YangiliklarMahalliyMAMLAKAT YURIDIK AMALIYOTIDA “LEGAL TECH”NING TUTGAN O‘RNI

MAMLAKAT YURIDIK AMALIYOTIDA “LEGAL TECH”NING TUTGAN O‘RNI

Ma’lumki, zamonaviy texnologiyalar bir joyda to‘xtab turmaydi ayniqsa, XXI asrda ular shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Bugungi globallashuv sharoitida IT rivojlanishi mamlakatlarning iqtisodiy o‘sish sur’atlariga keskin ta’sir o‘tkazmoqda. Hozirgi kunda “Digital Economy” (raqamli iqtisodiyot), “Blockchain” (blokcheyn), “Internet of things” (avtomatlashtirilgan internet tizim) “Artificial intelligence” (sun’iy intellekt), “Big Data” (katta ma’lumotlar) kabi ko‘plab iboralar zamonaviy inson hayotining ajralmas bo‘lagiga aylandi. IT kundalik hayotimizning barcha sohasini qamrab olmoqda.

Raqamli iqtisodiyot – bu iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalarni qo‘llash asosida amalga oshirish tizimidir.

Dunyoning mashhur “McKinsey” firmasi ekspertlarining baholashi bo‘yicha, bugungi kunda jahon YAIMning qariyb 10 foizi raqamli aktivlarga to‘g‘ri keladi, shu bilan birga, ularni ishlab chiqish sur’ati jahon iqtisodiy o‘sishining 30 foiziga teng. Raqamli aktivlarning rivojlanishi akselerator (tezlashtiruvchi) harakatiga o‘xshaydi.

Raqamli iqtisodiyot korrupsiya va “qora iqtisodiyot”ning ham asosiy kushandasidir. Chunki, raqamlar hamma narsani muhrlaydi, xotirada saqlaydi, kerak paytda ma’lumotlarni tez taqdim etadi. Bunday sharoitda biron ma’lumotni yashirish, yashirin bitimlar tuzish, u yoki bu faoliyat haqida to‘liq axborot bermaslikning iloji yo‘q, kompyuter hammasini namoyon qilib qo‘yadi. Ma’lumotlar ko‘pligi va tizimliligi yolg‘on va qing‘ir ishlarga yo‘l bermaydi, chunki tizimni aldash imkonsiz.

Ta’kidlab o‘tilganidek, axborot texnologiyalari har qanday sohaga kirib borishga ulgurgan. Yuridik soha ham bundan mustasno emas. Legal Tech (legal technology) – yuridik texnologiya, bu zamonaviy yurisprudensiyaning eng ilg‘or yo‘nalishlaridan biri xisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar huquqiy amaliyotida ushbu axborot texnologiyalari dasturlaridan unumli foydalanib kelinmoqda.

Legal Tech – bu yuridik sohani raqamli texnologiyalar bilan qamrab oluvchi, yuridik xizmatlarni avtomatlashtirilgan tarzda ko‘rsatish shuningdek, yuridik masalalarni raqamli texnologiyalar yordamida yechishga qaratilgan yurisprudensiya va axborot texnologiyalari soxalari uyg‘unligida hosil bo‘lgan yangi ilm-fan yo‘nalishidir. Hozirda, mazkur soha yurisprudensiyaga quyidagi ilg‘or texnologiyalarni joriy qilib kelmoqda: sun’iy intellekt; “big data” katta ma’lumotlar; avtomatlashtirilgan yuridik xizmat; robot yuristlar; “cyber justice” raqamlashtirilgan sudlov; blokcheyn texnologiyasi; “smart contract” aqilli kontrakt va boshqalar.

Hozirda, birgina blokcheyn texnologiyalaridan foydalanish amaliyoti yuridik sohada keng tarqab kelmoqda. Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasining Shenchjen shahri ma’muriyati blokcheyn texnologiyalaridan soliq tizimida foydalanishga birinchilardan bo‘lib qadam tashlagan.

Jinoyat protsessual qoidalarning tizimli ravishda buzilishi bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar, ushbu sohada ham zamonaviy Legal tech – huquqiy texnologiyalardan foydalanishni, eng avvalo, shaffof mexanizmlarni joriy etish orqali inson omilini kamaytirish zaruriyatini taqozo qiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyasini, shuningdek, protsessual qoidalarga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashdan iborat.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14-maydagi “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3723-sonli qarori bilan O‘zbekistonda elektron jinoyat ishini yuritish bo‘yicha dastlabki qadamlar tashlandi. Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish Konsepsiyasi tasdiqlangan bo‘lib, unda jinoyat ishini yuritish jarayoni, shu jumladan, jinoyat ishi bo‘yicha elektron ish yuritishda tartib-taomillarni qisqartirish va ortiqcha bosqichlarni chiqarib tashlash orqali optimallashtirish nazarda tutilgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, zamonaviy texnologiyalar jamiyatning barcha tarmoqlariga faoli kirib borayotgan davrda, yurisprudensiya ham ushbu texnologik yangilanishdan chetda qolmasligi zarur. Ayniqsa Legal tech huquqiy texnologiyalar mamlakatimizning huquqiy tizimiga kirib borish darajasi yuqori bo‘lishi zarur. Bugun mamlakatimizda yuridik xizmat va umuman yuriskonsultlarga bo‘lgan talab yuqori bo‘lsada, ularning sifati va ish natijalariga asosli e’tirozlar ko‘plab kuzatiladi. Ushbu vaziyatlarning oldini olish, yuridik xizmatlar sifatini oshirish, ularga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali huquqni qo‘llash amaliyotini birxillashtirish maqsadida yuqoridagi kabi yuridik texnologiyalarni amalga joriy qilish davlatimizning huquqiy siyosatini amalga oshirishining yangi bosqichga olib chiqadi. Raqamli texnologiyalardan foydalanish nafaqat huquqni qo‘llash balki, mamlakatimizda sud huquq tizimida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda asosiy vositalardan biri bo‘lishi zarur.

Maksudboy Sadikov, 

Toshkent davlat yuridik universitetining

Ixtisoslashtirilgan filiali o‘qituvchisi

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img