqdorida, 2019 yil 29 aprelda faoliyatni vaqtincha to‘xtatgan bo‘lsa-da, 2019 yil may oyidan oktabr oyiga qadar jami 1 ming  576 kVt elektr energiyasi iste’moli aniqlangan.

Shunga ko‘ra, tadbirkorga qat’iy belgilangan daromad solig‘i     ijtimoiy (sug‘urta badali) uchun  umumiy hisobda 6 million 581 ming  618 so‘m soliq qarzdorligi mavjudligi ko‘rsatilgan.

Murojaatda ko‘rsatilgan  masala  adliya organining amaliy yordami bilan asoslovchi hujjatlarga aniqlik kiritish orqali  ijobiy hal etildi hamda yakka tartibdagi tadbirkorga qo‘shimcha hisoblangan soliqlar hisobdan chiqarilishi ta’minlandi.

Ulug‘bek  ISMATILLAYEV,
Namangan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img