YangiliklarMahalliyTilbuzarlarga ham hustak kerak

Tilbuzarlarga ham hustak kerak

Davlat tili – muayyan mamlakatda qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyatlarida ish yuritish uchun rasmiy belgilangan til. Odatda, koʻp millatli mamlakatlarda, masalan, Hindiston, Kanada, Shveysariyada qaysi til yoki tillar rasmiy ekanligi konstitutsiyalarida belgilab qoʻyilgan. Davlatlarning koʻpchiligida rasmiy til bilan davlat tili aynan bir xildir. Faqat ayrim mamlakatlardagina rasmiy til maqomi davlat tili maqomidan farqlanadi. Masalan, Shveysariyada konstitutsiyaga binoan nemis, fransuz, italyan tillari –  rasmiy til; nemis, fransuz, italyan va retoroman tillari –  davlat tili sanaladi.

Oʻzbekistonda shoʻrolar hukmronligi paytida davlat tili haqida umuman gapirish ham mumkin boʻlmagan, aksincha, oʻzbek tilining ijtimoiy hayotda qoʻllanilishi tobora cheklanib qolgandi. Jamiyatni qayta qurish maʼnaviy poklanishni boshlab berdi. Uning natijasi oʻlaroq 1989-yil 21-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu qonun oʻzbek xalqi milliy ongining rivojlanishida, mamlakat mustaqilligi mustahkamlanishida, madaniy merosning tiklanishida muhim rol oʻynadi. Mazkur qonun qoidalari Oʻzbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlab qoʻyildi. Konstitutsiyaning 4-moddasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir. Qoraqalpogʻistonda bunday maqom qoraqalpoq tiliga ham berilgan. Mamlakatda yuz berayotgan real jarayonlar va imkoniyatlarni hisobga olib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini uzil-kesil joriy etishni bosqichma bosqich amalga oshirib borish vazifasi til islohoti bilan bogʻliq masalalarga zarur tuzatishlar kiritish ehtiyojini tugʻdirdi va qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning koʻpgina moddalariga oʻzgartirishlar hamda qoʻshimchalar kiritishni taqozo etdi. Natijada 1995-yil 22-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Oʻzbek tilining Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu qonun va boshqa qonunlar bilan belgilandi.

“Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinganiga 30 yildan oshdi. Shu davr ichida o‘zbek tilining davlat tili sifatida maqomi  mustahkamlandimi?

Bu qonun oʻz vaqtida xalqimizning Istiqlolga boʻlgan umid-ishonchini, milliy gʻurur tuygʻusini kuchaytirdi, mustaqilligimizning oʻziga xos poydevori vazifasini bajardi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Yurtimiz ozodlikka erishgach, oʻz ona tilimizda emin-erkin soʻzlash huquqiga ega boʻldik, tilimizning kamsitilishiga chek qoʻyildi. O‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biri aylandi. Nufuzli xalqaro minbarlarda oʻzbekcha soʻzlarimiz yangray boshladi, tilimizni oʻrganishga qiziquvchi xorijliklar koʻpaydi. Oʻzbek tilida chop etilayotgan matbuot nashrlari, kitoblarning turi va adadi keskin darajada oshdi. Zamonaviy axborot texnologiyasi boʻyicha oʻzbekcha dasturlar paydo boʻldi va hokazo. Shubhasiz, bu jarayonda bundan oʻttiz ikki yil avval qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning xizmati katta boʻldi. Ammo shu bilan birga, tan olish kerakki, bu muhim hujjatda aks etgan bandlar ijrosini oʻtgan yillar davomida hamisha ham taʼminlay oldik, deya olmaymiz.

Ko‘cha-ko‘ydagi peshlavhalarda, reklama va e’lonlarda, korxona-tashkilotlarda, davlat idoralaridagi yozuvlar o‘zbek (davlat) tilida yozilayotganligi barchamizni quvontiradi. Ammo muammo aksariyat qonunlar, hujjatlar, ish yuritish qog‘ozlari, reklama va e’lonlar hamon rus tilida yozilayotganida. Davlat tiliga doir qonun ijrosining nazoratsizligi, hukumatda ish yuritish, qonunlar yozilishida rus tilidan voz kechilmaganligi  rus tiliga rasmiy maqom berish tashabbusi ko‘tarilishiga ham sabab bo‘ldi.

Shunigdek, peshlavhalarda, reklama va e’lonlardagi yozuvlar xatolar bilan yozilganiga ko‘zingiz tushadi. So‘zlarni yozish bilan bog‘liq orgografik xatoliklar, noto‘g‘ri qo‘llash, noto‘g‘ri tarjima qilish bilan bog‘liq uslubiy xatoliklar, tinish belgilarini qo‘llashdagi xatoliklar juda ko‘p uchraydi. Bunday xatoliklarning aksariyati esa lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosida bitilgan so‘zlar bilan bog‘liq. Xato va mantiqsiz birikmalar yozilgan peshlavhalarning jamoat joylarida, turli muassasa-tashkilotlar binosining peshtoqi yoki boshqa ko‘zga tashlanadigan joylarda turishi har qanday ma’rifatli kishi ko‘ngliga ozor yetkazishi, shubhasiz. Eng achinarlisi, bugun bunday bilimsizlik va e’tiborsizlik tufayli til bilan bog‘liq xatoliklarni har qadamda uchratish mumkin. Bu umuman adabiy tilga bo‘lgan umumiy munosabatni bildiradi. O‘zbek tili hozirgi zamon talablariga javob bera oladigan, boshqa adabiy tillar bilan bir safda tura oladigan til bo‘lishini xohlardim.

Oradan 32 yil vaqt o‘tib o‘zbek adabiy tili davlat tili maqomiga to‘liq ko‘tarila olgani yo‘q. Chunki aksariyat yurtdoshlarimiz o‘z kelajagini o‘zbek tilini mukammal bilish emas, rus va boshqa xorij tillarini o‘rganishda ko‘rmoqda. Reklama va e’lonlar emas, davlat hujjatlarini yozayotgan mutaxassislarning ko‘pi rus tilida tahsil olgan va o‘zbek tilida savodi yo‘q.

Bugun ko‘chalarimizdagi afisha, reklama va e’lonlarga qaraganimizda ingliz, rus tillarida aralashtirib yozilgan jumlalarni ham ko‘rishimiz mumkin. Reklamalarda o‘zbek tilidagi so‘zlarning muqobilidan foydalanib, mahsulotning foydaliligi haqida aholiga axborot berish mumkin-ku! Bunda tadbirkor reklama orqali o‘zbek tilidan unumli foydalanishi kerak.

Umuman olganda, davlat tili maqomiga ega tilimiz rivoji, uni asrash va taraqqiy ettirish har bir fuqaroning burchidir.

Abdulla Qahhor:
“Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hustak chalmaydi”.

Zebinisa Xakimova,
Davlat xizmatlari agentligi masʼul xodimi

 

Алоқадор мақолалар

Сўнгги янгиликлар

spot_img