Mamlakat taraqqiyotida tadbirkor va ishbilarmonlarning oʻrni katta. Shu maʼnoda bugungi kunda kichik biznes rivojiga alohida eʼtibor qaratilib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlanyapti. Ayniqsa, adliya boshqarmasi va tuman, shahar adliya boʻlimlari tomonidan tadbirkorlarning huquq va manfaatlari qonuniy himoya qilib kelinmoqda.
Pop tumani adliya boʻlimi ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini hal etish, ularni qiynab kelayotgan muammolarini bartaraf qilish, shuningdek ularning faoliyatiga doir masalalarda huquqiy maslahatlar berib bormoqda.
Tuman adliya boʻlimiga “GLOBEL FINANCT-HOLDING” maʼsuliyati cheklangan jamiyati rahbarining “Qamchiqavtoyoʻl” IYFUK tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlanmaganidan norozi boʻlib qilgan murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaat oʻrganilganda quyidagilar aniqlandi.
Jumladan, MChJ va “Qamchiqavtoyoʻl” IYFUK oʻrtasida 2022-yil 17-iyunda oʻzaro pudrat shartnomalari tuzilgan.
Shartnomalarga koʻra, jamiyat tomonidan jami 1.674.260.509 soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlari bajarilgan. Biroq, qarzdor tomonidan bajarilgan ishlar qabul qilib olingan boʻlsada, ishlar qiymati hozirga qadar toʻlab berilmagan.
Nizoni sudgacha hal etish uchun jamiyat tomonidan javobgarga qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan joriy yilning 1-fevral kuni talabnoma berilgan, biroq talabnoma oqibatsiz qoldirilgan.
Ushbu holat yuzasidan tuman adliya boʻlimi tomonidan tadbirkorlik subʼyekti manfaatlarini himoya qilib, buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan Chust tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Sud tomonidan mazkur iqtisodiy nizo koʻrib chiqildi va daʼvo qanoatlantirildi. Unga koʻra, “Qamchiqavtoyoʻl” IYFUK dan MChJ foydasiga 1.674.260.509 soʻm undirish yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilindi.
Albatta, adliya tizimidagi islohotlardan koʻzlangan maqsad “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.